Bugun, 13 mart kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov Samarqand viloyati Urgut tumanida barpo etilgan “Urgut” markaziy jome masjidining ochilish marosimida ishtirok etdilar. Mehmonlarga Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov, Diniy idora Ish boshqaruvchisi Rustam hoji Jamilov hamrohlik qildi.
Masjidning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Urgut tumani hokimi Botir Jabborov, taniqli ulamolar, tajribali imom-domlalar, mo'ysafid otaxonlar, viloyat mutasaddilari va yuzlab namozxonlar ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida qurbonlik so'yildi va Qur'oni karim oyatlari tilovat qilinib, xayrli duolar qilindi
Fayzli tadbirda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari masjid jamoasini mahobatli jome bilan muborakbod etdilar, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar va ulkan islohotlar haqida so'zlab berdilar. Ayniqsa, masjid-madrasalarni obod etilishi, qadamjoyu-ziyoratgohlarni go'zal holatga keltirilishi, mo'min-musulmonlarimizga keng imkoniyatlar berilayotganini batafsil gapirib berdilar. Mana shunday e'tibor va g'amxo'rlikdan namozxonlarimiz cheksiz mamnunliklarini o'z so'zlarida izhor etdilar va quvonchlari yuz-ko'zlaridan yaqqol namoyon bo'ldi.
Ma'lumot o'rnida, yangi masjid qiblasi mutaxassislar quyoshning yozgi eng so'nggi botish va qishdagi eng so'nggi botish nuqtalari hisobga olinib, ushbu ikki nuqta orlig'i uch qismga bo'lib, chap tomondagi bo'lak belgilandi. Shuningdek, kechasi Oltin qoziq yulduziga qarab mo'ljal olindi.
Masjid maydoni bir gektardan oshiq, xonaqosining hajmi 45x55 metr, ya'ni 2500 kv/m.ni tashkil qiladi. Jome ikki qavatdan iborat bo'lib, 8000 nafarga yaqin namozxonni o'z bag'riga sig'dira oladi. Honaqoh o'rtasida 34 metrli baland gumbaz qad rostlagan. Uning aylanasi 18 metrni tashkil etadi.
Masjidning to'rt tomonida ikkitasi 40 metrli va yana ikkitasi 43 metrli bo'lgan to'rt minora qurilgan. Zamonaviy tahoratxonadan bir vaqtning o'zida 100 kishi foydalanishi mumkin. Masjid xodimlari uchun 2 qavatli ma'muriy bino barpo etilgan.
Muftiy hazratlari o'z duolarida ushbu masjidni Alloh taolo qiyomatga qadar mo'min-musulmonlarga xizmat qilishini nasib etishi va uning qurilishi va faoliyatini yo'lga qo'yishiga hissa qo'shganlarga ulug'-savoblarni ato etishini Haq taolodan iltijo qilib so'radilar.










O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati