Muqaddas dinimiz erkak bilan bab-baravar ayolning ham ilm olishiga, uning ma'rifatli, ma'naviyatli bo'lishiga targ'ib etadi. Chunki ayolning ma'rifatli bo'lishi kelajak avlodning odob-axloqli, tarbiyali, bilimli bo'lib kamolga etishida juda muhimdir.
Bugun poytaxtimizdagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” majmuasida Yunusobod tumani otinoyisi Dilorom Karimovaning “Ma'rifatli otinoyi” kitobi taqdimoti o'tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar hokimligi vakili, shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi, poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan otinoyilar ishtirok etdi.
Bugungi kunda otinoyilarning vazifalari doirasi juda kengayib ketdi. Ular nafaqat diniy bilimlar egasi, ayni paytda yurtimizda kechayotgan ijobiy o'zgarishlar, iqtisodiy, ta'lim va boshqa sohalarda olib borilayotgan islohotlar, jamiyatimiz ma'naviy, diniy sohadagi o'zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanishi lozim.
– Otinoyi – Qur'oni karimni, hadisi shariflarni, siyrat ilmini, xullas, shariat bilimdoni bo'lishi, shuningdek, ayollar o'rtasida diniy marosimlarga boshchilik qiladigan, xalq orasida obro'-e'tiborga sazovor kayvoni ayol bo'lishi shart, – deydi Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari Abduqahhor domla Yunusov. – Bir kishi hakim zotlardan birining huzuriga kelib: “Hazrat, mening bir o'g'lim va bir qizim bor. Ulardan har ikkalasini o'qitishga qurbim etmaydi. Faqat birini o'qitishga imkonim bor, qaysi birini o'qitay?” deb so'rabdi. Shunda hakim zot: “Qizingizni o'qiting. Chunki u kelajakda farzand tarbiya bilan shug'ullanadi. Agar o'g'lingizni o'qitsangiz, bir kishini o'qitgan bo'lasiz, ammo qizingizni o'qitsangiz, butun bir jamiyatni o'qitgan bo'lasiz”, deb javob bergan ekan. Qissadan hissa shuki, ayol kishi, albatta, ma'rifatli bo'lishi kerak. Bugun taqdimoti o'tkazilayotgan bu kitob opa-singillarimizning ma'rifatli bo'lishiga xizmat qiladi, inshoalloh.
Bugun har bir otinoyi o'z hududida barqaror ijtimoiy-ma'naviy muhitni ta'minlashda, xotin-qizlar va yoshlar o'rtasidagi sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda, albatta, bilimli bo'lishi kerak.
– Hozirgi shiddatkor davrda zamon bilan hamnafas bo'lmagan, ma'rifatdan, ma'naviyatdan yiroq kishi yutqazishi tabiiy, – deydi kitob muallifi, filologiya fanlari nomzodi Dilorom Karimova. – Men o'z tajribamdan kelib chiqib, otinoyilarning faoliyatini engillashtirishga xizmat qiladigan kitobim hamkasblarimga manzur bo'ladi, deb o'ylayman.
“Ma'rifatli otinoyi” kitobida dinimiz ustunlari va ahkomlari, onaning farzand tarbiyasidagi ma'suliyati, janoza va dafn marosimlari, ziyorat odoblari, xullas, otinoyilar faoliyatida asqatadigan barcha jihatlar qamrab olingan.
Tolibjon NIZOM
حدثنا أبو جعفر محمد بن علي الوراق نا عبيد الله بن محمد أبو محمد القرشي التيمي نا عبد الرحمن بن حماد نا حفص بن سليمان أنا طلحة بن يحيى بن طلحة عن أبيه عن طلحة بن عبيد الله قال: سألت رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم عن تفسير سبحان الله قال: فقال: هو تنزيه الله عن كل سوء.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan “Subhanalloh”ning tafsiri haqida so‘radim. U zot alayhissalom: “U Alloh taoloni har qanday nopoklikdan poklashdir”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD