O'zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi Moddiy merosni saqlash va ta'mirlash masalalarini o'rganish bo'yicha xalqaro markaz (ICCROM) bosh direktori Vebber Ndoro bilan onlayn muloqot o'tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Vebber Ndoro O'zbekiston 7 mingdan ziyod tarixiy va me'moriy yodgorlikka ega mamlakat sifatida ICCROMga a'zo bo'lishdan manfaatdor bo'lishini ta'kidladi. Hususan, boy merosni xalqaro standartlarga muvofiq tarzda saqlash bo'yicha tajriba almashish va o'rganishda yangi imkoniyatlar yaratiladi. Respublikaning ICCROMga qo'shilishi, shuningdek, yodgorliklarni saqlash va targ'ib qilishda global hamda mintaqaviy jarayonlarda to'liq ishtirok etish samaradorligini oshirishi ta'kidlandi. Bu esa mamlakatning xalqaro maydondagi obro'sini yuksaltirishga xizmat qiladi.
ICCROM rahbari Prezident Shavkat Mirziyoevning 2021 yilda Hiva shahrida «Markaziy Osiyo dunyo tsivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniy forumini o'tkazish tashabbusini yuqori baholadi. Anjuman Markaziy Osiyo davlatlarining madaniyat, ilm-fan va boshqa sohalarni rivojlantirishga qo'shgan salmoqli hissasini taqdim etish va o'rganish uchun yana bir qulay imkoniyat bo'ladi. U xalqaro tadbirni yuqori darajada o'tkazish uchun har tomonlama yordam ko'rsatishga tayyorligini bildirdi.
Vebber Ndoro O'zbekiston rahbariyatining taniqli xalqaro ekspertlar, jumladan, ICCROM mutaxassislarini jalb qilgan holda O'zbekistondagi jahon merosi ob'ektlarini saqlash va ta'mirlash bo'yicha xalqaro maslahat mexanizmini (HMM) yaratish bo'yicha tashabbusini to'la qo'llab-quvvatladi.
Ma'lumot uchun, ICCROM – ta'lim, ma'lumot tarqatish, tadqiqotlar olib borish, hamkorlik qilish va ommaviy kampaniyalar orqali dunyo madaniy merosini saqlash va ta'mirlash bilan shug'ullanadigan davlatlararo tashkilotdir. U YuNESKO Bosh konferentsiyasi tashabbusi bilan 1959 yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi Rim shahrida joylashgan va 137 mamlakatni birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati