Habar berganimizdek, bugun, 14 mart kuni Tojikiston va Afg'oniston delegatsiyasi Samarqandda Imom Buxoriy merosiga bag'ishlangan xalqaro anjumanda qatnashish uchun yurtimizga keldi. Martabali mehmonlarni mamlakatimiz Diniy soha rahbarlari yuqori darajada kutib oldilar.
13 mart kuni yurtimizga kelgan Afg'onistonlik mehmonlar dastlab Imom Termiziy majmuasiga tashrif buyurib, u kishining maqbaralarini ziyorat qildilar. Shundan so'ng delegatsiya vakillari Termizdan Samarqand shahriga etib keldilar.
Yurtimiz Diniy soha vakillari hamroxligida Tojikiston va Afg'oniston delegatsiyasi Samarqand shahridagi diqqatga savovor joylarni, jumladan, Registon maydoni, Guri amir maqbarasi hamda Shohi Zinda majmuasini ziyorat qilishdi.
Ziyorat davomida Qur'on tilovat qilinib, xayrli duolar qilindi. Mehmonlarga muborak qadamjolar, ularni obod qilish va kelgusi avlodga bus-butun etkazish bo'yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida ma'lumot berildi.
Shundan so'ng uch qardosh xalq ulamolari “Shohi Zinda” jome masjidida peshin namozini o'qishib, jamoat bilan xayrli duolar qildilar.
Safar jarayonlari va anjuman haqidagi ma'lumotlarni saytimizda kuzatib boring.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu yil 16 aprel kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Qatar Davlati vaqf va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin al-G‘anim boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Taniqli olimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Akademiya prorektorlari – Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Salim Dusanov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi katta o‘qituvchisi Bahodir Pirmuhamedov kutib oldi.
Uchrashuv avvalida Akademiya rektori Muzaffar Komilov hurmatli mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirdi.
Muassasaning tashkil etilishi tarixi, ilmiy faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Akademiya davlat ta’lim muassasasi sifatida ta’sis etilgani, unda uzluksiz ta’lim yo‘lga qo‘yilgani, diniy va dunyoviy fanlar asosida ta’lim berilishini qayd etdi.
O‘z navbatida G‘anim bin Shahin al-G‘anim mehmondo‘st va ulug‘ allomalar yurti bo‘lgan O‘zbekistonga tashrifidan mamnunligini, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy-ma’rifiy soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor kun kelib, ajdodlariga munosib avlodlar yetishishiga zamin bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘rtasidagi do‘stona muloqot, samimiy hamkorlik tobora kuchayib borayotgani e’tirof etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Samimiy muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilindi.
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar "Manbalar xazinasi" bo‘limida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan islom diniga oid nodir qo‘lyozma va toshbosma asarlar, "Usmon Mus'hafi" hamda "Langar Qur’oni"ning nusxalari bilan tanishdilar.
Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari ko‘rsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
iiau.uz