Shu yil 10 mart kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Rossiya markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Tal'at Tojiddin bilan onlayn muloqot o'tkazdilar. Unda ikki davlat diniy idoralari mas'ul xodimlari, Rossiya islom universiteti rektori Artur Suleymanov, Toshkent islom instituti rektori Uyg'un G'ofurov ham qatnashdi.
Onlayn muloqot Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. Unda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Shayx Tal'at Tojiddinning 40 yillik muftiylik faoliyati davomida katta ishlar amalga oshirgani, ikki davlat diniy idoralari o'rtasida mustahkam hamkorlik aloqalari o'rnatilganini alohida qayd etdilar. Kelgusida ham diniy soha xodimlari va talabalarining o'zaro tajriba almashishi va ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha keng ko'lamli ishlarni amalga oshirish muhokama qilindi.
Shuningdek, muftiy hazratlari yurtimizda diniy sohaga berilayotgan e'tibor, soha vakillariga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik, ikki davlat rahbarlari sa'y-harakatlari bilan hamkorlik aloqalari keng quloch yozayotganini qayd etdilar. Ushbu muloqot ham mamlakatlar diniy idoralari o'rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, turli tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish va mo'min-musulmonlar birdamligini ta'minlashga xizmat qilishiga alohida urg'u qaratdilar.
Rossiya markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Tal'at Tojiddin janoblari bugungi murakkab davrda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash muhim ekani, mintaqalarda soxta salafiylik, ekstremizm va terrorizm kabi tahdidlar zo'raygan vaqtda ulamolarning birdamligi zarur ekanini ta'kidladi. Rossiya Federatsiyasi, MDH va Markaziy Osiyo mintaqalarida faoliyat yuritayotgan ulamolarning aksari ilm-ma'rifatni O'zbekiston zaminida olgani, jumladan, o'zi ham Mir Arab madrasasida ustozlardan ta'lim olganini mamnuniyat bilan esga oldi.
Onlayn uchrashuv davomida Toshkent islom instituti rektori Uyg'un G'ofurov, Rossiya islom universiteti rektori Artur Suleymanov ham so'z olib, ikki davlat diniy ta'lim muassasalari haqida ma'lumot berishdi, bu borada o'zaro tajriba almashish yaxshi natijalar berishini qayd etishdi.
Samimiy va do'stona ruhda o'tgan videomuloqot yakunida ikki davlat musulmonlari idorasi rahbarlari kelgusida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish bo'yicha o'zaro kelishib oldilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati