Bugun, 15 mart, soat 9:30 da “Imom Buxoriy merosining o'ziga xos-xususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati” mavzusidagi xalqaro anjuman ishtirokchilarini ro'yxatga olish yakunlanib, anjumanning asosiy qismi boshlandi.
Anjumanga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov moderatorlik qilmoqda.
Nufuzli tadbir Qur'oni karim tilovati va O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining xayrli duolari bilan boshlandi.
Dastlab ishtirokchilarga O'zbekistondagi diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar to'g'risidagi maxsus fil'm namoyish etildi.
Shundan so'ng unda ishtirok etayotgan O'zbekiston, Afg'oniston va Tojikistondagi diniy soha rahbarlari, etuk ulamolar, mutaxassis va mutasaddi vakillari navbat bilan anjuman mavzusiga doir ma'ruzalar bilan chiqish qilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati