3. Asrading katton kafan
qilmoq uchun, ne sudkim,
Hashr bozorida beqiymatdurur
mundoq mato'.
“Katon” yoki “katton” – kanopdan to'qilgan kiyimlik yoki kafanlik matoh. Naqlga ko'ra, katton oyning yorug'iga chidamay, tez yirtilar ekan. Navoyi boshqa baytda bunga ishora qilib: “Fig'onkim, oyni yod etmak zarar qildi katonimg'a” deydilar.
Navoiy demoqdalarki: “Sen qimmatli katton matohini kafan qilish uchun avaylab-asrab qo'yding. Garchi bu dunyo bozorida katton matohi qimmatli, qadrli bo'lsa ham, lekin hashr bozorida – mahshar yig'inida, ya'ni qiyomat kunida bu matohning hech bir qadri-qiymati yo'qdir”.
U hashr maydonda sening iymon-e'tiqod bilan qilgan yaxshi amallaring foyda beradi, savob ishlaring tosh bosadi, xolos.
* * *
“Tazkiratul-avliyo” kitobidan: “Uvays Qaraniyga aytdilar:
– Sening yaqiningda bir kishi borki, o'ttiz yildan beri, bir go'r qazib, bir kafanni go'rga osib, qabr og'zida o'tirib, kecha-kunduz tinmay yig'lagani-yig'lagan.
Uvays darhol u erga bordi va ozib-to'zgan, ranglari sarg'aygan, ko'zlari ichiga botgan ul kishini ko'rdi. Unga:
– Ey falon! O'ttiz yildan beri bo' go'r bilan kafan seni Alloh ta'olodan chalg'itib qo'yibdi! Sen bu ikkisi tufayli yo'ldan ozibsan! Bu ikkisi sening yo'lingdagi butdir! – dedi.
Bu zot uning nuri bilan o'z nafsidagi ofatni ko'rdi. Unga hol kashf bo'ldi, parda ko'tarilib, haqiqati hol ayon bo'ldi. Bir na'ra tortib, jon berdi va o'sha go'r bilan kafanga tushdi. Agar go'r bilan kafan nsonga shunday parda-to'siq bo'lsa, bas, endi boshqalarning pardasini ko'rgilki, nedir!”.
* * *
O'limga va oxiratga tayyorgarlik ko'rish degani qimatli kafan sotib olib, xushbo'ylik va atirsovunlarni joylab, zamzam suvini saqlab qo'yishdan iborat emas. Asl tayyorgarlik – iymonu ixlos bilan ibodatlarni bajarish, xayrli amallarni ko'paytirish, mo''minlarga manfaat etkazish, umrini ma'noli o'tkazish, molu joni bilan Alloh yo'lida fidokor bo'lishdir!
Mirzo Kenjabek,
“Navoiy muhabbati”
kitobidan.
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD