Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

ITOAT – ULUG' IBODAT! HOTINNING ERIGA ITOATSIZLIK QILIShI

11.03.2021   3765   25 min.
ITOAT – ULUG' IBODAT!    HOTINNING ERIGA ITOATSIZLIK QILIShI

TO'RTINChI VASIYaT

بسم الله الرحمن الرحيم

قَالَأبوذَرٍّرضىاللهُعنهُ: أَوْصانيخليليصلَّىاللهعَلَيهِوسلَّمَبِثَلاثٍقَالَ: “إسْمَعْوأَطِعْوَلَوْلِعَبْدٍمَجْدُوعِالأنْفِفَإنْصَنَعْتَمَرَقَةًفَأَكْثِرْماءَهاثُمَّانْظُرْإلىأهْلِبَيْتِجِيرَانِكَفَأَصِبْهُمْمِنْهابِمَرَقَتِكَوَصَلِّالصَّلاةَلِوَقْتِهاَ(رواه مسلم).

Abu Zarr (roziyallohu anhu) aytadi: Yaqin do'stim Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) menga uch narsani vasiyat qildilar: “Burni kesilgan qul (amir) bo'lsa ham, unga quloq tut va itoat qil. Sho'rva qilsang, suvini ko'proq solib, yon qo'shnilaringga nasiba chiqar. Namozni o'z vaqtida ado qil” (Imom Muslim rivoyati).

Mo'min kishi ushbu vasiyatlarga amal qilishi, bilmaganlarga etkazishi lozim. Vasiyatda: “Burni kesilgan qul (amir) bo'lsa ham unga quloq tut va itoat qil”, deyish bilan itoat tufayli mo'min kishi Yaratganning mukofotiga sazovor bo'lishi aytilgan.

 

Itoat – ulug' ibodat!

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ وَأُوْلِي ٱلۡأَمۡرِ مِنكُمۡۖ فَإِن تَنَٰزَعۡتُمۡ فِي شَيۡءٖ فَرُدُّوهُ إِلَى ٱللَّهِ وَٱلرَّسُولِ إِن كُنتُمۡ تُؤۡمِنُونَ بِٱللَّهِ وَٱلۡيَوۡمِ ٱلۡأٓخِرِۚ ذَٰلِكَ خَيۡرٞ وَأَحۡسَنُ تَأۡوِيلًا٥٩

«Ey imon keltirganlar! Allohga itoat eting, Payg'ambarga va o'zlaringizdan (bo'lmish) boshliqlarga itoat eting! Bordi-yu, biror narsada (din ishida) kelisha olmay qolsangiz – Allohga va oxirat kuniga ishonadigan bo'lsangiz – uni Allohga va Uning Payg'ambariga havola qiling. Mana shu yaxshiroq va echimi chiroyliroq (ish)dir» (Niso, 59).

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Holid ibn Validni guruhga boshliq qilib, bir qabilaga yubordilar. Ammor ibn Yosir ham u bilan birga edi. Qabilaga yaqinlashgach, Holid ertalab hujum qilish uchun to'xtadi. Qabila ahllari buni eshitib, qochib qolishdi. Ulardan Islomni qabul qilgan bir kishigina qoldi. U ham oilasini safarga tayyorlanishga buyurib, askarlar turgan erga bordi. U Ammorning oldiga kelib: “Ey yotgan kishi! Men sizlardanman, qavmim sizlarni eshitib, qochib ketdi. Men musulmon bo'lganim uchun qoldim. Bu menga foyda beradimi yoki qavmim kabi qochib ketsammikin?” dedi. Ammor: “Sen joyingda tur, shu senga foydaliroq”, dedi. U kishi ahli-ayoli huzuriga borib, ularni qolishga buyurdi. Ertalab Holid hujum qilib, shu kishidan boshqa hech kimni topmadi. Uni asir olib, molini tortib oldi. Shu payt Ammor kelib: “Bu odamga tegma, u musulmon bo'lgan, men unga omonlik berib, qolishga buyurganman”, dedi. “Men amir bo'laturib, mendan ruxsatsiz omonlik berasanmi?!” dedi Holid. “Ha, sen amir bo'lsang ham, sensiz omonlik beraman”, deb ikkalasi tortishib qoldi. Qaytib kelishganidan keyin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga buning xabari aytildi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ammorning omonligini qabul etib, o'sha kishiga omonlik berdilar. Ammorni bundan keyin amirning ruxsatisiz biror kishini himoyaga olishdan qaytardilar» (“Asbobun nuzul”, 130-b.).

Yuqoridagi oyatdan Alloh va rasuli (sollallohu alayhi va sallam) buyruqlariga itoat qilish bilan birga, musulmonlarning o'zlaridan bo'lgan din va davlat boshliqlariga ham itoat qilishlari vojibligi ma'lum bo'ladi. Zero, rahbar yoki ota-onalar gunoh ishlarga buyurishmas ekan, ularga itoat etish vojibdir (“Tahoviy aqoidi”).

Allohga itoat qilish Uning amrlarini bajarish, qaytariqlaridan qaytish bo'lsa, Rasul (sollallohu alayhi va sallam)ga itoat etish u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatlarini mahkam ushlash va u zot (sollallohu alayhi va sallam) man etgan narsalardan saqlanishni anglatadi (“Tafsiri Qurtubiy”, 3-jild, 155-b.).

Boshliqlarning Alloh va rasuli (sollallohu alayhi va sallam) ko'rsatmalariga zid bo'lmagan har bir buyrug'iga itoat qilish omma uchun vojib bo'ladi. Sahl ibn Abdulloh Tustariy (rahmatullohi alayh) aytishicha, etti o'rinda sultonlarga itoat etish vojib: pul muomalalarida, tarozida, hukmlarda, haj masalasida, juma va ikkala hayit hamda Vatan himoyasi masalalarida (“Tafsiri Qurtubiy”, 3-jild, 155-b.).

Kishi Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, u Allohga, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga va boshliqlarga itoat etishi kerak. Chunki imon isyonni emas, balki itoatni vojib qiladi. Demak, oyatdan ma'lum bo'lishicha, isyonga boshlamasa, boshliqlarga itoat etish vojib.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Holiqqa isyon bo'ladigan ishlarda maxluqqa itoat etilmaydi”, deganlar (“Tafsiri Nasafiy”, 1-jild, 232-b.).

Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Boshliq adolat bilan hukm qilishi va omonatni ado etishi zarur. Mana shu ishlar qilinganida musulmonlar uchun boshliqqa itoat etish vojib bo'ladi. Chunki Alloh taolo omonatni adolat bilan ado etishga buyurgan” (“Tafsiri Qurtubiy”, 3-jild, 155-b.).

Mufassirlar ta'kidlashicha, ushbu oyati karimada fiqhning asosiy to'rt manbaiga ham ishora bor. Allohga itoat etishdan – Qur'oni karim, Payg'ambari (sollallohu alayhi va sallam)ga itoat etishdan – sunnat, rahbarlarga itoat etishdan – ijmo, nizoli masalani Alloh va rasuli (sollallohu alayhi va sallam)ga havola qilishdan qiyos usullari ko'zda tutilgan.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Boshi qora mayizdek habash sizlarga boshliq etib tayinlansa ham, unga quloq solinglar va itoat etinglar”, dedilar» (Imom Buxoriy).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning buyruqlari, ko'rsatmalariga og'ishmay amal qilish ikki dunyo saodatiga sazovor qiladi. Bu haqda “Sabotul ojizin”da bunday deyilgan:

Payg'ambarning amriga qilsang itoat,

Saodatdur, saodatdur, saodat.

Uqayl ibn Abu Tolib aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan safarda edim, u zotda uch narsani ko'rdim. Shu uch narsa sababli qalbimga Islom mahkam o'rnashdi. Birinchisi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qazoi hojat qilmoqchi bo'ldilar. Sal narida bir necha daraxt bor edi. Menga: “Daraxtlar oldiga borib, sizlarni Rasululloh chaqiryaptilar, u kishini to'sib turarkansizlar, deb ayt”, dedilar. Men borib, gapimni tugatmasimdan, daraxtlar tomirlari bilan erdan ajralib kelib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni o'rab turdi. Forig' bo'lganlaridan keyin daraxtlar o'rinlariga qaytib ketdi. Ikkinchisi. Men qattiq chanqadim, lekin suv topa olmadim. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu toqqa chiqib mening nomimdan salom ayt va suving bo'lsa, menga ber, deb ayt”, dedilar. Men toqqa chiqib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) gaplarini ayta boshladim. So'zimni tugatmasimdan, tog' odamga o'xshab gapira ketdi: “Sen Rasulullohga borib ayt, men: “Ey imon keltirgan zotlar! O'zingizni va ahlingizni yoqilg'isi odamlar va toshlardan bo'lgan do'zaxdan saqlangiz” (Tahrim, 6), oyati nozil bo'lganidan beri o'sha toshlardan bo'lib qolishimdan qo'rqib, yig'lay-yig'lay, suvim qolmagan”. Men hayratlar ichida qaytib keldim. Uchinchisi. Yo'lda ketayotgan edik, to'satdan bir tuya Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga chopib kelib: “Yo Rasululloh, yordam bering!” dedi. Shu payt uning orqasidan bir a'robiy qilich yalang'ochlab keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu bechoradan nima xohlaysan?” deb so'radilar. U: “Yo Rasululloh! Men buni qimmatga sotib olganman. Endi u menga itoat qilmayapti. Shuning uchun uni so'yib, go'shtidan foydalanaman”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tuyaga qarab: “Nima uchun unga itoat qilmayapsan?” deb so'radilar. Tuya: “Men uning yomon ishlari tufayli unga osiy bo'lmoqdaman, chunki uning qabilasida xuftonni o'qimay uxlashadi. Agar u xufton o'qishga va'da bersa, men ham unga osiy bo'lmaslikka ahd qilaman. Chunki ular orasida ekanman, hammamizga Allohning azobi kelishidan qo'rqaman”, dedi. A'robiy namozni tark etmaslikka ahd qildi. So'ngra tuya u bilan birga qaytib ketdi».

Donishmandlar aytgan ekan: “Kim oriflardan bo'lishni va shaytondan qutulishni xohlasa, to'rt narsani bilib olishi kerak: Iblis va u xohlagan narsalarni; nafs va uning xohishlarini; havoyi istak va u xohlagan narsalarni; dunyo va uning xohishlarini. Chunki Iblis sen diningni boy berishingni va o'zi bilan birga abadiy do'zaxda qolishingni xohlaydi. Nafs esa, gunohlarni va tarki ibodatni istaydi. Havoyi istak shahvatlarni va ijtihod tark qilinishini xohlaydi. Dunyo esa, dunyo ishlarini oxirat amallaridan afzal ko'rishingni xohlaydi. Kim bu narsalarni bilib olsa, oriflardan bo'ladi. Kim shaytonga itoat qilsa, shayton kabi do'zaxda abadiy qoladi. Kim nafsiga itoat qilsa, ma'lum muddat azoblanadi. Kim havoi xohishiga ergashsa, hisobi qattiq bo'ladi. Kim dunyoga itoat qilsa, dunyoyu oxiratda hasratda qoladi”.

Habarda kelishicha, qiyomat kuni Alloh taolo huzuriga ikki kishi olib kelinadi. Ulardan biri itoatli mo'min, ikkinchisi osiy mo'mindir. Itoatli mo'minni jannatga olib borish, osiyni do'zaxga tashlab, azoblash buyuriladi. Itoatli mo'min xursand holatda jannat sari yo'l oladi. Jannatga yaqin kelganida ortidan: “Ey do'stim, menga rahm qilgin, meni shafoat qil”, degan nidoni eshitadi. Shu zahoti u joyida to'xtab qoladi va jannatga kirmaydi. Shunda unga: “Jannatga kir va Alloh seni jannatga kirgizganiga shukr qil”, deyiladi. U esa: “Yo'q, men jannatga kirmayman, meni do'zaxga olib bor”, deydi. “Nima uchun jannatga kirmay, do'zaxga kirishga rozi bo'lyapsan?” deb so'rashganida u: “Chunki do'zaxga ketgan osiy kishi mening do'stim edi. U mendan hozir shafoat qilishimni so'radi. Modomiki, men uni shafoat qilishga izn ololmasam, menga uning oldiga borib, u bilan birga azoblanishdan boshqa chora yo'q”, deydi. Shunda Alloh taolo do'sti tufayli osiyni ham mag'firat qilib, jannatga kiritadi.

Itoat to'g'risida gap ketganida, tarixga nazar tashlash foydadan xoli bo'lmaydi. Umar (roziyallohu anhu) davrida bo'lib o'tgan bir voqeani eslaylik.

Uncha katta bo'lmagan jamoa safarga otlandi. Umar ibn Hattob o'zi jamoa boshlig'i Utba ibn G'azvonni kuzatib chiqdi va bunday dedi: “Ey Utba! Men seni Ubulla shahriga yuboryapman, uning qal'alari mustahkam, dushmanlarimiz kuchli. Alloh taolo senga yordam berishidan umid qilaman. Ubullaga etib borganingda, uning ahlini Allohning diniga chaqir, shunda kim uni qabul qilsa, unga omonlik ber va kim undan bosh tortsa, undan jizya ol. Agar ular birinchi va ikkinchi shartlarga rozi bo'lmasa, unda ular bilan jang qil! Men senga topshirayotgan ishda Allohdan qo'rq, ey Utba! O'zingni kamtar tut, katta ketish oxiratingni buzadi. Doim yodda tut, Alloh seni xorlikdan aziz qildi, zaiflikdan keyin senga quvvat berdi. Hozir sen qo'mondon bo'lding, senga odamlar itoat qilishmoqda, gapirsang, senga quloq solishadi, biron ishga buyursang, so'zsiz bajarishadi. Bu sen uchun ne'matdir, agar ularga yomonlik qilib, rahbarligingdan foydalansang va ularni aldasang, unda bu ishing jahannamga sudraydi. Alloh asrasin!”

Niso surasi 59-oyatida aytilganidek, o'zini musulmon hisoblaydigan kishining, eng avvalo, Yaratganga va rasuli (sollallohu alayhi va sallam)ga itoat qilishi so'zsiz vojib bo'ladi. Shuningdek, oyatda aytilgani kabi, boshliqlarga itoat etish ham vojib. Hozirgi kunda itoat etmaslik uchun hech bir narsa bahona bo'la olmaydi. Yurtimizda Islomning barcha arkonlarini bajarish, ibodatlarni komil ado etish borasida musulmonlarga berilgan keng imkoniyatlar, huquqiy davlatimizda adolatning ustuvorligi, har yili minglab dindoshlarimiz Islomning beshinchi arkoni bo'lgan hajni ado etib kelayotganlari, shu bilan birga, qanchalab yurtdoshlarimiz umraga ham borib kelayotganlari sababli ham itoat vojib bo'ladi.

Bunday ne'matlar evaziga shukrona va itoat musulmon kishi uchun koni foyda. Birinchidan, u bu ishi bilan eng avvalo, Allohga, rasuli (sollallohu alayhi va sallam)ga itoat qilgan bo'ladi. Ikkinchidan esa, rahbarlarga qilgan itoati uchun savob oladi. Alloh taolo barchamizni to'g'ri yo'ldan og'ishtirmasin, omin!

 

Hotinning eriga itoatsizlik qilishi

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿ٱلرِّجَالُ قَوَّٰمُونَ عَلَى ٱلنِّسَآءِ بِمَا فَضَّلَ ٱللَّهُ بَعۡضَهُمۡ عَلَىٰ بَعۡضٖ وَبِمَآ أَنفَقُواْ مِنۡ أَمۡوَٰلِهِمۡۚ فَٱلصَّٰلِحَٰتُ قَٰنِتَٰتٌ حَٰفِظَٰتٞ لِّلۡغَيۡبِ بِمَا حَفِظَ ٱللَّهُۚ وَٱلَّٰتِي تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَٱهۡجُرُوهُنَّ فِي ٱلۡمَضَاجِعِ وَٱضۡرِبُوهُنَّۖ فَإِنۡ أَطَعۡنَكُمۡ فَلَا تَبۡغُواْ عَلَيۡهِنَّ سَبِيلًاۗ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ عَلِيّٗا كَبِيرٗا٣٤

«Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig'i sifatida doimiy) qoim turuvchidir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o'z oilasiga) o'z mol-mulklaridan sarf qilib turishidir. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g'oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya'ni erlarining sirlari, mulklari va obro'larini saqlovchi)dir. Hotinlarning itoatsizligidan qo'rqsangiz, avvalo, ularga nasihat qiling, so'ngra (bu ta'sir qilmasa,) ularni o'rinlarda (aloqasiz) tark eting, so'ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo'lmagudek darajada) uring. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo'l axtarmang. Albatta, Alloh  oliy va ulug' Zotdir» (Niso, 34).

Muqotil (roziyallohu anhu) aytadi: «Bu oyat ansoriy Sa'd ibn Robi' haqida nozil bo'lgan. U rashkchi edi. Hotini Hubayba binti Zayd ibn Abu Hurayra ham ansorlardan edi. U xotinini itoatsizligi uchun urdi. Otasi qizini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga olib borib: “Sa'dga qizimni bergan edim, uni uribdi”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Eridan qasosini olsin”, dedilar. Ayol otasi bilan qasos olish uchun chiqdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qaytinglar, menga Jabroil (alayhissalom) keldi, biz bir ishni xohlagan edik, Alloh boshqa ishni xohlabdi. Allohning xohlagani yaxshiroqdir”, dedilar va qasos olishdan qaytardilar» (“Asbobun nuzul”, 128-b.).

Abu Ravq: “Bu oyat Jamila binti Ubay va uning eri Sobit ibn Qays ibn Shammos haqida nozil bo'lgan”, deydi.

Kalbiy esa: “Bu oyat Umayra binti Muhammad va uning eri Sa'd ibn Robi haqida nozil bo'lgan”, deydi (“Tafsiri Qurtubiy”, 3-jild, 103-b.).

Bu oyat erkaklarning ayollariga shirinso'z va xushmuomalalik bilan odob berishlariga dalolat qiladi. Agar ayollar erlarining haqlarini poymol etishmasa, ularga yomonlik qilib bo'lmaydi (“Tafsiri Qurtubiy”, 3-jild, 103-b.).

Erkak zotining ba'zi xususiyatlarda ayol kishidan ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmat bor. Tafsirlarda, jumladan, shar'iy nuqtai nazardan erkaklarga xos quyidagi xususiyatlar qayd etilgan: payg'ambarlik, hukmdorlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas'ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o'qish, juma namozining vojib bo'lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to'liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo'lish, oila nomining unga nisbat berilishi, namoz va ro'zani uzrsiz ado etish va boshqalar. Shu va boshqa jihatlarini hisobga olib, ayol kishining eriga itoatli, iffatli bo'lib, oila totuvligi yo'lida doimiy harakatda bo'lishi talab etilgan.

Ba'zi kishilar arzimas sabab bilan ayolini urishga, so'kishga jur'at qiladi. Bu ishlari xatodir. Har qanday oilaviy mojaroni tinch yo'l bilan, oqilona hal etish mumkin.

Vidolashuv xutbasida Payg'ambarimiz (alayhissalom) bunday deganlar: “...Ayollaringizga yaxshilik qilishni tavsiya etaman. Ular sizlarning barcha ishlaringizda yordamchilaringizdir. Faqat itoatsizlik va axloqsizlik qilishsa, ularni engilgina uring” (Imom Termiziy rivoyati), (“Lubobut ta'vil fi ma'onittanzil”).

Vohidiy (roziyallohu anhu) aytgan: “Bu oyatdagi “itoatsizlik”dan murod, erga osiylik qilish, ya'ni, takabburlik bilan erining buyruqlariga qarshi ish yuritishdir”.

Ato (roziyallohu anhu) aytgan: “U (ya'ni itoatsizlik) – ayolning eri uchun o'ziga oro bermasligi (xushbo'ylik sepmaslik), erining undan huzurlanishiga yo'l qo'ymasligi va ilgarigiday eriga bo'ysunish holatining o'zgarib qolishidir. Bunday xotinlarga Allohning Kitobi ila “pand-nasihat qilinglar”, Alloh ularga buyurgan ishlarni eslatinglar”.

“… ularni yotoqlarda tark qiling”.

Bu oyatni Ibn Abbos (roziyallohu anhu): “To'shakda xotiniga orqa o'girib, gapirmay yotishidir”, deb, Sha'biy va Mujohid esa: “Hotini bilan bir joyda yotmaslik, yaqinlashmaslik”, deb tafsir qilgan (“Tafsiri Qurtubiy”, 3-jild, 104-b.).

“… ularni uring!”

Oyatda avval yaxshi muomala qilish, keyin alohida yotish va shunda ham itoat qilmasa, keyin urishga buyurildi. “Urish”dan murod, qattiq urish, a'zosini sindirish, ko'kartirish emas, balki tuzatish maqsadida sekin urish nazarda tutilgan (“Tafsiri Qurtubiy”, 3-jild, 104-b.).

Ibn Abbos (roziyallohu anhu): “Odob berish uchun kafti bilan ko'ksiga turtish kabi”, degan.

Er xotinining itoatsizligini ushbu oyatda zikr qilinganiday, Alloh izn bergan tarzda tuzatishi, bartaraf etishi lozim.

“Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo'l axtarmang”.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Ayollaringiz xususida Allohdan qo'rqing, chunki ularni Allohning omonati sifatida qabul qildingiz va ularni Allohning kalimasi bilan halol qilib oldingiz. Ularning vazifasi sizga itoatli bo'lishdir. Agar itoatsizlik qilishsa, ularni jonini og'ritmay uring” (Imom Muslim rivoyati).

Sha'biy (rahmatullohi alayh) rivoyat qiladi: «Bir ayol Umar (roziyallohu anhu)ning huzuriga kelib: “Ey mo'minlar amiri! Sizga insonlarning yaxshisi ustidan shikoyat qilgani keldim. U shunday odam, yaxshi amal borasida unga etadiganlar juda oz. Kechasi tonggacha namoz o'qiydi va kunduzlari doimo ro'zador bo'ladi”, deganidan keyin uyalib, aslida aytmoqchi bo'lgan gaplarini aytolmadi va: “Ey mo'minlar amiri, meni kechiring”, dedi. “Yaxshi, Alloh sendan rozi bo'lsin. Sen eringni juda yaxshi sifatlar bilan maqtading. U haqda bundan ortiq biror narsa gapirishingga hojat yo'q”, dedi Umar (roziyallohu anhu). Ayol chiqib ketdi. U ketgach, o'sha erda turgan Ka'b ibn Sur (roziyallohu anhu): “Ey mo'minlar amiri, ayol uyalib, shikoyatini ayta olmadi”, dedi. “Ayolning qanday shikoyati bor edi?” deb so'radi Umar (roziyallohu anhu). “Ayol eridan er-xotinlik haqlariga rioya qilmayotir”, deb shikoyat qilmoqchi edi. Shundan so'ng Umar (roziyallohu anhu) ayolni ortiga qaytarib, eriga ham xabar yubordi va ayolning eri kelgach, Ka'bga: “Oralarida sen hakamlik qil”, dedi. “Siz shu erda ekansiz, men qanday hakamlik qilaman”, dedi Ka'b. “Men tushunmagan narsaga sening aqling etdi. Binobarin, ularni eshitib, oralarida hukm etish sening haqqingdir”, dedi Umar roziyallohu anhu.

Shunda Ka'b haligi odamga: «Alloh taolo erkaklarga xitob qilib: “Agar etim qizlarga adolatli bo'la olmaslikdan qo'rqsangiz, sizlar uchun (nikohi) halol bo'lgan ayollarga ikkita, uchta, to'rttadan uylanaveringlar” (Niso,3), deya marhamat qilganiga ko'ra, ko'pi bilan uch kun (nafl) ro'za tutishing mumkin. To'rtinchi kun tutmasliging kerak va ko'pi bilan uch kecha tonggacha ibodat qilishing mumkin. To'rtinchi kecha ayoling yonida yotishing lozim», dedi.

Er-xotin ketishgach, Umar (roziyallohu anhu) Ka'bga: “Sening bu topag'onliging boyagisidan ham go'zaldir”, dedi va uni Basraga qozi etib tayinladi».

 

KYeYINGI MAVZU:

Qo'shniga yaxshilik qilish:

Kishi yaxshi ko'rgani bilan birgadir;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   1534   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.