frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

HAYoT VA UMR QADRI

18.02.2021   3061   5 min.
HAYoT VA UMR QADRI

Eng go'zal g'azal sharhi

ALIShYeR NAVOIY
* * *
G'AZAL
* * *
Istasangkim urg'asen
davrong'a tiyg'i inqito',
Ul vido' etkuncha sen
qilg'il burunrog' alvido'.

Jon berib shirin-u muhlik
joh uchun – ilgingda tiyg',
Naz' vaqti sharbati
marg istab aylaysen nizo'.

Asrading katton kafan
qilmoq uchun, ne sudkim,
Hashr bozorida beqiymatdurur
mundoq mato'.

Maskaning oxir chu tufrog'dur,
ne o'tkarmakdurur
Madfaning ayvonig'a
ko'k gunbazidin irtifo'.

Sandaloyin ev yasab,
eldin ko'rarsen sarzanish,
Kim bu yanglig' ko'rdi
sandalniki, etkurgay sudo'.

Yer o'parsen rizq uchun
minnat yukidin xam bo'lub,
Tengri yoringkim, qilibsen
xush namoze ixtiro'.

Dur qulog'ingda momuqdin
bir chigitdur, el so'zin
Bu momuq birla chigitdin
aylamassen istimo'.

Besha sherin gar zabun
qilsang shijo'atdin emas,
Nafs itin qilsang zabun,
olamda yo'q sendek shujo'.

Ey Navoiy, Tengri asrorig'a
til mahram emas,
Chok ko'nglung ichra tutkim:
«Jovazal-isnayni – sho'».


NAVOIY VA ISLOM

Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.
“Istasangkim urg'asen davrong'a tiyg'i inqito'” satri bilan boshlanuvchi g'azal 'ayn harfi bilan tugagan g'azallarning eng go'zallaridandir. Hazrat Navoiy bu harfdagi g'azallar turkumining boshida “_''ayn harfining iyorlarining alomati «g'aroyib»din” deb sarlavha qo'yganlar. Kiril va lotin yozuvidagi til qoidalariga ko'ra, “alvido'”, “nizo'”, “mato'” so'zlari “'ayn”siz, ya'ni “alvido”, “nizo”, mato” shaklida yoziladi. Afsuski, mumtoz adabiyotdagi she'rlarni o'qishda yozuvdagi nuqsonlarimiz ko'zga tashlanib qoladi. Mumtoz she'riyatning ma'nosi, vazni va ohangiga zarar etmasligi uchun bu so'zlarni aslidagidek ifoda qilishimiz zarur bo'ladi.

1. Istasangkim urg'asen
davrong'a tiyg'i inqito',
Ul vido' etkuncha sen
qilg'il burunrog' alvido'.

“Agar davronga – yashab turgan zamoningga kezish, uzilish, ajralish, tugallash tig'ini urmoqchi bo'lsang, u senga vido' aytmay turib, ya'ni, hali ajaling kelmay turib, sen unga oldinroq vido' aytib qol”.
Ya'ni, dunyoning behuda narsalaridan o'lmasingdan turib ayrilgin. Bu bayt “Mutuu qobla an tamutuu” – “O'lmasdan oldin o'linglar” degan hadisi sharifning she'riy bir sharhidir.
O'lmasdan oldin o'lmoq – o'limdan keyin insonning boshiga keladigan hollarni bor haqiqati bilan anglamoqdir. Hazrati Shahobuddin Suhravardiy (rahmatullohi alayh): “O'lmoqdan oldin o'lmoq – qiyomatdan oldin tirilmoqdir” deganlar. Ya'ni, qiyomat kunining bor dahshatini, bor haqiqatlarini hali o'lmay turib idrok etmoq, tafakkur qilmoqdir.
Sodda qilib aytganda, davrondan uzilish, tiriklikka vido' aytish, o'lmasdan oldin o'lish degani – hayotning qadriga etmoq, har nafasni g'animat bilmoq, dunyoni oxiratning ekinzori deb anglamoq, qabrdagi holatlarga va qiyomat kunidagi so'roq-savollarga yaxshi tayyorgarlik ko'rmoq, dunyoning havoyu havaslariga berilmasdan, umrni foydali ishlar bilan o'tkazmoq deganidir.
“Munabbihot” kitobidan aytiladi: “11 - Rasul akram sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Besh narsa kelmasdan oldin besh narsani g'animat biling (qadriga eting): 1) Qarilik kelmasdan oldin yoshlikni g'animat biling; 2) bemorlik kelmasdan oldin tani sihatlikni g'animat biling; 3) kambag'allik kelmasdan oldin boylikni g'animat biling; 4) mashg'ullik (tashvishlar) kelmasdan oldin bo'sh vaqt – rohat va farog'atni g'animat biling; 5) o'lim kelmasdan oldin hayotni g'animat biling. (“Munabbihot, 11-hadis).

Mirzo Kenjabek,
“Navoiy muhabbati”
kitobidan.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom instituti va Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi

10.08.2026   34595   1 min.
Toshkent islom instituti va Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi

Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
 

Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:

  • Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;

  • Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;

  • Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.


Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.


Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.

Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari