Joriy yilning yanvar' oyi o'rtalarida baxtsiz hodisa sabab, poytaxtimizning Yunusobod tumani «Bobodehqon» mahallasida joylashgan uchta xonadon alanga ichida qoladi. Olov xonadon egalarining uylari bilan birga, bor-budini, kiyim-kechak va hatto hujjatlarini ham kulga aylantiradi.
Mazkur holatdan xabar topgan Vaqf fondi mutasaddilari tomonidan 29 yanvar' kuni “Obod xonadon” aktsiyasi e'lon qilinib, 18 fevralga qadar zarur bo'lgan 90 million so'm mablag' yig'ildi.
Bugun, Vaqf xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo qori Abdurahmonov, «Bobodehqon» mahallasiga tashrif buyurib ushbu xonadon egalarining har biriga 30 million so'mdan jami 90 million so'm xayriya mablag'lari va oziq ovqat-mahsulotlarini topshirdi.
Uyi qayta qurilayotganidan xursand bo'lgan 84 yoshli Abduvali bobo: “Vaqf fondi xodimlari, xayriya qilgan va hissa qo'shgan barcha insonlardan Alloh rozi bo'lib, o'ylagan ezgu niyatlariga etkazsin”, deya duo qildi.
“Qisqa fursatda, mahallamiz aholisi va saxovatpesha vatandoshlarimiz tomonidan, ko'plab moddiy yordamlar, oziq ovqat mahsulotlari hamda qurilish mollari ehson qilindi. Aksariyat kishilar manzillaringizni Vaqf fondi xodimlaridan oldik deb aytishdi. Mahallamiz nomidan fond xodimlari va ehson sohiblariga tashakkurlar izhor etamiz”, dedi, «Bobodehqon» mahalla fuqarolar yig'ini raisi Dilmurod Bekmuhammedov.
Vaqf fondi mazkur aktsiyada ishtirok etgan barcha sahovatpesha vatandoshlarimizga o'z minnatdorligini bildiradi.
Vaqf xayriya jamoat fondi matbuot xizmati
Shu yil 23 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Toshkent shahar va viloyatlar vakilliklarining huquqshunoslari, kadrlar masalalari bo‘yicha mutaxassislari uchun onlayn seminar-trening o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, Huquqshunoslik bo‘limi mudiri v.b. Jahongir Xotamov va Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov huquqiy va hujjat yuritish bo‘yicha nutq qildilar. Jumladan, diniy tashkilotlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini barcha mas’ul xodimlarga yetkazish orqali ularning huquqiy savodxonligini muntazam ravishda oshirib borish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati ijrochilarga to‘liq yetkazish, mehnat qonunchiligiga oid hujjatlarni to‘g‘ri yuritish va mas’ul xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, diniy soha xodimlarini qonunchilikdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilib borish, kadrlar faoliyatiga oid buyruqlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, hujjatlar almashinuvini to‘liq tizimlashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi tashkilotlarga o‘z vaqtida hisobot taqdim etish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish kabi masalalarga ham urg‘u qaratildi.
Yig‘ilishda mutaxassislar tomonidan berilgan savollarga mas’ullar javob berish barobarida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati