Ilmi yo'qlar o'qimasin!
1) Islom dini hikmatlaridan, shariat ilmlaridan, dunyoviy bilimlardan bexabarlar o'qimasin! Baribir anglamaydi.
2) Besavodlar o'qimasin! Baribir tushunmaydi.
3) Ilmi yo'qlar o'qimasin! Baribir bilmaydi.
Inson – tabiati qiziq... Ba'zan muhim va dolzarb ishlar turganda, arzimas, mayda-chuyda narsalar bilan ovora bo'lib, atrofidagilar bilan o'zaro bahslashadi, tortishadi. Bordi-yu, munozarada yutqazsa, qarshi tomonni ayblaydi, hatto uni dinsizga ham chiqarib qo'yadi. Bu – kecha yoki bugun paydo bo'lib qolgan holat emas. Bunday holat, ayniqsa, muqaddas dinimizning asl mohiyatini chuqur tushunmaydigan yoki boshqalarning ma'naviyatiga tobe kishilarda ko'proq uchraydi.
Gapning indallosi... 8 mart yaqin. Har bahor shu bo'lar takror deganlariday, ko'klam kelishi bilan musulmonlar o'rtasida bir mavzu takrorlanadi: “8 mart – Halqaro xotin-qizlar kunini nishonlasa bo'ladimi?”
Ilmsizlikning eng yuqori cho'qqisi
Birinchi-ikkinchi sinfdagi bolamizga "4 – 9 necha bo'ladi ?" desak, "Ayrib bo'lmaydi!" deb, QAT_''IY javob qiladi. Lekin 6-7 sinfdagi farzandimizdan so'rasak, " Minus (–) 5 bo'ladi! " deb javob qiladi. Nega? Chunki matematika, algebra fanlaridagi "musbat va manfiy sonlar" mavzusini 1-2 sinfdagi bolakayimiz HALI O'TMAGAN! 6-7 sinfdagi bola ushbu mavzuni maktabida O'TIB, UQIB, TUShUNIB, ANGLAB, BILGANI uchun BYeMALOL aniq va TO'G'RI javob berdi.
Quyidagi masala ham HUDDI shunday...
Maqola shu zaylda boshlangani bejiz emas. Negaki, har sana bahor fasli yaqinlashgach, bitta savol g'ujg'on aylanadi.
Tabiiyki, kimlardir bu savolni “bilib” so'rashadi, ayrimlar bilmay. Bilganlarning maqsadi go'yo o'zini ommaga ko'rsatib qo'yish, riyokorlik qilish, dinga, din peshvolariga tosh otish, xalq iborasi bilan aytganda, suvni loyqalatishdan boshqa narsa emas. Aks holda har yili bu savol takror bo'lavermas edi.
O'zi bayram qachon paydo bo'lgan?
Avvalo, o'quvchiga tushunarli bo'lishi uchun ushbu bayram tarixi haqida to'xtalsak. 8 mart 1908 yil birinchi marta Amerika Qo'shma Shtatlarida bayram qilingan. 1909 yildan 1913 yilgacha, fevral' oyining oxirgi yakshanbasida nishonlangan. Dastlab bayramning qaysi kuni nishonlanishi borasida ko'p chalkashliklar bo'lgan. 1911 yildan Halqaro xotin-qizlar kuni Germaniya, Avstriya, Daniya va Shveytsariyada 19 martda nishonlana boshlangan. Keyinchalik 12 may sanasida nishonlangan. 1914 yildan 8 mart bayram kuni sifatida belgilangan.
Bu kun Angola, Gvineya, Kambodja, Hitoy, Kongo, Laos, Makedoniya, Nepal, Janubiy Koreya va Uganda davlatlarida dam olish kuni deb e'lon qilingan. Hozir bu bayram ko'pgina davlatlarda dam olish kuni va ayollar bayramidir.
8 mart bayrami haqida hamma har xil fikrda... Kimlardir uni nishonlasa, kimlardir nishonlanishi kerak emas, deb hisoblashadi. Lekin, hech o'ylab ko'rganmizmi, aslida onalarimiz, opa-singillarimizni tabriklashimiz, ularni ko'ngillarini shod etib, qadrlashimiz uchun 8 martni kutishimiz shartmi? Ularga faqat yilda bir kun, 8 mart kunigina e'tibor qaratishimiz, shirin so'zlab, tabriklashimiz kerakmi? Ular uchun har bir kunni 8 mart bayramidek zavqli va chiroyli kunga aylantirishimiz shart emasmi?!
Shu o'rinda bir mulohaza. Ba'zi mo'min-musulmonlar ham 8 martni bayram qilish dinimizda yo'q, deyishadi. Lekin muhtarama ayolni e'zozlash, unga hurmat ko'rsatish – dinimiz amri, Parvardigori olamning farmoni, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekan, nega endi biz aynan 8 mart kuni xotin-qizlarni e'zozlamasligimiz kerak ekan?!!
“Tabrik”, “Muborak”, “Barakot”!
1)Hadisi shariflarda aytilishicha, to'liq, mukammal salomning bir turi – "Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu" deyishimiz ekan.
2)Namozni ichida salavotda "Allohumma borik a'alaa Muhammadin..." deymiz.
3)Dono xalqimiz hanuzgacha bir insonga yaxshilikni tilaganda ota-bobolarimizdan meros bo'lib kelayotgan "Barakalla!"(Borakalloh!) degan iborani ishlatadi.
4)"Baraka top!", "Baraka toping!" yoki "Umringdan baraka topgin!", "Umringizdan baraka toping!" degan olqishlarni kim eshitmagan?
5)”Ulug' ayyomlaringiz muborak bo'lsin!” deb bayramlarda o'z yaqinlarini tabriklamaydigan inson bormikan?
6)Oylarning podshosi Ramazon oylari kirganlarida ham "Ramazon oylaringiz muborak bo'lsin!" deyiladimi?
7)Haj ibodatini ado qilib kelganimizga "Hajingiz muborak bo'lsin!" deyilsa kerak?
8)Har ikki hayitlarda "Hayitingiz muborak bo'lsin!" degan iborani ishlatmagan odam yo'q, shekilli?
9)Kundagi hayotimizda ham millatidan, jinsidan, irqidan, yoshidan, ma'lumotidan, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar, har qanday aql-zakovatli, ota-onasidan nafaqat tarbiya ko'rgan, balki shu tarbiyani olgan inson biron yaqin kishisiga yangi uy olsa, yangi moshina olsa, yangi ishga o'tsa, o'z sohasida biror yutuqga erishsa, to'y qilsa, uylansa, yangi kiyim kiysa, "muborak bo'lsin!" deydi. Bir so'z bilan aytganda, yaqinimizning hayotida biron yaxshilik yoki yangilik sodir bo'lsa, o'z-o'zidan tilimizga beixtiyor "muborak bo'lsin!", "tabriklayman!" degan iboralar keladi.
Yuqorida zikr etilgan o'rinlarda hammasining ichida "baraka" degan so'z mavjud.
1)"Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu",
2)"Allohumma borik a'alaa Muhammadin...",
3)"Barakalla!"(Borakalloh!),
4)"Baraka top!", "Baraka toping!","Umringdan baraka topgin!", "Umringizdan baraka toping!",
5) ”Ulug' ayyomlaringiz muborak bo'lsin!”,
6)"Ramazon oylaringiz muborak bo'lsin!",
7)"Hajingiz muborak bo'lsin!",
8)"Hayitingiz muborak bo'lsin!",
9)"Muborak bo'lsin!", "tabriklayman!"
Arab tilida nafaqat so'zlari bir necha ma'noni, balki 28 ta xarflari ham lug'aviy so'zdan tashqari raqamli ma'nolarni ham ifoda etishini bilmaydiganlar "Baraka" arab tilidagi so'z bulib, uning o'zbek tiliga tarjimasi “Alloh taoloning barakasi”, “Ilohiy fayz”, “Hudoning rahmati”, ”Ilohiy baxt”, ”Ulug' rizq”, “Baraka”, “Mo'l-ko'llik”, “Serhosillik”, “Serobchilik”, “Behisob boylik”, ”Bandasigagina beriladigan beqiyos ne'mat” degan ma'nolarni anglatishini qayerdan ham bilishsin?!
“Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo,
Illat izlaganga illatdir dunyo”
Aslida ulardan xafa ham bo'lish nojoiz, chunki ularni Hudoi taoloning O'zi shunday qilib yaratgan-da! Toshbaqa bilan chayon hikoyasidagi chayon kabi.
Ho'sh, shunday ekan, yilda bir marta dasturxon atrofida oilaviy yig'ilishib, buvi, ona, opa, singil, xullas, ahl ayollarini tabriklash mumkin emasmi?!
Darvoqe, nafaqat biror bayram, balki istalgan sanada, xoxlagan kunda ham Hudoi taolo man etgan yoki shariatimiz qaytargan narsalarni iste'mol qilish qat'iyan mumkin emasligini bilmagan odam yo'q...
Asl maqsad-muddao nima?
Biz bugun axborot texnologiyalari rivojlangan asrda yashayapmiz. Bugun savob qozonish imkoniyati qanchalik keng bo'lsa, gunohga botish yo'llari ham shunchalik ko'p. Mo'min-musulmon kishi har doim ehtiyot bo'lishi, bo'lar-bo'lmas gaplarni aytavermasligi, tilini tiyishi va har kim haqida yaxshi gumonda bo'lishi zarur. Aks holda, Parvardigori olamning huzuriga kim qay ahvolda borishni hech kim bilmaydi...
“Odam bilmagan narsasiga dushman”, degan bir dono hikmat bor. Darhaqiqat, shunday. Ayniqsa, oddiygina o'rta maktabning 5-6 sinflarida o'tiladigan darslarini bilmagan 4-5 nafar na odob-axloqdan, na dinu diyonatdan, na diniy-na dunyoviy ilmlardan bexabarlarning, dunyoqarashi o'ta tor bo'lib, burnidan u yog'ini ko'raolmaydiganlarning muqaddas va pok Islom dinimizning ahkomlari xususida turli savollar tarqatib, mo'min-musulmonlarni chalg'itishga nima haqlari bor?!?
Islomda ayol
8 mart ilk tarixi – xotin-qizlarning huquqlari himoya qilinib, tenghuquqlilik talab etilgan. Ho'sh...
Alloh taolo insoniyat naslini davom ettirish uchun ayolga onalik imkonini berdi. Ayol erkak uchun taskin, osoyishtalik va libos timsoliga aylandi. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyiladi: “U sizlarni bir jondan yaratgan va orom olsin uchun undan juftini yaratgan Zotdir”(A'rof surasi 189-oyat). Boshqa bir oyatda esa: “Ular (Ayollar) sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz”(Baqara surasi 187-oyat), deb marhamat qilingan.
Qur'oni karimning bir nechta oyatlarida onani e'zozlashga, uning haqqini ado etishga buyurilgan (masalan: Isro surasi 23-24 oyatlar, Luqmon surasi 15-oyat, Ahqof surasi 15-oyat). Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida: «Jannat – onalar oyog'i ostidadur!» – deb marhamat qilganlar. Islom ta'limotida oilali ayolning zimmasiga qator vazifalar yuklatilishi bilan barobar, oilada uning o'z haq-huquqlari ham borligi aytilgan (masalan: Baqara surasi 228-oyat).
Ayollarga chiroyli muomala qilishda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam butun insoniyatga namuna bo'ladilar! Ayol nomini ulug'lash, uning sha'nini ko'tarish, xotin-qizlarning huquqini belgilab berishda nafaqat Islom olamiga, balki butun jamiyatga ibratdirlar. U Zoti sharifning muborak oxirgi vasiyatlarida bunday mashhur jumlalar bor edi: “Ogoh bo'linglar, ayollarga yaxshi muomala qilinglar!..”(Imom Termiziy rivoyatlari).
Boshqa hadisi shariflarida: “Sizlarning yaxshilaringiz – xotinlariga yaxshilik qiladiganlaringizdir!”(Imom Termiziy rivoyatlari);
«Kimning bir qizi bo'lib, unga chiroyli odob bersa, Alloh bergan ne'matlaridan uni ham bahramand qilsa, nomai a'moli o'ng tarafdan berilishiga va do'zaxdan osongina qutulib, jannatga doxil bo'lishiga sabab bo'ladi»;
«Mo'minlarning eng imoni mukammali – go'zal xulqlisidir! Sizlarning eng yaxshingiz – o'z ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo'ladiganingizdir!», deyilgan.
Abu Umomadan rivoyat qilinadi: «Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Mo'min banda Allohga bo'lgan imondan so'ng erishgan yaxshi narsa soliha ayol bo'lib, unga amr qilsa – itoat qiladi, qarasa – xursand qiladi, qasam ichsa – uni oqlaydi va g'oyib bo'lsa – o'z nafsida va molida unga yaxshilikda bo'ladi,” – der edilar» (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Olmoniyalik taniqli olima Annamariye Shimmelning “Jonon mening jonimda” kitobida bunday jumlalar keladi: “Islom jamiyatida eng katta hurmatga loyiq zot – ayol, ona hisoblanadi”.
Islomda Alloh taologa ibodat qilishdan keyingi birinchi o'ringa qo'yilgan amal silai rahm bo'lib, uni eng yaqin jigarlardan, ya'ni onalar, farzandlar, opa-singil, amma va xolalardan boshlashga targ'ib etiladi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning «Ayollar – erkaklarning ajralmas qismidirlar», degan hadislariga binoan, ayol kishi jamiyatning ajralmas bir bo'lagi ekan, u ijtimoiy hayotda o'z mavqeiga ega bo'lib, ilm olishga, kasb-hunar qilishga haqlidir.
Shikoyatini Alloh taolo eshitgan ayol
Umar ibn Hattob raziyallohu anhu ashoblar bilan masjiddan qaytayotganlarida bir ayol yo'llarini to'sib, ta'na qila boshladi: «Ey Umar, seni bir vaqtlar “Umarcha” deyishardi, keyin “Umar” deb ataladigan bo'lding. Bugun esa seni “mo'minlar amiri” deyishmoqda. Ey Umar, mas'uliyat bobida Allohdan qo'rq, kim Qiyomat kunidan qo'rqsa, o'sha olis kun unga yaqinlashib qoladi, kim o'limdan qo'rqsa, o'tkinchi narsalar uni qo'rquvga soladigan bo'ladi”. Hamrohlari Hazrat Umarga: “Shu kampirning gapiga quloq solib o'tiribsizmi?” – deyishdi. Shunda Hazrat Umar: “Bu ayolning kimligini bilmaysizlarmi? U – Avs ibn Somitning xotini Havla binti Sa'laba bo'ladi. Uning so'zini Alloh taolo eshitgan-u, Umar eshitmasinmi?” – dedilar».
Ayol bilan maslahatlashing!
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam mushkul vaqtlarda ayollari bilan maslahatlashganlar. Hudaybiya sulhi voqeasida mushriklar bilan sulh tuzilgandan keyin sahobalarga: “Turinglar, qurbonliklaringizni so'yinglar va sochingizni olinglar”, – dedilar. Ana shu gaplarini sahobalarga uch marta takrorlab aytsalar ham, biror kishi o'rnidan turmadi.
Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam zavjalari Ummu Salama raziyallohu anhoning oldilariga kirib, voqeani aytdilar. Ummu Salama raziyallohu anho: “Ey, Allohning Rasuli! Shundoq qilishlarini xohlaysizmi? Chiqing-da, ulardan birortasiga biror so'z aytmasdan, qurbonligingizni so'ying, soch oluvchingizni chaqiring, sochingizni olsin”, – dedilar.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam zavjalari Ummu Salama raziyallohu anho maslahat qilganlaridek ish tutdilar. Sahobalar U Zot sallallohu alayhi vasallamni ko'rib, qurbonliklarini so'ydilar va sochlarini oldirib, U Zotga darhol ergashdilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Yer yuzida Islom dinini ilk qabul qilgan inson – aynan ayol (!) kishi bo'lgani ayollarning faxrlanishlari uchun etarlidir! Bu ayol – Hadicha raziyallohu anhodirlar.
1500 ga yaqin kitob yozgan hindistonlik buyuk olim Ashraf Ali Tahonaviy “Bayonul Qur'on” deb nomlangan tafsirni yozayotgan payt ayoli u kishiga: “Uydagi qushlarga don berib, so'ng madrasaga keting”, – dedi.
Hazrat “Bayonul Qur'on”ning xayolida ayolining gapini esdan chiqarib, madrasaga ketaveribdi. U zotning shogirdlaridan Shafe' Usmoniy aytadi:
“Agar bir odamning 1500 ta kitob yozishiga kimki shubha qiladigan bo'lsa, unga o'zim ko'rganimni aytib beray: “Men Tahonaviyning qalamini qo'li tegmagan holda kitobning ustida aylanib yozayotganini ko'rganman”.
O'sha kuni tafsirni davom ettirmoqchi bo'lgan olimning qalami qimirlamabdi. Harchand urinib, uni yurgizishga harakat qilmasin, qalam joyida qotib turaveribdi. Shunda Yaratganga “Yo Allohim, men har doim yozishga o'tirganimda, qalam o'zi yozishni boshlardi, mendan nima gunoh sodir bo'ldiki, bugun qalamim yozmayapti?” – deb nola qilibdi. Shunda uydan chiqayotganida ayoli qushga don berishni aytgani esga tushib, qalamni tashlagancha, uyga yugurib ketibdi.
Uyga borib, qushga don berib kelganidan so'nggina qalam qimirlagan ekan.
Qalam yozishni boshlagan joy esa Qur'oni karimning Niso surasidagi «Ayollaringiz bilan yaxshi muomalada bo'linglar!» degan oyat ekan.
Modomiki shunday ekan, Onaga, Ayol zotiga yuksak ehtirom ko'rsatish – azaliy qadriyatlarimizdan biridir. Sohibqiron Amir Temurning: “Ayollarga imkon qadar iliq muomalada bo'lishga harakat qildim”, degan hikmatli so'zi asrlar oshsa-da, o'z mohiyatini yo'qotmagan. Qadimdan ayolni e'zozlagan davlat gullab yashnagan, ravnaq topgan. Ayolni ardoqlagan oila esa bu dunyoning jannatiga erishgan.
Ayol erdan chiqqan emas, erkak – uning otasi.
O'g'il ko'kdan tushgan emas, ayol – uning onasi.
Hulosai kalom
Dinimizda ayolga e'tibor naqadar yuksak ekanini bugun hamma e'tirof etadi. Qur'oni karimda ham ayollarga ehtirom ko'rsatish erkaklar zimmasiga yuklangan, Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham ayollarni e'zozlagan ekanlar, nahotki biz bu ishni bir kunga – 8 martga xoslab olgan bo'lsak. Shunday ekan, har kuni ayollarni e'zozlashimiz, ular uchun har kunni “8 mart” qilishimiz kerak emasmi?!
Ona o'rnin ato tutmas o'g'ilg'a,
Ki mumkindur o'g'il bo'lmoq atosiz,
Masiho birla Maryamdin qiyos et,
Ki imkon yo'qturur bo'lmoq anosiz
(Alisher Navoiy).
Klara Tsetkin ismli ayol 1910 yil Kopengagenda o'tkazilgan Ikkinchi xalqaro ayollar konferentsiyasida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilib chiqqan bulsa, dinimizning asosiy manbasi Kalomullohda 14 asrdan ziyodroq vaqt avval ayolni e'zozlash ilohiy amr bilan buyurilgan.
Sen hammadan suyuksan, suyukliging unutma, ayol!
Farzand deb dil kuyuksan, kuyukliging unutma, ayol!
Payg'ambaru avliyo, jahongirga sen – Ona,
Shu bois ham buyuksan, buyukligining unutma, ayol!
Haqiqiy baxt esa, ayolni asl maskani – oilasi bag'riga, farzandlari quchog'iga, erkaklarning ardog'iga qaytarishda! Unga onalik baxtini, ayol mukarramligini va go'zalligini, nazokatini, hayo va iffatini qaytarib berishda. Shunday ekan, ayolni e'zozlash, ular uchun har kunni 8 mart qilish zarur!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Qur’on faqat qiroat qilish uchun emas, balki uch maqsadda nozil bo‘lgan:
Imom Moturidiy rahimahulloh Qur’onning barakasiga musharraf bo‘lish uchun nimalar qilish kerakligi haqida bunday yozadi: “Alloh taolo Qur’onni “muborak”, ya’ni barakali kitob deb nomlagan. Chunki Qur’onga ergashgan, uni mahkam ushlab, ko‘rsatmalariga amal qilgan banda odamlarning ko‘zlari va qalblarida muhtaram va sharafli insonga aylanadi. Baraka shudir! Inson baraka bilan barcha yaxshiliklarga ega bo‘ladi! Ziyodalashish va o‘sishda bardavom bo‘ladi! Buning uchun, albatta, Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni banda o‘zi uchun zararli va foydali narsalarni hamda bajarish va saqlanish lozim bo‘lgan ishlarni tanib olishi darkor”.
Ma’lumki, Qur’oni karim arab tilida bo‘lib, uning ma’nolarini tushunish va tadabbur qilishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida Imom Moturidiy rahimahulloh quyidagi ko‘rsatmalarni beradi: “Qur’onni tadabbur qilish hakim (donishmand) va ahli basar (olim)larning ishi bo‘lib, avom xalqning bunda nasibasi yo‘qdir. Avom xalq mazkur ikki toifa tushuntirib bergan narsalarga ershgashishlari va ularga iqtido qilishlari shartdir”.
“Qalbi bor odam, ya’ni taammul va tafakkur qilgan banda Qur’ondan ibrat oladi. Bu oyatlarda aql kinoya tarzda qalb deb nomlangan. Chunki olimlar aql borasida ixtilof qilganlar. Ba’zi olimlar qalb aqlning o‘rni desalar, ayrimlari aql boshda joylashgan, lekin uning nuri qalbga yetib boradi va qalb aql vositasida g‘aybiy narsalarni ko‘ra boshlaydi, deganlar. Shuning uchun ham ba’zi oyatlarda aql kinoya tarzda qalb deb atalgan. Zero, ikkisining orasida bog‘liqlik mavjud bo‘lib, bu tarzda ishlatilishi lug‘atda keng tarqalagan.
Shuningdek, va’z-nasihatni qalbi hozir bo‘lgan holda tinglaganlar ham Qur’ondan ibrat oladilar. Ilm hosil bo‘lishi va tushunishning asosiy ikki omili Qur’oni karimda o‘z isbotini topgan. Birinchisi tafakkur va tadabbur qilish orqali, ikkinchisi esa qalbi hozir bo‘lgan holda jon qulog‘i bilan tinglash natijasida hosil bo‘ladi. Kimda shu ikki hislat topilsa, aql – qalbi bilan yaxshi-yomonni ajrata oladi. Alloh bilguvchiroqdir!”
“Qo‘rqinch va azob haqidagi oyatlar tilovat qilinganda Allohdan qo‘rqadigan bandaning teri titrab ketadi, rahmat oyatlari o‘qilganda esa, qalbi va terilari muloyimlashadi. Allohdan qo‘rqadigan banda har qanday oyatni o‘qisa ham, badani titrab, qalbi taskin topadi”.
Imom Moturidiy rahimahulloh Qur’onni tinglab yig‘lash mo‘tadil holda bo‘lishi kerakligini quyidagicha ifodalaydi: “Qatoda rahimahulloh bu haqda bunday degan: “Iymoni mustahkam bandalarning badanlari titrab, ko‘zlari yig‘laydi va qalblari Qur’on bilan xotirjam bo‘ladi. Ammo bid’atchilarga o‘xshab, aqllaridan ozib, xushlarini yo‘qotmaydilar”.
Darhaqiqat, qasamki, bu ummatning orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, U zotning suhbati uchun Alloh tanlab olgan sahobalar va ularning shogirdlaridan-da bilimliroq kimsa yo‘q! Mazkur salafi solihlar Qur’on o‘qilganda aqldan mosuvo bo‘lib, bexush bo‘lishni bid’at sanaganlar”.
“Inson tanasiga turli ofat va kasalliklar xavf solgani kabi dinga ham ofat va zararli dardlar rahna solib, unga talofat yetkazish va uni halokatga duchor qilishga harakat qiladi. Alloh taolo tanamizni ofat va kasalliklardan saqlash uchun dori-darmonlarni yaratib qo‘ygan. Din ofati va illatlariga esa Qur’onni shifo qilib qo‘ygan! Shuning uchun ham Qur’on mazkur oyatda qalb – sadrlardagi kasalliklarga shifo va pand-nasihat deb zikr qilingan. Zero, Qur’on qotgan qalbni yumshatadi, qurigan ko‘zlarni yoshga to‘ldiradi va qorong‘u sadr – dilni nurga to‘ldiradi”.
“Qur’oni karim dunyoda shifo istaganlar uchun shifo va unga amal qilganlar uchun rahmatdir. Qur’ondan yuz o‘girgan va uni mensimaganlar uchun esa haqiqatni ko‘ra olmaslik, zarar va zulmatdir. Qur’onga ta’zim va hurmat nazari bilan qaraganlar esa shifo topadilar. Inson odatda ko‘z nuri va havodagi nurning birlashishi natijasida biror narsani ko‘ra oladi. Agar insonning ko‘zi ko‘r bo‘lsa, havodagi nur qanchalik yorqin bo‘lmasin, hech narsani ko‘ra olmaydi.
Shuningdek, ko‘z nuri qanchalik o‘tkir bo‘lmasin, havoni zulmat qoplagan bo‘lsa, inson hech narsani ko‘ra olmaydi. Huddi shu kabi, qalbida kufr, shubha va shikr bo‘lgan inson Qur’on nuri va uning shifosini ko‘ra olmaydi. Chunki qalbini zulmat qoplagan bo‘ladi. Qalbida imon nuri bo‘lgan mo‘min esa, Qur’onning nuri va shifosini ko‘rishga qodirdir. Dori-darmonlar ham shunga o‘xshaydi. Ular qanchalik foydali bo‘lmasin, inson tabiatiga mos kelmasa, shifo hosil bo‘lmaydi, aksincha, zarar bo‘ladi. Qur’on ham huddi shunday! U o‘zi shifo va rahmat bo‘lsa ham, qalbi kufr va shirk bilan kirlangan insonlarga shifo bo‘lmaydi, aksincha, xasrat-nadomat va zulmat bo‘ladi!”
“Qur’on din va inson joniga zararli bo‘lgan barcha kasallik va dardlarga shifodir”.
Imom Moturidiy rahimahulloh xushu’ bilan tilovat qilishni quyidagicha ta’riflaydi: “Xushu’ Allohdan qo‘rqish natijasida paydo bo‘lgan xavfning ta’siri bo‘lib, yuz va boshqa barcha a’zolarda zohir bo‘ladi. Shuning uchun ham ba’zi olimlar: “Namozdagi xushu’ namoz o‘qiyotgan banda o‘ng va chap tarafida turganlarni tanimasligidir. Chunki yonida turgan odamni tanish tilovat qilayotgan oyatni tushunishga xalal beradi”, deganlar.
Manba: Abu Mansur Moturidiy. Ta’vilot Ahl as-sunna. – Bayrut: Muassasa ar-risala, 2004.