Bugun, 10 mart kuni O'zbekiston musulmonlari idorasida internet kuzatuvchilari o'rtasida o'tkazilgan “Yil tanlovi – 2020” g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlar idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon Inomov, Diniy idora mas'ul xodimlari, imom domlalar va mehmonlar qatnashdi.
Tanlov natijalariga ko'ra, “Eng obod masjid” va “Yil imomi” yo'nalishlari bo'yicha quyidagi ko'p ovoz olgan nomzodlar g'olib deb topildi.
“Eng obod masjid” yo'nalishi:
1-o'rin. Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus shahridagi “Imom Eshon Muhammad” jome masjidi;
2-o'rin. Horazm viloyati Urganch shahridagi “Oxun bobo” jome masjidi;
3-o'rin. Andijon viloyati Qo'rg'ontepa tumanidagi “Ramazon qori” jome masjidi.
“Yil imomi” yo'nalishi:
1-o'rin. Andijon viloyati Baliqchi tumani “Oqqo'rg'on” jome masjidi imom-xatibi Rustamjon Hamidov;
2-o'rin. Toshkent shahar Olmazor tumani “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatov;
3-o'rin. Namangan viloyati To'raqo'rg'on tumani “Qo'chqor ota” jome masjidi imom-xatibi Soliyev Muhammadjon.
Alloh taolo mukofotlarni muborak aylasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati