Tadbir O'zbekistonning Singapurdagi elchixonasi ko'magida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy halqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Buyuk Britaniyaning Lester universiteti va Dacore IT mas'uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil qilindi.
Unda qator xalqaro ko'rgazma va festivallarda qatnashgan yurtimizning taniqli usta rassomlari bilan birga yosh ijodkorlar o'z ijod namunalari bilan ishtirok etdi.
Ko'rgazma ishtirokchilari orasida taniqli miniatyurachi, kitobat san'ati bo'yicha tajribali rassom, xattot, grafikachi rassom va fotosuratchi kabi yosh iste'dod egalari bor.
Halqaro miqiyosda e'tibor qozongan "So'g'diyona" milliy cholg'u-asboblari kamer orkestri jamoasi ko'rgazma uchun maxsus tayyorlangan "Zikr" nomli kompozitsiyasini taqdim etdi.
Imom Buxoriyning hadis to'plash yo'lidagi mehnati va ilmiy izlanishlarini aks ettiruvchi ushbu ko'rgazma qator ijodkorlarni bir joyga to'pladi. Ya'ni, ushbu tadbir uchun yaratilgan barcha san'at asarlari “Sahihul Buxoriy” to'plamidan ilhomlangan san'at ustalarining ijod mahsuli hisoblanadi. Ularni bir xayrli maqsad – o'z asarlari orqali islom dinining aql-zakovat, adolat, tinchlik, va bag'rikenglikni mujassam etgan ezgu g'oyalarini halqaro miqyosda san'at muxlislariga targ'ib etish niyati birlashtirib turibdi.
Ko'rgazmada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov bunday tadbirlar bizning zaminda etishib chiqqan ulug' allomalar merosini jahon ommasiga targ'ib etish barobarida xalqlar o'rtasidagi ilmiy va ma'rifiy aloqalarni rivojlantirishga ham xizmat qilishini ta'kidladi. Markazda ajdodlarimizning asarlarini tadqiq qilish, xalqaro hamkorlik yo'nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Muassasa tomonidan o'tgan davr mobaynida bajarilgan ishlar va erishilgan yutuqlar aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.
– Islomda eng muhim va birlamchi omillardan biri – bu insonning nafaqat tashqi, balki ichki holatiga ham ta'sir ko'rsatuvchi poklikdir. Ushbu ko'rgazmada namoyish etilayotgan ijod namunalari odamlarni jism, tafakkur, qalb, ruh va hayot mavzularida chuqurroq mushohadaga undaydi. E'tiborlisi, ko'rgazmada namoyish etilayotgan asarlarning tavsifi va talqini hadislar orqali ifodalanadi. Bu esa, unga tashrif buyuruvchilar uchun islomning asosiy manbalari bilan yaxshiroq tanishishga yordam beradi, – dedi Sh.Ziyodov.
Ko'rgazma so'ngida mavzu yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.
G'.HASANOV, O'zA
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati