Shu yil 13-14 mart kunlari Qohirada Misr Arab Respublikasi Vaqf va Islom ishlari vazirligi tashkil etadigan “Dinlar va madaniyatlar muloqoti” mavzusidagi Islom ishlari bo'yicha Oliy Kengashning 31-xalqaro anjumani o'z ishini boshlaydi.
Misr Arab Respublikasi Vaqf va Islom ishlari vaziri, doktor Muhammad Muxtor Juma ushbu anjumanda 35 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etishi, unda ilmiy ishlar muhokama qilinishi, madaniyat va dinlar o'rtasidagi muloqotni mustahkamlashga qaratilgan mavzularda suhbatlar olib borilishini ma'lum qildi.
Anjuman doirasida Misr Vaqflar vazirligi xorijiy tillarga tarjima qilgan nashrlar taqdimoti bo'lib o'tadi. Shuningdek, chet tillarini biladigan imom-xatiblarni xorijga yuborish bilan bog'liq masalalar o'rganiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Halqaro aloqalar bo'limi
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati