«Bas, o'z kitobi (nomai a'moli) o'ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana mening kitobimni o'qinglar”» (Al-Hoqqa surasi, 19-oyat).
Ushbu oyati karima dastlab Habashistonga, so'ng Yasribga hijrat qilgan birinchi muhojir Abu Salama haqida nozil bo'lgan.
Ibn Abu Osim Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda bunday keladi: “(Qiyomat kuni) nomai a'molini o'ng tomonidan oladigan birinchi kishi Abu Salama ibn Abdul Asad roziyallohu anhudir. Nomai a'molini chap tomonidan oladigan birinchi kishi uning akasi Sufyon ibn Abdul Asaddir”.
To'liq ismi: Abdulloh ibn Abdul Asad Maxzumiy. Kunyasi: Abu Salama. Islomni ilk qabul qilgan o'n sahobadan keyin, Nabiy alayhissalom Dorul Arqamga kirishlaridan oldin imon keltirganlardan. Otasi: Abdul Asad ibn Hilol. Onasi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ammalari Barra binti Abdulmuttalib. Turmush o'rtog'i: Ummu Salama roziyallohu anho. Abu Salama Nabiy alayhissalomning ham ammalarining o'g'li, ham emikdoshlaridir. Abu Lahabning cho'risi Suvayba roziyallohu anho ikkalalarini emizgan.
Hidoyat quyoshiporladi
Abu Salama atrofida sodir bo'layotgan, sog'lom qalb egasi ko'tara olmaydigan johiliyat ishlarini ko'rib, yuragi ezilar, og'riq chekardi. Qaniydi, bir tong otsaki, johiliyatning bu zulmatlari parchalansa... Quyosh nuridan butun olam yorishsa...
Nihoyat kutilgan tong keldi. Muhammad alayhissalom payg'ambar etib yuborilishlari bilan hidoyat quyoshi johiliyat zulmatlarini yorib, o'z nurini yoya boshladi. Avvalida bu hidoyat nuridan bahramand bo'lganlar kamchilikni tashkil etdi. Abu Salama ular orasida edi.
Johiliyat hayotidan yaxshigina nasiba olayotgan ba'zi mushriklar ko'p yillik obro'-e'tibor va martabalaridan ayrilishni istashmadi. Shu bois musulmonlarni Islomdan uzoqlashtirishni istashdi. Mo'minlarni bu yo'ldan qaytarish uchun zulmning turli ko'rinishlarini ishga solishdi.
Nabiy alayhissalom sahobalarning azoblanishlarini istamadilar. Mushriklarning jabr-zulmidan saqlanish uchush Habashistonga hijrat qilishni buyurdilar. Abu Salama va uning oilasi ham birinchi muhojirga aylandi...
Intilganga tole yor
Allohning Habibidan uzoqda yashash, sog'inch hissi boshqa muhojirlar qatori Abu Salamaning ham qalbini o'rtardi. Makkadan kelgan har bir xabarni intiqlik bilan kutdi. Keyin esa Makkada vaziyat yumshagani, musulmonlar soni ko'payayotgani haqidagi gap-so'zlarga ishonib, Habashistonda ko'p vaqt qololmadi. Payg'ambarimiz alayhissalomning suhbatlaridan bahra olish uchun oilasi bilan yana Makkaga qaytdi.
Biroq vaziyat u kutganidek emas edi. Mushriklar, ayniqsa, o'z qabilasi Bani maxzumliklar Abu Salama va uning oilasiga tinchlik bermadi. Sababi, Abu Jahl ushbu qabilaning raisi edi. Buning ustiga Abu Salamaning himoyachisi – tog'asi Abu Tolib ham vafot etgandi.
Oyning o'n beshi qorong'u, o'n beshi yorug' deganlaridek, Yasribga hijrat boshlandi. Abu Salama yana yo'lga otlandi. Uning Yasribga ko'chish ixtiyori Habashistonga qaytib ketishdan ko'ra kuchliroq edi. Chunki Yasrib bilan Makka orasi Habashistongacha bo'lgan masofadan ko'ra yaqinroq, u erning aholisi arablar bo'lib, tili bir, tabiati bir-biriga mos edi. Yasrib aholisining musulmon bo'layotgani, ayniqsa, u erga Mus'ab roziyallohu anhuning dinni o'rgatish uchun yuborilgani, ibodatlarini xavotirsiz bajarishiga, Islom dinini yanayam ko'proq o'rganishiga imkon yaratardi.
Ushbu omillar sabab Abu Salama oilasi bilan Madina sari otlandi. Biroq hijrat chog'ida katta qiyinchiliklarga duchor bo'ldi. Yo'l-yo'lakay ayolining qarindoshlari Ummu Salama roziyallohu anhoni hibsga olishdi. Qabiladoshlari esa o'g'li Salamani olib qolishdi. Abu Salama Madinaga yolg'iz o'zi safar qilishga majbur bo'ldi. Faqat bir yildan so'nggina butun oila Yasribda jamlandi.
Abu Salama avvaliga Quboda madinalik ansoriy Mubashshir ibn Abdul Munzir roziyallohu anhuning uyiga kelib tushdi. Keyinchalik Rasululloh alayhissalom unga Bani Zuhra qavmidan maskan ajratib berdilar. Yana Sa'd ibn Haysama ansoriy bilan birodar tutintirdilar.
Madinada Abu Salama Nabiy alayhissalomning har bir ishlari, xulqlarini o'rganib, o'rnak oldi, soya kabi doimo ergashib yurdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan muhabbati kundan-kun ziyodalashib bordi. Natijada u zot uchun jonini, mol-dunyosini fido qiladigan holga etdi.
Hijratning ikkinchi yili musulmonlar bilan Makka mushriklari o'rtasida Badr g'azoti bo'lib o'tdi. Jangda oz sonli musulmonlar orasida Abu Salama ham ishtirok etdi. Musulmonlar zafar qozonishdi. Huddi shu yili Payg'ambarimiz alayhissalom Ushayra g'azotiga ketayotib, Abu Salamani Madinada o'rinbosar etib qoldirdilar. Keyingi yili Uhud jangida Abu Salama qo'lidan jarohatlandi...
Uhuddan ikki oy o'tar-o'tmas, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Huvaylidning Tulayha va Salama ismli ikki o'g'li musulmonlarga qarshi urush uchun qavmidan odam to'plagani xabari keldi. Nabiy alayhissalom 150 kishilik jangchi guruh tuzib, Abu Salamani boshliq etib yubordilar. Askarlar bilan dushmanni engib ortga qaytishdi. Bu yurishda Abu Salamaning qo'lidagi eski jarohati yana ochilib, qon keta boshladi. Ahvoli og'irlashdi.
O'lim to'shagida yotarkan, bir vaqtlar Nabiy alayhissalomning: «Sizlardan qay biringizga musibat etsa: “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz. Yo Alloh, ushbu musibatimga Sendan ajr umid qildim. Bas, menga musibatim evaziga ajr ber. Uning o'rniga yaxshilik ber”, deb aytgan ta'limlarini esladi va: “Yo Rabbim, mendan so'ng ahlimga mendan ko'ra yaxshiroq o'rinbosar ato etgin», deb duo qildi.
Olamlar sarvari ziyoratga kelganlarida Abu Salama endigina jon taslim qilgan, ko'zlari ochiq qolgan edi. Nabiy alayhissalom muborak qo'llari bilan ko'zlarini yumdirdilar va: “Ruh qabz etilsa, ko'z unga ergashadi”, dedilar. Shu vaqt uning oilasidagi kishilar uvvos solib faryod qila boshlashdi. Buni ko'rgan Nabiy alayhissalom: “O'zingizga faqat yaxshilik tilang. Albatta, farishtalar omin deb turishadi”, deb ogohlantirdilar. So'ng: “Yo Alloh, Abu Salamani mag'firat et, Na'im jannatlarida uning darajasini yuqori qil. Bizni ham, uni ham mag'firat ayla, ey olamlar Rabbi”, deya duo qildilar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Salama vafot etganda Ummu Salama roziyallohu anho istirjo aytdi. Ushbu duo ijobatidan keyinchalik Nabiy alayhissalomga turmushga chiqib, mo'minlar onasi sharafiga erishdi.
ToshkentIslom institutio'qituvchisi
Hafiza BAHTIYoR qizitayyorladi.
Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.
Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.
Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.
Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.
Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.
“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.
Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati