23- وَفَرْضٌ لاَزِمٌ تَصْدِيقُ رُسْلٍ وَأَمْلاَكٍ كِرَامٍ بِالنَّوَالِ
Ma'nolar tarjimasi:
Rasullarni va in'omlar bilan ulug'langan farishtalarni tasdiqlash lozim farzdir.
Nazmiy bayoni:
Farzu lozim erur tasdiqlash rasullarni,
Ham in'omlar-la sharaflangan malaklarni.
Lug'atlar izohi:
فَرْضٌ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar. Farz kalimasi lug'atda “vazifa qilib belgilash” ma'nosiga to'g'ri keladi. Istilohda esa shak-shubhasiz qat'i dalil bilan sobit bo'lgan hukm farz deyiladi. Farz ikki xil bo'ladi:
لاَزِمٌ – lozim lug'atda “zarur”, “kerakli” ma'nolariga to'g'ri keladi. Istilohda “ma'lum bir narsadan ajralishi mumkin bo'lmagan narsa lozim deyiladi”. Masalan, 4 sonining teng 2 ga bo'linishdan ajralishi aqlan mumkin emas. Shunga ko'ra 4 sonining teng 2 ga bo'linishi lozim hisoblanadi.
تَصْدِيقُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Lug'atda rost deb bilish, qalban ishonish ma'nolarini anglatadi.
رُسْلٍ – muzofun ilayh. Nazm zarurati uchun o'rtasi sukunli qilib keltirilgan. Aslida, رُسُلٍ dir.
وَ – mutlaq jamlash uchun keltirilgan atf harfi.
اَمْلاَكٍ – bu kalima aslida, مَلَكٌ ning emas, balki مَلِكٌ ning ko'plik shaklidir. Lekin Nozim nazm zarurati uchun ushbu shaklda keltirgan.
كِرَامٍ – bu kalima كَرِيمٌ ning ko'plik shakli bo'lib, اَمْلاَكٍ ga sifat bo'lib kelgan. كَرِيمٌ kalimasi har bir narsaning eng yaxshisiga va rozi bo'linadigan va maqtaladigan narsalarga nisbatan ishlatiladi.
بِ – “tab'iyz” (bo'laklarga ajratish) ma'nosida kelgan jor harfi.
النَّوَالِ – jor va majrur كِرَامٍ ga mutaalliqdir. Lug'atda “tortiq”, “hadya” kabi ma'nolarni anglatadi.
Matn sharhi:
Payg'ambarlar va Farishtalarni tasdiqlash har bir mo'min kishiga farzi ayn bo'lganidan “farzu lozim erur” deya ta'kidlandi.
Alloh taolo bashariyatga ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchi payg'ambarlar yuborganiga shak-shubhasiz ishonish, iymon ruknlaridan biri hisoblanadi. Payg'ambar so'zi arab tilida “rasul” yoki “nabiy” deb ifodalanadi. Bu ikki ism o'rtasida quyidagicha farq bor: Rasul lug'atda “elchi” “vakil” kabi ma'nolarni anglatadi.
Istilohda esa “Alloh taolodan shariat vahiy qilingan va uni etkazishga buyurilgan inson, rasul deb ataladi”.
Rasullarning risolatni etkazishga buyurilganlariga ushbu oyatlar dalildir:
﴿ٱلَّذِينَ يُبَلِّغُونَ رِسَٰلَٰتِ ٱللَّهِ وَيَخۡشَوۡنَهُۥ وَلَا يَخۡشَوۡنَ أَحَدًا إِلَّا ٱللَّهَۗ وَكَفَىٰ بِٱللَّهِ حَسِيبٗا٣٩﴾
“Ular Allohning elchiligini etkazadigan, Undan qo'rqadigan, Allohdan boshqa hech kimdan qo'rqmaydigan zotlardir. Allohning o'zi hisob qilguvchilikka kifoyadir”[1].
Muhammad sollallohu alayhi vasallamga shunday xitob qilingan:
﴿۞يَٰٓأَيُّهَا ٱلرَّسُولُ بَلِّغۡ مَآ أُنزِلَ إِلَيۡكَ مِن رَّبِّكَۖ وَإِن لَّمۡ تَفۡعَلۡ فَمَا بَلَّغۡتَ رِسَالَتَهُۥۚ وَٱللَّهُ يَعۡصِمُكَ مِنَ ٱلنَّاسِۗ إِنَّ ٱللَّهَ لَا يَهۡدِي ٱلۡقَوۡمَ ٱلۡكَٰفِرِينَ٦٧﴾
“Ey Payg'ambar! Senga Robbingdan nozil qilingan narsani etkaz. Agar shunday qilmasang, Uning elchiligini etkazmagan bo'lasan. Alloh seni odamlar (zarari)dan saqlar. Albatta, Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas”[2].
Nabiy so'zi lug'atda, “baland bo'lmoq”, “ma'lumot”, “xabar”, “yangilik” kabi ma'nolarni anglatadi.
Istilohda esa “Alloh taolodan shariat vahiy qilingan, lekin uni etkazishga mas'ul qilinmagan inson, nabiy deb ataladi”.
“Rasullik martabasi nabiylik martabasidan oliy hisoblanadi. Chunki barcha rasullar nabiy ham sanaladi, ammo nabiylar rasul sanalmaydi. Payg'ambarlarning adadi aniq ma'lum emas. Ammo ba'zi asarlarda ularning adadlari 120 mingdan ortiq ekani xabar berilgan. Rasullarning adadi ozdir. Qur'oni karimda zikr qilinganlariga batafsil iymon keltirish vojib bo'ladi, ular 25 ta bo'lib, barchalari rasuldirlar” [3].
Qur'onda zikr qilingan payg'ambarlar
Qur'oni karimda 25 nafar payg'ambarlarning nomlari zikr qilingan:
An'om surasida 18 nafar payg'ambar alayhissalomlarning nomlari ketma-ket zikr qilingan:
﴿وَتِلۡكَ حُجَّتُنَآ ءَاتَيۡنَٰهَآ إِبۡرَٰهِيمَ عَلَىٰ قَوۡمِهِۦۚ نَرۡفَعُ دَرَجَٰتٖ مَّن نَّشَآءُۗ إِنَّ رَبَّكَ حَكِيمٌ عَلِيمٞ٨٣ وَوَهَبۡنَا لَهُۥٓ إِسۡحَٰقَ وَيَعۡقُوبَۚ كُلًّا هَدَيۡنَاۚ وَنُوحًا هَدَيۡنَا مِن قَبۡلُۖ وَمِن ذُرِّيَّتِهِۦ دَاوُۥدَ وَسُلَيۡمَٰنَ وَأَيُّوبَ وَيُوسُفَ وَمُوسَىٰ وَهَٰرُونَۚ وَكَذَٰلِكَ نَجۡزِي ٱلۡمُحۡسِنِينَ٨٤ وَزَكَرِيَّا وَيَحۡيَىٰ وَعِيسَىٰ وَإِلۡيَاسَۖ كُلّٞ مِّنَ ٱلصَّٰلِحِينَ٨٥ وَإِسۡمَٰعِيلَ وَٱلۡيَسَعَ وَيُونُسَ وَلُوطٗاۚ وَكُلّٗا فَضَّلۡنَا عَلَى ٱلۡعَٰلَمِينَ٨٦﴾
“Ana o'shalar, Ibrohimga qavmiga qarshi (tortishuvda) bergan hujjatlarimizdir. Kimni xohlasak, darajasini ko'taramiz. Albatta, Robbing hikmatli va yaxshi biluvchi Zotdir. Va Biz unga (Ibrohimga) Ishoq va Ya'qubni berdik. Barchalarini hidoyat qildik. Bundan oldin Nuhni ham hidoyat qilgan edik. Va uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni ham (hidoyat qildik). Chiroyli ish qiluvchilarni ana shunday mukofotlarmiz. Va Zakariyo, Yahyo, Iso va Ilyosni ham. Hammalari ahli solihlardir. Va Ismoil, al-Yasa', Yunus va Lutni ham. Barchalarini butun olamlardan afzal qildik”[4].
Qolganlarining nomlari esa Qur'onda turli o'rinlarda zikr qilingan:
﴿وَإِلَىٰ عَادٍ أَخَاهُمۡ هُودٗاۚ ﴾
“Od (qabilasi)ga birodarlari Hudni (payg'ambar etib yubordik)”[5].
﴿۞وَإِلَىٰ مَدۡيَنَ أَخَاهُمۡ شُعَيۡبٗاۚ ﴾
“Madyan (qavmi)ga birodari Shuaybni (elchi – payg'ambar etib yubordik)”[6].
﴿۞إِنَّ ٱللَّهَ ٱصۡطَفَىٰٓ ءَادَمَ وَنُوحٗا وَءَالَ إِبۡرَٰهِيمَ وَءَالَ عِمۡرَٰنَ عَلَى ٱلۡعَٰلَمِينَ٣٣﴾
“Albatta, Alloh Odam va Nuhni hamda Ibrohim va Imron avlodlarini olamlar uzra (payg'ambarlik uchun) tanladi”[7].
﴿وَإِسۡمَٰعِيلَ وَإِدۡرِيسَ وَذَا ٱلۡكِفۡلِۖ كُلّٞ مِّنَ ٱلصَّٰبِرِينَ٨٥﴾
“Ismoil, Idris va Zul-kiflni (eslang). Barchalari sabr qiluvchilardandir”[8].
﴿مُّحَمَّدٞ رَّسُولُ ٱللَّهِۚ ﴾
“Muhammad Allohning rasulidir”[9].
Muhammad Ali Sobuniy “Nubuvvat val anbiya” (Payg'ambarlik va payg'ambarlar) kitobida Qur'oni karimda zikr qilingan payg'ambarlar hamda ularlarning xususiyatlari haqida batafsil bayon qilgan.
Payg'ambarlarga iymon keltirish tushunchasi
Payg'ambarlarga iymon keltirish hamda ularni tasdiqlash quyidagi tushunchalarni o'z ichiga oladi:
– Barcha payg'ambarlar bashariyatni Alloh taologa ibodat qilishga chaqirish uchun yuborilgan;
– Barcha payg'ambarlar o'zlariga topshirilgan vazifalarni to'la-to'kis ado etgan;
– Barcha payg'ambarlarga itoat etish va birortasiga ham qarshi chiqmaslik vojibdir. Chunki ularga itoat etish Allohga itoat etish hisoblanadi;
– Barcha payg'ambarlar insoniyatning eng rostgo'ylari, eng xulqi go'zallari, ilm jihatidan ham, amal jihatidan ham eng afzali bo'lganlar;
– Barcha payg'ambarlar erkak jinsidan bo'lganlar, farishtalardan ham, ayollardan ham bo'lmaganlar;.
– Alloh taolo biror payg'ambarni insoniyat tabiatidan boshqa tabiat bilan xoslamagan. Ularning barchalari oddiy insonlar kabi eb-ichadigan, bozorda yuradigan, uxlaydigan, kuladigan va aziyatlarga uchraydigan kishilar bo'lganlar.Ular kasal ham bo'lgan, hatto ba'zilari nohaq qatl ham etilgan. Insonga etishi mumkin bo'lgan aziyatlar ularga ham etgan, biroq bu narsalarning birortasi ularning oliy martabalariga nuqson etkazmagan;
– Alloh taolo payg'ambarlarni O'zining haqiqiy elchilari ekanlarini tasdiqlab, ularni mo''jiza bilan qo'llab-quvvatlagan;
– Payg'ambarlarning eng afzali Muhammad alayhissalomdir. Bu haqida hadisi sharifda shunday xabar berilgan:
فُضِّلْتُ عَلَى الاَنْبِيَاءِ بِسِتٍّ اُعْطِيَتُ جَوَامِعَ الْكَلِمِ وَ نُصِرْتُ بِالرُّعْبِ وَ اُحِلَّتْ لِى الْغَنَائِمُ وَ جُعِلَتْ لِى الاَرْضُ مَسْجِدًا وَ طَهُورًا وَ اُرْسِلْتُ اِلَى الْخَلْقِ كَافَّةً وَ خُتِمَ بِى النَّبِيُّونَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِرْمِذِىُّ
“Payg'ambarlardan olti narsada afzal ko'rildim:
Payg'ambarlarning umumiy adadi haqida e'tiqodimiz
Moturidiya mazhabining mo''tabar ulamolaridan bo'lgan Najmiddin Umar Nasafiy “Aqoidun Nasafiya” asarida payg'ambarlarning umumiy adadi haqida shunday degan:
وَقَدْ رُوِيَ بَيَانُ عَدَدِهِمْ فِى بَعْضِ الْاَحَادِيثِ وَالْاَوْلَى اَنْ لاَ يُقْتَصَرَ عَلَى عَدَدٍ فِى التَّسْمِيَةِ فَقَدْ قَالَ اللَّهُ تَعَالَى ﮋ ﭖ ﭗ ﭘ ﭙ ﭚ ﭛ ﭜ ﭝ ﭞﮊ وَلَا يُؤْمَنُ فِى ذِكْرِ الْعَدَدِ أَنْ يُدْخِلَ فِيهِمْ مَنْ لَيْسَ مِنْهَمْ اَوْ يُخْرِجَ مِنْهُمْ مَنْ هُوَ فِيهِمْ
“Albatta, ba'zi hadislarda ularning adadlari bayoni rivoyat qilingan. Afzalrog'i ularni ma'lum adadga cheklamaslikdir. Chunki Alloh taolo: “Ulardan kimningdir qissasini senga aytdik va ulardan kimningdir qissasini senga aytmadik”[10], – degan. (Shunga ko'ra) adad zikr qilinsa, ulardan bo'lmaganni ular safiga kiritib qo'yish yoki ulardan birini ular safidan chiqarib yuborish (ehtimoli)dan omonda bo'linmaydi”.
Ushbu o'rinda payg'ambarlarning adadi haqidagi mashhur savolning javobini bilib qo'yish lozim bo'ladi. Ya'ni “payg'ambarlarning adadi haqida hadisi sharifda xabar berilgan bo'lsa, o'sha hadisda aytilgan adadni tayin qilish vojib bo'lmaydimi? Agar vojib bo'lmaydi, deyilsa, hadisda bayon qilingan narsaga e'tiqod qilish vojib emas degan gap bo'lib qoladi-ku, buni qanday tushunish mumkin?
Bu savolga ulamolar quyidagicha javob berganlar:
– mazkur hadis maqbul hadis bo'lgan taqdirda ham “xabaru vohid” hisoblanadi. “Habaru vohid” esa e'tiqodiy qat'ilikni ifodalamaydi, balki “zon”ni ifodalaydi. “Zon” bilan esa qat'i e'tiqod sobit bo'lmaydi;
– mazkur hadis qat'ilikni ifodalagan taqdirda ham, payg'ambarlarning adadi haqidagi rivoyatlar quvvatlari bir xil bo'lgani uchun o'zaro taoruz (qarama-qarshi) bo'lib qolgan;
– “Hobarul vohid”ning maqbul bo'lish sharti Qur'onning zohiriga zid bo'lmaslik kerak. Mazkur hadis esa “ulardan kimningdir qissasini senga aytmadik” ma'nosidagi oyatga zohiran zid bo'lib qolgan.
Shuning uchun payg'ambarlarning adadi haqida gapirilganda ularni ma'lum bir adadga cheklamasdan Alloh taolo qancha payg'ambar yuborgan bo'lsa, barchasiga iymon keltirdim, deyiladi.
Farishtalarga iymon keltirish tushunchasi
O'shiy rahmatullohi alayh so'zlarining davomida “ham in'omlar-la sharaflangan malaklarni” deya farishtalarni tasdiqlash ham farzu lozim ekanini bayon qilgan. Farishtalar Alloh taologa isyon qilmaydigan, insonlar nafas olishdan charchamaganlari singari ular ham toat-ibodatdan charchamaydigan zotlardir. Ular erkaklik bilan ham, ayollik bilan ham vasf qilinmaydi. Ularning jismlari nurdan yaratilgan bo'lib, turli shakllarga kira olish salohiyatiga egadirlar. Ular mazkur imtiyozlardan tashqari ham ko'plab fazilatlar berilgan hurmatli zotlardir.
Farishtalarning borligiga qat'i ishonish iymon ruknlaridan biri hisoblanadi. Qur'oni karimda ham, hadisi shariflarda ham farishtalarga iymon keltirish haqida juda ko'plab xabarlar kelgan:
﴿ءَامَنَ ٱلرَّسُولُ بِمَآ أُنزِلَ إِلَيۡهِ مِن رَّبِّهِۦ وَٱلۡمُؤۡمِنُونَۚ كُلٌّ ءَامَنَ بِٱللَّهِ وَمَلَٰٓئِكَتِهِۦ وَكُتُبِهِۦ وَرُسُلِهِۦ ﴾
“Payg'ambar (Muhammad) o'ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) iymon keltirdi va mo'minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg'ambarlariga (hammasiga) iymon keltirdi”[11].
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بَارِزًا يَوْمًا لِلنَّاسِ فَأَتَاهُ رَجُلٌ فَقَالَ مَا الْإِيمَانُ قَالَ الْإِيمَانُ أَنْ تُؤْمِنَ بِاللهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكِتَابِهِ وَلِقَائِهِ وَرُسُلِهِ، وَتُؤْمِنَ بِالْبَعْثِ. أَخْرَجَهُ الْبُخَارِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni odamlarning oldilariga chiqib turgan edilar. Bir kishi u zotning yonlariga keldi va: “Iymon nima?”, – deb so'radi. U zot: “Iymon – Allohga, Uning farishtalariga, kitobiga, Unga yo'liqishga, Uning payg'ambarlariga va qayta tirilishga ishonmog'ingdir”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Farishtalarga iymon keltirishning
mo'min hayotidagi ta'siri
Farishtalarga iymon keltirish mo'min-musulmonlarning hayotida ulkan ta'sirga ega bo'lib, undan ko'plab manfaatlar hosil bo'ladi:
– Farishtalarning bandalar qilayotgan har bir ishini kuzatib, yozib borayotganlariga aniq ishongan kishi doimiy ravishda kuzatuvda ekanini his etadi va insonlar ko'rmayotgan paytlarda ham gunoh ishlarni qilishdan hayo qilib qoladi;
– Qiyinchilik paytlarida ham sabr qilishi oson bo'ladi. Chunki u chekayotgan mashaqqatlarini har doim o'zi ko'rmayotgan farishtaning yozib borayotganini, uning haqqiga Robbisidan istig'for so'rab turganini bilib turadi.
Farishtalar qachon yaratilgan?
Farishtalar Odam alayhissalomdan oldin yaratilgan hisoblanadi. Bunga ushbu oyat dalolat qiladi:
﴿وَإِذۡ قَالَ رَبُّكَ لِلۡمَلَٰٓئِكَةِ إِنِّي جَاعِلٞ فِي ٱلۡأَرۡضِ خَلِيفَةٗۖ قَالُوٓاْ أَتَجۡعَلُ فِيهَا مَن يُفۡسِدُ فِيهَا وَيَسۡفِكُ ٱلدِّمَآءَ ﴾
Esla, vaqtiki Robbing farishtalarga: “Men Yer yuzida xalifa qilmoqchiman”, – dedi. Ular: “Unda (Yerda) fasod qiladigan, qon to'kadigan kimsani qilmoqchimisan?”[12].
Ushbu oyat taqozosiga ko'ra hali inson yaratilmasidan ilgari farishtalar yashaganlar va Alloh taolo Odamni yaratishini xabar berganida ular taajjublanib mazkur gapni aytganlar. Insonlarning buzg'unchilik qiladigan va nohaq qonlar to'kadigan mavjudot bo'lishini farishtalar qayerdan bilganlar, ular g'aybni bilmaydilar-ku, degan savolga bir qancha javoblar berilgan:
Farishtalarni asl qiyofalarida ko'rish mumkinmi?
Ulamolar insonlarning farishtalarni ko'rishlari mumkinligi haqida shunday deganlar: “Farishtalar nurdan yaratilganlari sababli ularni asl qiyofalarida ko'rishga basharning toqati etmaydi. Shuning uchun asl qiyofalaridan inson ko'rinishiga o'tganlaridan keyingina insonlar ularni ko'rishlari mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalomni asl ko'rinishlarida ikki marta ko'rganlari esa u zotning o'zlariga xos xususiyat hisoblanadi”.
Farishtalarning adadlari qancha?
Farishtalar juda ko'p bo'lib, ularning adadi qancha ekanini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Bu haqida Qur'oni karimda shunday bayon qilingan:
﴿ وَمَا يَعۡلَمُ جُنُودَ رَبِّكَ إِلَّا هُوَۚ ﴾
“Robbingning askarlarini O'zidan boshqa hech kim bilmas”[13].
Shuningdek, hadisi shariflarda “Baytul ma'mur” (Ka'baning tepasida, ettinchi osmonda farishtalar tavof qiladigan uy)ni har kuni etmish ming farishta tavof qilishi va adadlari ko'pligidan bir marta tavof qilganlari qayta tavof qila olmasliklari xabari berilgan.
Farishtalar uxlaydilarmi?
Farishtalarda uxlash va charchash singari insonlar va boshqa jonivorlarga xos sifatlar bo'lmaydi. Bunga quyidagi oyat dalolat qiladi:
﴿يُسَبِّحُونَ ٱلَّيۡلَ وَٱلنَّهَارَ لَا يَفۡتُرُونَ٢٠﴾
“Ular kechayu kunduz tasbih aytarlar. Charchamaslar”[14].
Ya'ni farishtalar doimiy ravishda ibodat bilan mashg'ul bo'lib turadilar. Misol tariqasida aytadigan bo'lsak, insonlar nafas olishdan charchab qolib "bir oz dam olish"ga aslo to'xtamaganlaridek, farishtalar ham ibodat qilishdan aslo to'xtamaydilar.
Farishtalar go'zal suratda bo'ladilarmi?
Farishtalar nihoyatda go'zal suratda yaratilgan maxluqotlar hisoblanadi. Bunga quyidagi oyatda dalolat bor:
﴿عَلَّمَهُۥ شَدِيدُ ٱلۡقُوَىٰ٥ ذُو مِرَّةٖ فَٱسۡتَوَىٰ٦﴾
“U (Muhammad)ga shiddatli quvvat egasi ta'lim berdi. Mirrat egasi ko'tarildi”[15].
Ushbu oyatdagi “Zu mirrotin” so'zini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu “go'zal ko'rinish egasi”, deb tafsir qilgan.
KYeYINGI MAVZULAR:
Farishtalarning vazifalari:
Farishtalar vafot etadilarmi?
[1] Ahzob surasi, 39-oyat.
[2] Moida surasi, 67-oyat.
[3] Shayx Muhammad Ali Sobuniy. Nubuvvat val Anbiya. – Bayrut: “Maktabatul Asriya”, 2005. – B. 17.
[4] An'om surasi, 83, 86-oyatlar.
[5] Hud surasi, 50-oyat.
[6] Hud surasi, 84-oyat.
[7] Oli Imron surasi, 33-oyat.
[8] Anbiyo surasi, 85-oyat.
[9] Fath surasi, 29-oyat.
[10] G'ofir surasi, 78-oyat.
[11] Baqara surasi, 285-oyat.
[12] Baqara surasi, 30-oyat.
[13] Muddassir surasi, 31-oyat.
[14] Anbiyo surasi, 20-oyat.
[15] Najm surasi, 5, 6-oyatlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.