Kecha, 18 fevral' kuni Adliya vazirligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi Sariosiyo tumani “Nurafshon” mahallasida joylashgan “Abdurahmon hoji ota” jome masjidini ro'yxatdan o'tkazib, bu to'g'ridagi guvohnomani masjid xodimlariga topshirdi. Shu bilan yurtimizdagi jome masjidlar soni 2082 taga etdi.
2020 yil 26 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida yangi qurilgan “Abdurahmon hoji ota” jome masjidi bilan yaqindan tanishgan edilar.
Ma'lumot uchun, “Abdurahmon hoji ota” jome masjidi qurilishi mahalliy aholi talab va istaklarini inobatga olgan holda 2017 yilda boshlanib, 2020 yil mart oyida yakunlangan edi. Masjidning er maydoni 10 sotix bo'lib, bino milliy andozalar va zamonaviy talablar asosida keng va yorug' qilib qurilgan. Jome masjid sig'imi 1000 nafar namozxonga mo'ljallangan bo'lib, saxovatpesha insonlar ko'magi va hashar yo'li bilan bunyod etildi.
Ushbu jome masjidni mo'min-musulmonlarga muborak aylashini Haq taboraka va taolodan iltijo qilib so'raymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.