Toshkentda milliy ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o'tkazilayotgan treningda Vashingtondan onlayn shaklda ma'ruza qilgan xalqaro konsul'tant, sobiq diplomat Temuri Yakkabashvili O'zbekistonning turizm salohiyatiga yuqori baho berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Sobiq diplomat O'zbekistonda ulkan o'zgarishlar amalga oshirilayotgani, mamlakat dunyoga ochilayotganini ta'kidladi.
O'zbekistonning turizm va boshqa yo'nalishlardagi salohiyati nihoyatda yuksak. “Bu qo'hna zaminda qadimiy xalq yashaydi. Uning an'analari, qadriyatlari butun dunyoga namuna”, - dedi u.
Mamlakat hayotidagi yangilanishlar turizm sohasiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda. Biroq, ma'ruzachining fikricha, hali qilinadigan ishlar ko'p.
Hususan, sayyohlar e'tiborini jalb qiladigan yangi g'oya va takliflar kerak. Mehmonlar uchun ikki va uch yulduzli mehmonxonalar tizimini kengaytirish, O'zbekistonning o'ziga xos sayyohlik salohiyatini keng targ'ib qilib, undan samarali foydalanishda ilg'or uslublardan foydalanish zarur.
Transport xizmati sifati va narxlari ham alohida ahamiyatga ega. Temuri Yakkabashvili ommaviy axborot vositalari vakillarini ushbu jarayonda faol qatnashishga chaqirdi.
Eslatib o'tamiz, 10-13 mart kunlari Toshkentda AQSh Global media agentligi (U.S. Agency for Global Media) bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun to'rt kunlik trening o'tkazilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Tatariston va Boshqirdistonga xizmat safari uyushtirildi.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘i ijrosiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O. Abdullayev boshchiligida yurtimizning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi B.Asadov, Bosh konsuli M.Xayriddinov va bir qator tegishli tashkilotlar vakillaridan tashkil topgan delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov ham ishtirok etdi.
Vatandoshlarimiz bilan “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Halol kasb – baraka kaliti”, “Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi.
Rossiya musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat delegatsiya a’zolarini qabul qilib, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha ekanini bildirdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomi esdalik hadyalari taqdim etildi. Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat mehmonlarni Diniy idora va uning qoshidagi Rossiya islom universiteti bilan tanishtirib chiqdi.
Xizmat safari davomida vatandoshlarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda bugun mamlakatimizda qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalinib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar, yangiliklar haqida ham aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati