Malayziya Davlat teleradiokompaniyasi (Radio Televisyen Malaysia - RTM) ning "Fresh Brew" dasturi xodimlari tayyorlagan O'zbekiston haqida maxsus ko'rsatuvda mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmanov Malayziya tomoshabinlarini O'zbekiston – Malayziya munosabatlari haqida ma'lumot berdi.
O'zbek diplomati epidemiologik vaziyat yaxshilangandan so'ng ikki davlat o'rtasida faol hamkorlik qayta tiklanishiga umid bildirdi. Jumladan, ziyorat turizmi istiqbolli sohalardan biri ekani, unga Malayziya jamoatchiligining qiziqishi kattaligiga urg'u qaratdi.
Ta'lim sohasi ham muhim ekani, xususan, Malayziyaning Janubi-Sharqiy Osiyodagi mintaqaviy ta'lim maskani ekanligi katta istiqbollar ochishi, bu erda 200 dan ortiq o'zbekistonlik talaba tahsil olayotgani va Respublikamizda Malayziyaning ikki oliy o'quv yurti filiallari ochilganini qayd etdi.
Ma'lumot uchun, "RTM" nafaqat Malayziyada, balki butun Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik davlat teleradiokompaniyasi hisoblanadi. U 36 ta radio va 3 ta telekanalni o'z ichiga oladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati