G'uzor tumanidagi 1-umumta'lim maktabida taniqli olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov tavalludining 81 yilligi munosabati bilan “Inson xotira bilan tirik, qadr bilan barhayot” mavzusida xotira kechasi va ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi.
“Qashqadaryo” nashrining xabar berishicha, viloyat va tuman hokimligi vakillari, ilm-fan, madaniyat va san'at namoyandalari, sektor rahbarlari, nuroniylar, ustozning yaqinlari, shogirdlari, maktab o'qituvchi va o'quvchi yoshlari ishtirok etgan tadbirda Ubaydulla Uvatovning hayoti va ilmiy-pedagogik faoliyati, ilmiy tadqiqotlari haqida ma'lumot berildi.
Ubaydulla Uvatov 1940 yil 23 fevralda G'uzor tumani Pachkamar QFY Chuchuk ota qishlog'ida tavallud topgan. U yurtimiz allomalari ilmiy-ma'naviy me'rosini o'rganish va jamoatchilikka etkazishga qaratilgan 200 dan ortiq maqola, 50 ga yaqin kitob hamda risolalar nashr ettirgan va ko'plab shogirdlar tayyorlagan.
Olimning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib qadrlanib, “Mehnat shuhrati” ordeni, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. Ubaydulla Uvatov 2017 yildan 2020 yilgacha Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga rahbarlik qilib keldi.
Tadbirda olimning do'stlari, shogirdlari va yaqinlari so'zga chiqib, Ubaydulla Uvvatovning ilm yo'lidagi mashaqqatli mehnati, boy hayotiy tajribasi, qimmatli ilmiy tadqiqotlari, yoshlar kamolotiga qo'shgan ulkan hissasini e'tirof etishdi.
Tadbirda tuman hokimi Bekzod Suyunov ham so'zga chiqib, Prezident administratsiyasi topshirig'iga ko'ra olim tahsil olgan 1-umumta'lim maktabi hamda Amir Temur mahallasidagi Elhaqi va Buyuk karvon yo'li mahallasidagi Chorvadorlar ko'chalariga Ubaydulla Uvatov nomi berilganini ma'lum qildi.
Tuman hokimligi axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, shu kuni 1-umumta'lim maktabining qo'shimcha 360 o'rinli o'quv binosi ham foydalanishga topshirildi.
Mazkur bino 360 o'ringa mo'ljallangan bo'lib, unda o'quv xonalari bilan birga mul'timedia va laboratoriyalar hamda kutubxona mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov