Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2024   |   29 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2024, 29 Jumadul soni, 1446

E'tiqod durdonlari: PAYG'AMBARLAR VA FARIShTALARGA IYMON KYeLTIRISh BAYoNI

13.03.2021   4000   28 min.
E'tiqod durdonlari: PAYG'AMBARLAR VA FARIShTALARGA IYMON KYeLTIRISh BAYoNI

23- وَفَرْضٌ لاَزِمٌ تَصْدِيقُ رُسْلٍ     وَأَمْلاَكٍ كِرَامٍ بِالنَّوَالِ

 

Ma'nolar tarjimasi:

Rasullarni va in'omlar bilan ulug'langan farishtalarni tasdiqlash lozim farzdir.

 

Nazmiy bayoni:

Farzu lozim erur tasdiqlash rasullarni,

Ham in'omlar-la sharaflangan malaklarni.

 

Lug'atlar izohi:

فَرْضٌ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar. Farz kalimasi lug'atda “vazifa qilib belgilash” ma'nosiga to'g'ri keladi. Istilohda esa shak-shubhasiz qat'i dalil bilan sobit bo'lgan hukm farz deyiladi. Farz ikki xil bo'ladi:

  1. Farzi ayn. Har bir aqli raso balog'atga etgan musulmonga bajarish vazifa qilib belgilangan hukm farzi ayn deyiladi. Masalan, iymon keltirish;
  2. Farzi kifoya. Musulmonlarning umumiy jamoasiga vazifa qilib belgilangan hukm farzi kifoya deyiladi. Masalan, janoza namozi o'qish.

لاَزِمٌ – lozim lug'atda “zarur”, “kerakli” ma'nolariga to'g'ri keladi. Istilohda “ma'lum bir narsadan ajralishi mumkin bo'lmagan narsa  lozim deyiladi”. Masalan, 4 sonining teng 2 ga bo'linishdan ajralishi aqlan mumkin emas. Shunga ko'ra 4 sonining teng 2 ga bo'linishi lozim hisoblanadi. 

تَصْدِيقُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Lug'atda rost deb bilish, qalban ishonish ma'nolarini anglatadi.

رُسْلٍ – muzofun ilayh. Nazm zarurati uchun o'rtasi sukunli qilib keltirilgan. Aslida, رُسُلٍ dir.

وَ – mutlaq jamlash uchun keltirilgan atf harfi.

اَمْلاَكٍ – bu kalima aslida,   مَلَكٌ ning emas, balki مَلِكٌ ning ko'plik shaklidir. Lekin Nozim nazm zarurati uchun ushbu shaklda keltirgan.

كِرَامٍ – bu kalima كَرِيمٌ ning ko'plik shakli bo'lib,  اَمْلاَكٍ ga sifat bo'lib kelgan. كَرِيمٌ kalimasi har bir narsaning eng yaxshisiga va rozi bo'linadigan va maqtaladigan narsalarga nisbatan ishlatiladi. 

بِ – “tab'iyz” (bo'laklarga ajratish) ma'nosida kelgan jor harfi.

النَّوَالِ – jor va majrur كِرَامٍ ga mutaalliqdir. Lug'atda “tortiq”, “hadya” kabi ma'nolarni anglatadi.

 

Matn sharhi:

Payg'ambarlar va Farishtalarni tasdiqlash har bir mo'min kishiga farzi ayn bo'lganidan “farzu lozim erur” deya ta'kidlandi.

Alloh taolo bashariyatga ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchi payg'ambarlar yuborganiga shak-shubhasiz ishonish, iymon ruknlaridan biri hisoblanadi. Payg'ambar so'zi arab tilida “rasul” yoki “nabiy” deb ifodalanadi. Bu ikki ism o'rtasida quyidagicha farq bor: Rasul lug'atda “elchi” “vakil” kabi ma'nolarni anglatadi.

 Istilohda esa “Alloh taolodan shariat vahiy qilingan va uni etkazishga buyurilgan inson, rasul deb ataladi”.

Rasullarning risolatni etkazishga buyurilganlariga ushbu oyatlar dalildir:

﴿ٱلَّذِينَ يُبَلِّغُونَ رِسَٰلَٰتِ ٱللَّهِ وَيَخۡشَوۡنَهُۥ وَلَا يَخۡشَوۡنَ أَحَدًا إِلَّا ٱللَّهَۗ وَكَفَىٰ بِٱللَّهِ حَسِيبٗا٣٩

“Ular Allohning elchiligini etkazadigan, Undan qo'rqadigan, Allohdan boshqa hech kimdan qo'rqmaydigan zotlardir. Allohning o'zi hisob qilguvchilikka kifoyadir”[1].

Muhammad sollallohu alayhi vasallamga shunday xitob qilingan:

﴿۞يَٰٓأَيُّهَا ٱلرَّسُولُ بَلِّغۡ مَآ أُنزِلَ إِلَيۡكَ مِن رَّبِّكَۖ وَإِن لَّمۡ تَفۡعَلۡ فَمَا بَلَّغۡتَ رِسَالَتَهُۥۚ وَٱللَّهُ يَعۡصِمُكَ مِنَ ٱلنَّاسِۗ إِنَّ ٱللَّهَ لَا يَهۡدِي ٱلۡقَوۡمَ ٱلۡكَٰفِرِينَ٦٧

“Ey Payg'ambar! Senga Robbingdan nozil qilingan narsani etkaz. Agar shunday qilmasang, Uning elchiligini etkazmagan bo'lasan. Alloh seni odamlar (zarari)dan saqlar. Albatta, Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas”[2]

Nabiy so'zi lug'atda, “baland bo'lmoq”, “ma'lumot”, “xabar”, “yangilik” kabi ma'nolarni anglatadi.

Istilohda esa “Alloh taolodan shariat vahiy qilingan, lekin uni etkazishga mas'ul qilinmagan inson, nabiy deb ataladi”.

“Rasullik martabasi nabiylik martabasidan oliy hisoblanadi. Chunki barcha rasullar nabiy ham sanaladi, ammo nabiylar rasul sanalmaydi. Payg'ambarlarning adadi aniq ma'lum emas. Ammo ba'zi asarlarda ularning adadlari 120 mingdan ortiq ekani xabar berilgan. Rasullarning adadi ozdir. Qur'oni karimda zikr qilinganlariga batafsil iymon keltirish vojib bo'ladi, ular 25 ta bo'lib, barchalari rasuldirlar” [3]

 

Qur'onda zikr qilingan payg'ambarlar

Qur'oni karimda 25  nafar payg'ambarlarning nomlari zikr qilingan:

  1. Odam; 2. Idris; 3. Nuh; 4. Hud; 5. Solih; 6. Ibrohim; 7. Lut; 8. Ismoil; 9. Ishoq; 10. Ya'qub; 11. Yusuf; 12. Ayyub; 13. Shuayb; 14. Muso; 15. Horun; 16. Yunus; 17. Dovud; 18. Sulaymon; 19. Ilyos; 20. Al-Yasa'; 21. Zakariyo; 22. Yahyo; 23. Zul-kifl; 24. Iso va 25. Muhammad alayhissalomlar.

An'om surasida 18 nafar payg'ambar alayhissalomlarning nomlari ketma-ket  zikr qilingan: 

﴿وَتِلۡكَ حُجَّتُنَآ ءَاتَيۡنَٰهَآ إِبۡرَٰهِيمَ عَلَىٰ قَوۡمِهِۦۚ نَرۡفَعُ دَرَجَٰتٖ مَّن نَّشَآءُۗ إِنَّ رَبَّكَ حَكِيمٌ عَلِيمٞ٨٣ وَوَهَبۡنَا لَهُۥٓ إِسۡحَٰقَ وَيَعۡقُوبَۚ كُلًّا هَدَيۡنَاۚ وَنُوحًا هَدَيۡنَا مِن قَبۡلُۖ وَمِن ذُرِّيَّتِهِۦ دَاوُۥدَ وَسُلَيۡمَٰنَ وَأَيُّوبَ وَيُوسُفَ وَمُوسَىٰ وَهَٰرُونَۚ وَكَذَٰلِكَ نَجۡزِي ٱلۡمُحۡسِنِينَ٨٤ وَزَكَرِيَّا وَيَحۡيَىٰ وَعِيسَىٰ وَإِلۡيَاسَۖ كُلّٞ مِّنَ ٱلصَّٰلِحِينَ٨٥ وَإِسۡمَٰعِيلَ وَٱلۡيَسَعَ وَيُونُسَ وَلُوطٗاۚ وَكُلّٗا فَضَّلۡنَا عَلَى ٱلۡعَٰلَمِينَ٨٦

“Ana o'shalar, Ibrohimga qavmiga qarshi (tortishuvda) bergan hujjatlarimizdir. Kimni xohlasak, darajasini ko'taramiz. Albatta, Robbing hikmatli va yaxshi biluvchi Zotdir. Va Biz unga (Ibrohimga) Ishoq va Ya'qubni berdik. Barchalarini hidoyat qildik. Bundan oldin Nuhni ham hidoyat qilgan edik. Va uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni ham (hidoyat qildik). Chiroyli ish qiluvchilarni ana shunday mukofotlarmiz. Va Zakariyo, Yahyo, Iso va Ilyosni ham. Hammalari ahli solihlardir. Va Ismoil, al-Yasa', Yunus va Lutni ham. Barchalarini butun olamlardan afzal qildik”[4].     

Qolganlarining nomlari esa Qur'onda turli o'rinlarda zikr qilingan:

﴿وَإِلَىٰ عَادٍ أَخَاهُمۡ هُودٗاۚ

“Od (qabilasi)ga birodarlari Hudni (payg'ambar etib yubordik)”[5].

﴿۞وَإِلَىٰ مَدۡيَنَ أَخَاهُمۡ شُعَيۡبٗاۚ

“Madyan (qavmi)ga birodari Shuaybni (elchi – payg'ambar etib yubordik)”[6].

﴿۞إِنَّ ٱللَّهَ ٱصۡطَفَىٰٓ ءَادَمَ وَنُوحٗا وَءَالَ إِبۡرَٰهِيمَ وَءَالَ عِمۡرَٰنَ عَلَى ٱلۡعَٰلَمِينَ٣٣

“Albatta, Alloh Odam va Nuhni hamda Ibrohim va Imron avlodlarini olamlar uzra (payg'ambarlik uchun) tanladi”[7].   

﴿وَإِسۡمَٰعِيلَ وَإِدۡرِيسَ وَذَا ٱلۡكِفۡلِۖ كُلّٞ مِّنَ ٱلصَّٰبِرِينَ٨٥

“Ismoil, Idris va Zul-kiflni (eslang). Barchalari sabr qiluvchilardandir”[8]

﴿مُّحَمَّدٞ رَّسُولُ ٱللَّهِۚ

“Muhammad Allohning rasulidir”[9].  

Muhammad Ali Sobuniy “Nubuvvat val anbiya” (Payg'ambarlik va payg'ambarlar) kitobida Qur'oni karimda zikr qilingan payg'ambarlar hamda ularlarning xususiyatlari haqida batafsil bayon qilgan.  

 

Payg'ambarlarga iymon keltirish tushunchasi

Payg'ambarlarga iymon keltirish hamda ularni tasdiqlash quyidagi tushunchalarni o'z ichiga oladi:

– Barcha payg'ambarlar bashariyatni Alloh taologa ibodat qilishga chaqirish uchun yuborilgan;

– Barcha payg'ambarlar o'zlariga topshirilgan vazifalarni to'la-to'kis ado etgan;

– Barcha payg'ambarlarga itoat etish va birortasiga ham qarshi chiqmaslik vojibdir. Chunki ularga itoat etish Allohga itoat etish  hisoblanadi;

– Barcha payg'ambarlar insoniyatning eng rostgo'ylari, eng xulqi go'zallari, ilm jihatidan ham, amal jihatidan ham eng afzali bo'lganlar;

– Barcha payg'ambarlar erkak jinsidan bo'lganlar, farishtalardan ham, ayollardan ham bo'lmaganlar;.

– Alloh taolo biror payg'ambarni insoniyat tabiatidan boshqa tabiat bilan xoslamagan. Ularning barchalari oddiy insonlar kabi eb-ichadigan, bozorda yuradigan, uxlaydigan, kuladigan va aziyatlarga uchraydigan kishilar bo'lganlar.Ular kasal ham bo'lgan, hatto ba'zilari nohaq qatl ham etilgan. Insonga etishi mumkin bo'lgan aziyatlar ularga ham etgan, biroq bu narsalarning birortasi ularning oliy martabalariga nuqson etkazmagan;

– Alloh taolo payg'ambarlarni O'zining haqiqiy elchilari ekanlarini tasdiqlab, ularni mo''jiza bilan qo'llab-quvvatlagan;

– Payg'ambarlarning eng afzali Muhammad alayhissalomdir. Bu haqida hadisi sharifda shunday xabar berilgan:

فُضِّلْتُ عَلَى الاَنْبِيَاءِ بِسِتٍّ اُعْطِيَتُ جَوَامِعَ الْكَلِمِ وَ نُصِرْتُ بِالرُّعْبِ وَ اُحِلَّتْ لِى الْغَنَائِمُ وَ جُعِلَتْ لِى الاَرْضُ مَسْجِدًا وَ طَهُورًا وَ اُرْسِلْتُ اِلَى الْخَلْقِ كَافَّةً وَ خُتِمَ بِى النَّبِيُّونَ.  رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِرْمِذِىُّ

“Payg'ambarlardan olti narsada afzal ko'rildim:

  1. Menga sermazmun nutq ato qilindi;
  2. Qo'rqinch bilan yordam berildim;
  3. Menga o'ljalar halol qilindi;
  4. Menga er masjid va poklovchi qilindi;
  5. Barcha xaloyiqqa (payg'ambar etib) yuborildim;
  6. Men bilan payg'ambarlar nihoyalandi”.Muslim va Termiziy rivoyat qilgan.

 

Payg'ambarlarning umumiy adadi haqida e'tiqodimiz

Moturidiya mazhabining mo''tabar ulamolaridan bo'lgan Najmiddin Umar Nasafiy “Aqoidun Nasafiya” asarida  payg'ambarlarning umumiy adadi haqida shunday degan:  

وَقَدْ رُوِيَ بَيَانُ عَدَدِهِمْ فِى بَعْضِ الْاَحَادِيثِ وَالْاَوْلَى اَنْ لاَ يُقْتَصَرَ عَلَى عَدَدٍ فِى التَّسْمِيَةِ فَقَدْ قَالَ اللَّهُ تَعَالَى ﮋ ﭖ  ﭗ  ﭘ  ﭙ   ﭚ  ﭛ  ﭜ  ﭝ  ﭞﮊ وَلَا يُؤْمَنُ فِى ذِكْرِ الْعَدَدِ أَنْ يُدْخِلَ فِيهِمْ مَنْ لَيْسَ مِنْهَمْ اَوْ يُخْرِجَ مِنْهُمْ مَنْ هُوَ فِيهِمْ

“Albatta, ba'zi hadislarda ularning adadlari bayoni rivoyat qilingan. Afzalrog'i ularni ma'lum adadga cheklamaslikdir. Chunki Alloh taolo: “Ulardan kimningdir qissasini senga aytdik va ulardan kimningdir qissasini senga aytmadik”[10], – degan. (Shunga ko'ra) adad zikr qilinsa, ulardan bo'lmaganni ular safiga kiritib qo'yish yoki ulardan birini ular safidan chiqarib yuborish (ehtimoli)dan omonda bo'linmaydi”.

Ushbu o'rinda payg'ambarlarning adadi haqidagi mashhur savolning javobini bilib qo'yish lozim bo'ladi. Ya'ni “payg'ambarlarning adadi haqida hadisi sharifda xabar berilgan bo'lsa, o'sha hadisda aytilgan adadni tayin qilish vojib bo'lmaydimi? Agar vojib bo'lmaydi, deyilsa, hadisda bayon qilingan narsaga e'tiqod qilish vojib emas degan gap bo'lib qoladi-ku, buni qanday tushunish mumkin?

Bu savolga ulamolar quyidagicha javob berganlar:

– mazkur hadis maqbul hadis bo'lgan taqdirda ham “xabaru vohid” hisoblanadi. “Habaru vohid” esa e'tiqodiy qat'ilikni ifodalamaydi, balki “zon”ni ifodalaydi. “Zon” bilan esa qat'i e'tiqod sobit bo'lmaydi;

– mazkur hadis qat'ilikni ifodalagan taqdirda ham, payg'ambarlarning adadi haqidagi rivoyatlar quvvatlari bir xil bo'lgani uchun o'zaro taoruz (qarama-qarshi) bo'lib qolgan;     

– “Hobarul vohid”ning maqbul bo'lish sharti Qur'onning zohiriga zid bo'lmaslik kerak. Mazkur hadis esa “ulardan kimningdir qissasini senga aytmadik” ma'nosidagi oyatga zohiran zid bo'lib qolgan. 

Shuning uchun payg'ambarlarning adadi haqida gapirilganda ularni ma'lum bir adadga cheklamasdan Alloh taolo qancha payg'ambar yuborgan bo'lsa, barchasiga iymon keltirdim, deyiladi.   

 

Farishtalarga iymon keltirish tushunchasi

O'shiy rahmatullohi alayh so'zlarining davomida “ham in'omlar-la sharaflangan malaklarni” deya farishtalarni tasdiqlash ham farzu lozim ekanini bayon qilgan. Farishtalar Alloh taologa isyon qilmaydigan, insonlar nafas olishdan charchamaganlari singari ular ham toat-ibodatdan charchamaydigan zotlardir. Ular erkaklik bilan ham, ayollik bilan ham vasf qilinmaydi. Ularning jismlari nurdan yaratilgan bo'lib, turli shakllarga kira olish salohiyatiga egadirlar. Ular mazkur imtiyozlardan tashqari ham ko'plab fazilatlar berilgan hurmatli zotlardir.   

Farishtalarning borligiga qat'i ishonish iymon ruknlaridan biri hisoblanadi. Qur'oni karimda ham, hadisi shariflarda ham  farishtalarga iymon keltirish haqida juda ko'plab xabarlar kelgan:

﴿ءَامَنَ ٱلرَّسُولُ بِمَآ أُنزِلَ إِلَيۡهِ مِن رَّبِّهِۦ وَٱلۡمُؤۡمِنُونَۚ كُلٌّ ءَامَنَ بِٱللَّهِ وَمَلَٰٓئِكَتِهِۦ وَكُتُبِهِۦ وَرُسُلِهِۦ

“Payg'ambar (Muhammad) o'ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) iymon keltirdi va mo'minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg'ambarlariga (hammasiga) iymon keltirdi”[11].

 عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بَارِزًا يَوْمًا لِلنَّاسِ فَأَتَاهُ رَجُلٌ فَقَالَ مَا الْإِيمَانُ قَالَ الْإِيمَانُ أَنْ تُؤْمِنَ بِاللهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكِتَابِهِ وَلِقَائِهِ وَرُسُلِهِ، وَتُؤْمِنَ بِالْبَعْثِ.  أَخْرَجَهُ الْبُخَارِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni odamlarning oldilariga chiqib turgan edilar. Bir kishi u zotning yonlariga keldi va: “Iymon nima?”, – deb so'radi. U zot: “Iymon – Allohga, Uning farishtalariga, kitobiga, Unga yo'liqishga, Uning payg'ambarlariga va qayta tirilishga ishonmog'ingdir”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

 

Farishtalarga iymon keltirishning
mo'min hayotidagi ta'siri

Farishtalarga iymon keltirish mo'min-musulmonlarning hayotida ulkan ta'sirga ega bo'lib, undan ko'plab manfaatlar hosil bo'ladi:

–  Farishtalarning bandalar qilayotgan har bir ishini kuzatib, yozib borayotganlariga aniq ishongan kishi doimiy ravishda kuzatuvda ekanini his etadi va insonlar ko'rmayotgan paytlarda ham gunoh ishlarni qilishdan hayo qilib qoladi;

– Qiyinchilik paytlarida ham sabr qilishi oson bo'ladi. Chunki u chekayotgan mashaqqatlarini har doim o'zi ko'rmayotgan farishtaning yozib borayotganini, uning haqqiga Robbisidan istig'for so'rab turganini bilib turadi.

 

Farishtalar qachon yaratilgan?

Farishtalar Odam alayhissalomdan oldin yaratilgan hisoblanadi. Bunga  ushbu oyat dalolat qiladi:

﴿وَإِذۡ قَالَ رَبُّكَ لِلۡمَلَٰٓئِكَةِ إِنِّي جَاعِلٞ فِي ٱلۡأَرۡضِ خَلِيفَةٗۖ قَالُوٓاْ أَتَجۡعَلُ فِيهَا مَن يُفۡسِدُ فِيهَا وَيَسۡفِكُ ٱلدِّمَآءَ

Esla, vaqtiki Robbing farishtalarga: “Men Yer yuzida xalifa qilmoqchiman”, – dedi. Ular: “Unda (Yerda) fasod qiladigan, qon to'kadigan kimsani qilmoqchimisan?”[12].   

Ushbu oyat taqozosiga ko'ra hali inson yaratilmasidan ilgari farishtalar yashaganlar va Alloh taolo Odamni  yaratishini xabar berganida ular taajjublanib mazkur gapni aytganlar. Insonlarning buzg'unchilik qiladigan va nohaq qonlar to'kadigan mavjudot bo'lishini farishtalar qayerdan bilganlar, ular g'aybni bilmaydilar-ku, degan savolga bir qancha javoblar berilgan:

  1. Alloh taolo bildirgan;
  2. Lavhul mahfuzdagi yozuvni o'qishgan;
  3. Farishtalarda faqatgina o'zlarining ma'sum bo'lishlari qolgan maxluqotlarning bunday sifatga ega bo'lmasliklari to'g'risida ilm bo'lgan;
  4. “Saqolayn” (insonlar va jinlar)ning birini ikkinchisiga qiyos qilishgan. Ya'ni insonlarni ham erda buzg'unchilik qilgan jinlarga qiyos qilishgan.

 

Farishtalarni asl qiyofalarida ko'rish mumkinmi?

Ulamolar insonlarning farishtalarni ko'rishlari mumkinligi haqida shunday deganlar: “Farishtalar nurdan yaratilganlari sababli ularni asl qiyofalarida ko'rishga basharning toqati etmaydi. Shuning uchun asl qiyofalaridan inson ko'rinishiga o'tganlaridan keyingina insonlar ularni ko'rishlari mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalomni asl ko'rinishlarida ikki marta ko'rganlari esa u zotning o'zlariga xos xususiyat hisoblanadi”.

 

Farishtalarning adadlari qancha?

Farishtalar juda ko'p bo'lib, ularning adadi qancha ekanini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Bu haqida Qur'oni karimda shunday bayon qilingan:

﴿ وَمَا يَعۡلَمُ جُنُودَ رَبِّكَ إِلَّا هُوَۚ

“Robbingning askarlarini O'zidan boshqa hech kim bilmas”[13].

Shuningdek, hadisi shariflarda “Baytul ma'mur” (Ka'baning tepasida, ettinchi osmonda farishtalar tavof qiladigan uy)ni har kuni etmish ming farishta tavof qilishi va adadlari ko'pligidan bir marta tavof qilganlari qayta tavof qila olmasliklari xabari berilgan.  

 

Farishtalar uxlaydilarmi?

Farishtalarda uxlash va charchash singari insonlar va boshqa jonivorlarga xos sifatlar bo'lmaydi. Bunga quyidagi oyat dalolat qiladi:

﴿يُسَبِّحُونَ ٱلَّيۡلَ وَٱلنَّهَارَ لَا يَفۡتُرُونَ٢٠

“Ular kechayu kunduz tasbih aytarlar. Charchamaslar”[14].

Ya'ni farishtalar doimiy ravishda ibodat bilan mashg'ul bo'lib turadilar. Misol tariqasida aytadigan bo'lsak, insonlar nafas olishdan charchab qolib "bir oz dam olish"ga aslo to'xtamaganlaridek, farishtalar ham ibodat qilishdan aslo to'xtamaydilar.

 

Farishtalar go'zal suratda bo'ladilarmi?

Farishtalar nihoyatda go'zal suratda yaratilgan maxluqotlar hisoblanadi. Bunga quyidagi oyatda dalolat bor:

﴿عَلَّمَهُۥ شَدِيدُ ٱلۡقُوَىٰ٥ ذُو مِرَّةٖ فَٱسۡتَوَىٰ٦

“U (Muhammad)ga shiddatli quvvat egasi ta'lim berdi. Mirrat egasi ko'tarildi”[15].

Ushbu oyatdagi “Zu mirrotin” so'zini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu “go'zal ko'rinish egasi”, deb tafsir qilgan.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

Farishtalarning vazifalari:

Farishtalar vafot etadilarmi?

 

[1] Ahzob surasi, 39-oyat.

[2] Moida surasi, 67-oyat.

[3] Shayx Muhammad Ali Sobuniy. Nubuvvat val Anbiya. – Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2005. – B. 17. 

[4] An'om surasi, 83, 86-oyatlar.

[5] Hud surasi, 50-oyat.

[6] Hud surasi, 84-oyat. 

[7] Oli Imron surasi, 33-oyat.

[8] Anbiyo surasi, 85-oyat.

[9] Fath surasi, 29-oyat.

[10] G'ofir surasi, 78-oyat.

[11] Baqara surasi, 285-oyat.

[12] Baqara surasi, 30-oyat.

[13] Muddassir surasi, 31-oyat.

[14] Anbiyo surasi, 20-oyat.

[15] Najm surasi, 5, 6-oyatlar.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘jiza sotib olaman

26.12.2024   2023   4 min.
Mo‘jiza sotib olaman

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi. 
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.

Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.

Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.

“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.

Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.

“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.


Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:

Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi. 
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolaning videolavha shakli
 

Maqolalar