Shu yil 13-14 mart kunlari Qohirada Misr Arab Respublikasi Vaqf va Islom ishlari vazirligi tashkil etadigan “Dinlar va madaniyatlar muloqoti” mavzusidagi Islom ishlari bo'yicha Oliy Kengashning 31-xalqaro anjumani o'z ishini boshlaydi.
Misr Arab Respublikasi Vaqf va Islom ishlari vaziri, doktor Muhammad Muxtor Juma ushbu anjumanda 35 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etishi, unda ilmiy ishlar muhokama qilinishi, madaniyat va dinlar o'rtasidagi muloqotni mustahkamlashga qaratilgan mavzularda suhbatlar olib borilishini ma'lum qildi.
Anjuman doirasida Misr Vaqflar vazirligi xorijiy tillarga tarjima qilgan nashrlar taqdimoti bo'lib o'tadi. Shuningdek, chet tillarini biladigan imom-xatiblarni xorijga yuborish bilan bog'liq masalalar o'rganiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Halqaro aloqalar bo'limi
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati