Zaif so'zi lug'atda: ismi foil bo'lib, o'zagi ضعف يضعف)) fe'li, beshinchi bobdan olingan.
Zaif so'zining antonimi "quvvatli" degan ma'noda keladi. Zaif bo'ldi iborasining ma'nosi: kuchi yoki sog'lig'i yo'qoldi, vazni yuqoldi, betob bo'ldi. Zaif so'zining ko'pligi zuafo, zu'fo, zi'of shaklida keladi.
Zaif hadis muhaddislar istilohida: bir necha ma'nolarda sharhlangan. jumladan:
Zaif hadis ko'p qismlarga bo'linadi. Hadisda qabul qilinadigan shart va sifatlar topilmasa, mursal yo munqote' yo mo''zal yo muaallaq yo mudallas,agar hadisning sirtdan illati bilinmasa,u holda muallal hadis deyiladi.
Shu tarzda Hofiz Muhammad ibn Hibbon al-Bustiy zaif hadislarni 49 qismga ajratgan. Zaif hadislar bir xil darajada qiyoslanmaydi. Mursal[1], Munqote'[2], Mo''zal[3], Muallaqqa[4] o'xshash, zaif hadislar roviysining zaifligi yo roviyning yodlash qobiliyatini sustligi bilan boshqasidan ajralib turadi.
Maqlub[5], Musahaf[6], Muddaraj, Shozz[7], Muztorib[8] hadislar yuqoridagi hadislardan ham zaifroq hisoblanadi. Munkar[9], Matruk[10], Mu'allal[11] hadislar zaif hadislarning eng quyi pag'onasi hisoblanadi. Hatto ayrim zaif hadislar to'qima hadislar sirasiga kirib, ba'zi muhaddislar bu turdagi hadislarni hadislar soniga qo'shmaydi. Roviyning yodlash qobiliyatini sustligi yo roviyning noma'lumligi yo hadisning sanadining uzulishi sababli zaif sanalgan hadislar, mutobe' va shohid hadislar bilan quvvatlantiriladi.
Natijada zaif hadis boshqa yo'llar bilan hasan lig'oyrihi darajasiga ko'tariladi. Roviyning fisq va yolg'onga moyilligi jihatidan zaif sanalgan hadislar, boshqa hadislar bilan quvvatlanirilmaydi. Va bu turdagi hadislarni hasan hadis darajasiga ko'tarish tavsiya etilmaydi.
Faxritdin HUDOYNAZAROV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
[1] Mursal hadis – sanadining oxiridan tobe'indan keyin birorta roviy tushib qolgan hadis.
[2] Munqote' hadis – sanadi muttasil bo'lmagan, ya'ni ulanib kelmagan, kesilishi bor hadis.
[3] Mo''zal hadis – sanadidan ikki va undan ortiq roviy ketma–ket tushib qolgan hadis.
[4] Muallaq hadis – sanadining avvalida bitta yoki undan ko'p roviy ketma–ket tushirib qoldirilgan hadis.
[5] Maqlub – hadis sanadida yoki matnida bir lafzning o'rniga boshqasini keltirish, avval yoki oxiriga surib qo'yish va shunga o'xshash ishlar.
[6] Musahhaf – hadisdagi siqa roviylar rivoyat qilgan bir so'zning lafzini yoki ma'nosini almashtirib qo'yish.
[7] Shozz hadis – hadisi maqbul bo'lgan odam o'zidan ko'ra yaxshiroq roviyga muxolif ravishda rivoyat qilgan hadis.
[8] Muztorib hadis – turli yo'llar ila bayon qilingan va quvvati teng bo'lgan rivoyat.
[9] Munkar – sanadida katta xatosi bo'lgan yoki g'aflati ko'paygan yohud fisqi zohir bo'lgan roviy bor hadis.
[10] Matruk hadis – sanadida yolg'onchilikda ayblangan roviysi bor hadis.
[11] Mu'allal – sirtdan qaralganda illati bilinmaydigan, lekin sahihligiga futur etkazadigan illati topilgan hadis.
Savol: Men Turkiya davlatida avtomashinalarni yuvish xizmati (avtomoyka)da ishlayman. Ba’zan taksi haydovchilarining mashinalarini yuvganimizda ichida mijozlarning buyumlari va pullari tushib qolgan bo‘ladi. Shu pullarni o‘zimizga olsak bo‘ladimi yoki taksichiga berishimiz kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur buyum va pullar sizning ham, taksichining ham mulki emas, balki o‘z egasining mulkidir. Shuning uchun egasiga qaytarish lozim. Buning uchun siz topilmani taksichining o‘ziga qaytarib berasiz va u haqiqiy egalarini topish chorasini ko‘radi. Egasidan beruxsat ishlatib yuborishi gunoh hisoblanadi.
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yo‘qolgan narsani tanitmay o‘ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Hozirgi vaqtda unutib qoldirilgan buyumlarning egasini topishning turli yo‘llari mavjud. Unutib qoldirilgan narsalar buyum va pul singari chirib, aynib qolmaydigan narsalar bo‘lsa, egasi chiqqunicha o‘zida saqlab turadi va egasini topishga jiddiy kirishadi.
Egasini topishdan butkul umidi uzilgan vaqtda o‘zi muhtoj bo‘lsa, sadaqa o‘rnida o‘ziga ishlatishi, boy bo‘lsa, faqirlarga egasining nomidan sadaqa qilib yuborishi lozim bo‘ladi.
Keyinchalik egasi topilib qolsa, holatni tushuntiradi. Agar egasi rozi bo‘lsa, sadaqaning savobi unga bo‘ladi. Egasi rozi bo‘lmay, narsasini talab qilsa, qiymatini to‘lab beradi va qilingan sadaqaning savobi ana shu taksichining o‘ziga bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.