Ali ibn Abi Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Kishining saodati hisoblanadigan besh narsa bor . Ular:
Zikr qilingan besh hislatning barchasining o'rtasida bir-biri bilan uzviy bog'liqlik mavjud. O'gitda aytilganidek, qaysi kishida mana shu besh narsaning hammasi mujassam bo'lsa demak, u dunyodagi eng baxtli inson hisoblanadi. Zero, turmush o'rtog'i bilan tabiatlari bir-biriga mos kelmaydigan bo'lishini dunyoda hech kim istamaydi. Agar shunday bo'lib chiqqan taqdirda ham moslashishga harakat qiladilar. Buning uddasidan chiqolmagan oila yo sabr qiladi yoki baxtni his qilmay yashashga ham rozi bo'ladi yoxud ajrashib ketadi. O'gitda aytilganidek, er-xotinning bir-biriga muvofiq bo'lishi, xalqimiz ta'biri bilan aytganda yulduzi yulduziga to'g'ri kelishi ayni saodatning biridir.
Shuningdek farzandlar odob-axloqli, iymon-e'tiqodli, solih bo'lsalar, ularning har biri yutug'i bilan ota-ona faxr osmonida parvoz etadi, shunday farzandlarni ato qilgan Yaratganga behisob shukronalik hissi va saodat bilan yashaydilar. Ammo farzandlar noqobil chiqsa, har qadamda ular tufayli ko'ngilsizliklar, malomatlar yuz beraversa, axloqsizlik bilan oqpadar bo'lib qolsalar, ota-ona uchun dunyo qorong'u bo'lib ketadi. Kishining oilasidan ko'ngli to'q, lekin do'stlari iymonu vijdondan yiroq bo'lsa (aslida bu kabi kimsalar haqiqiy do'stlik nimaligani bilmaydi), oilasidagi farovonlik ham tatimaydi. Hayotda do'stlarining kasriga qolib yuzi qora bo'lganlar oz emas. Oddiy misol bugungi kunda maktabning yuqori sinf o'quvchilari orasida tamaki mahsulotlarini iste'mol qilayotganlar ko'zga tashlanib qolayapti. E'tibor bersangiz, ular yolg'iz emas, ba'zan sinfi(guruhi)ning talaygina a'zolari bo'lib chiqadi. Barchasini shu illatga mubtalo bo'layotganida ular orasidagi “do'stlar”ning chorlovi katta rol' o'ynayotganiga shubha yo'q. Demak bitta “yaxshi do'st”ning “sharofati” bilan chekishni, keyinchalik mast qiluvchi ichmliklar ichishni “o'zlashtiradi” va u tufayli davom etadigan ko'p ko'ngilxiraliklar hatto jinoyatgacha bo'lgan masofani birga bosib o'tadilar. Ming afsus, ba'zilari do'stlikni faqat shulardan iborat deb, o'ylashadi.
Buning aksi o'laroq do'stlar Allohdan taqvo qiladigan, halol, insofli, diyonatli bo'lsa naqadar baxt. Do'stlarning sharofati bilan katta yutuq va obro'ga ega bo'layotganlar ham jud ko'p. Halqimiz orasida “Sen do'stingni kimligini ayt, men seni kimligingni aytaman” qabilidagi hikmatlar, kishining atrofidagilardan ta'sirlanishi haqidagi xulosalardir.
Do'stlaringiz risoladagidek bo'lsada, ular bilan har kuni, har soat birga bo'lavermaysiz. Har vaqt siz bilan yonma-yon umr o'tkazadigan yana bir toifa insonlar borki, ularni qo'shnilar deb ataymiz. Dinimiz ko'plab oyatlarda ochiq-ravshan qo'shnilarga faqatgina yaxshilikni ravo ko'rish haqida ko'rsatma beradi hamda ular tomonidan aziyatlar bo'lsa, sabr qilishga buyuradi.
Hadisi shariflarda ham bu haqida alohida tavsiyalar bor. Ibn Umar roziyallohu anhu va Oisha onamizdan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Jabroil doimo menga qo'shniga yaxshilik qilishga buyuraverganidan oxir oqibat uni merosxo'r qilib qo'yadi, deb o'ylab qoldim” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Agar qo'shnilar shariat chizgisini tasvirlaganday solih, yaxshi qo'shnilar bo'lsa, har kuningiz, har soatingiz osuda o'tadi. Zero, qo'shning tinch-sen tinch, deb bejiz e'tirof etilmagan.
Yana bir saodat belgisi bu - Alloh kishi rizqini o'z yurtida qilib qo'yishidir. Bu aytilgan saodat turini haqiqiy mazasini vatandan, oilasidan yiroqlarda mehnat qilayotgan odamlar juda yaxshi xis qiladilar. Kasbingiz o'z yurtingizda bo'lishi, ertalab ishga oilangiz quchog'idan chiqib, kechga yana ahlingizga qaytib kelish naqadar baxtdir. Buni to'liq anglash uchun juda katta aql, fahm shart emas, barcha birday biladigan haqiqatdir.
Alloh barchamizni soadati mukammal bo'lgan insonlardan aylasin!
Yoqub Buxarbayev
Toshkent islom instituti o'qituvchisi,
Toshkent viloyati Chanoq masjidi imom xatibi
[1] تفسير حقي - (10 / 75) قال على رضى الله عنه من سعادة الرجل خمسة ان تكون زوجته موافقة واولاده ابرارا واخوانه اتقيا وجيرانه صالحين ورزقه فى بلده
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.