Habaringiz bor, ertaga, 15 mart kuni Samarqand viloyatida “Imom Buxoriy merosining o'ziga xos xususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati” mavzusida o'tkaziladigan xalqaro anjumanda qatnashadigan Tojikiston va Afg'oniston delegatsiyasi vakillari yurtimizga tashrif buyurishgan.
Mehmonlar bugun kunning ikkinchi yarmida Samarqandning diqqatga sazovor tarixiy obidalari va zamonaviy inshootlariga sayohatini davom ettirdilar. Jumladan, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilishdi, Qur'on tilovat qilinib, buyuk muhaddis bobomiz haqiga bag'ishlandi.
Shundan so'ng mehmonlar Hadis ilmi maktabi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida talabalar va ilmiy tadqiqotchi olimlarga qilingan sharoitlar va ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishdi.
Dastlab mehmonlar Hadis ilmi maktabidagi sharoitlarni ko'zdan kechirishdi. Maktabning tashkil etilish maqsadlari va kelajakda kutilayotgan natijalar, maktabda talabalarning o'qishga qabul qilish tizimi va mutaxassislik, o'quv rejasidagi fanlar va o'quv adabiyotlari tarkibi hamda uni islom olamidagi nufuzli ulamolar tomonidan e'tirof etilganligi, o'qitishda qo'llaniladigan zamonaviy metodlar haqida ma'lumot berildi.
Tashrif davomida ulamolar talaba-yoshlar bilan suhbat qurishdi, ularga ilmiy savol berishdi. Talabalarning mavzuning mohiyatini yaxshi anglagan holda, aniq, lo'nda va tezda bergan javobidan mamnun bo'lishib, ularning bilim va malakasiga tahsin aytishib, albatta, ushbu oliygohdan kelajakda yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulamolar etishib chiqishiga ishonch bildirdilar.
Shuningdek, qardosh xalqlar ulamolari ta'lim sifatini yanada oshirish uchun o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdi, qo'shimcha o'quv darsliklarini o'qish bo'yicha tavsiyalar berdilar.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo'lgan mehmonlar bu erda ilmiy-tadqiqotchilarga qilingan sharoit, amalga oshirilgan xayrli ishlar bilan tanishish asnosida markazning tashkil etilishi, maqsad va vazifalari, xalqaro hamkorlik va ilmiy-tadqiqot yo'nalishida olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumotlarga ega bo'lishdi.
Safar jarayonlari va xalqaro anjuman haqidagi ma'lumotlarni saytimizda kuzatib boring.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Tarixchilar Usmonli sultonlarining haj ziyoratiga bormaganiga ikki sababni ko‘rsatadilar:
1. Xavfsizlik muammolari:
Sultonlar haj safariga borishda xavfsizlik muammolariga duch kelgan bo‘lishlari mumkin. Ular uchun hajga borish oddiy odamlarnikidan farqli ravishda murakkab bo‘lgan, chunki sultonning yo‘lda hujumga uchrash xavfi katta edi. Bu holat katta qo‘shin bilan safar qilishni talab qilardi. Haj niyatida yo‘lga chiqib qon to‘kishga sabab bo‘lmasligini afzal bilganlar.
2. Davlat boshqaruvidagi mas’uliyat:
Sultonlar mamlakatni muddatsiz tark etish xavfli deb hisoblashgan. Haj safarlari bir necha oy davom etgani sababli, davlatni hukmdorsiz qoldirish anarxiya va siyosiy beqarorlikka olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun sultonlar haj o‘rniga davlat boshqaruvi va xarbiy yurishlarga ustunlik berganlar.
Vaqt o‘tishi bilan Usmonlilar sulolasiga bu an’anaga aylandi. Sultonlar “hajji badal” qilishni tayinlagan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, Usmoniy sultonlari Makka va Madinaga doim e’tibor qaratgan. Ular har yili xayriya karvonlarini jo‘natib, muqaddas shaharlarning aholisiga moliyaviy yordam ko‘rsatganlar va Haramayn masjidlarini ta’mirlab, kengaytirib turganlar.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.