frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Rajab oyi — tinchlik oyi

15.02.2021   6020   4 min.
Rajab oyi — tinchlik oyi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Rajab oyi Alloh taolo Qur'oni Karimda xabar bergan to'rt harom oyning bittasidir. Bu oylarda qabilalar o'rtasida urush, yo'lto'sarlik, qon to'kish kabi tajovuzkorlik qilish man etiladi — harom qilinadi.

Bu qoida johiliyat davrida ham mavjud edi, Islom kelgandan so'ng ham o'z kuchida qoldi va Qur'oni Karim oyati va Sunnat bilan quvvatlandi.

Bu oylardan uchtasi: Zulqa'da, Zulhijja, Muharram ketma-ket oylar, bittasi — Rajab oyi esa alohidadir. Buning hikmati shuki, Zulhijja oyi Haj oyidir. Allohning Ka'basini haj qilish vaqtida tinchlik saqlanishi umumiy xalqaro qoida edi. Haj oyining avvalidagi Zulqa'da va keyingi Muharram oylarining harom oy deb sanalishi ham Haj amali bilan bog'liqdir. Bu narsa Zulqa'da oyida hojilar sog'-salomat Makkaga etib kelishlari, Muharram oyida esa hojilar o'z vatanlariga sog'-salomat etib olishlari uchun kafolatdir.

Rajab oyining alohida holda harom oylardan biri deb sanalishi esa Allohning Ka'basiga Umra ziyorati bilan keluvchilarga imkon yaratgan.

Rajab oyining ro'zasi boshqa oylarda tutiladigan nafl ro'zalardan afzalligi yo'qdir. Faqat bu oyning harom oylardan biri ekanligi uning fazilatlaridir.

Ibn Hajar Asqaloniy aytadilar: «Rajab oyining fazilatiga, unda tutilgan ro'zaning fazilatiga, bu oyning muayyan kechasida qoim bo'lib, falon rakat namoz o'qishning fazilatiga dalolat qiluvchi birorta sahih hadis vorid bo'lmagan» (Fiqhus sunna, 1-j. 453-s.).

Demak, «Bu oyning falon fazilati bor, unda ro'za tutilsa, undoq bo'ladi, bundoq bo'ladi, mana bu kechada falon rakat namoz o'qilishi kerak, uxlamay bedor bo'lish kerak, faqat ushbu mazmundagi duolarnigina o'qish kerak», degan gaplar asossiz bo'lib, biror oyati karima yoki Payg'ambar hadislari bilan o'z tasdig'ini topmagan. Biroq Allohning oylaridan biri deb, odatdagi ibodatlar, nafl namoz va nafl ro'zalarni tutish, Allohning huzuriga iltijo qilib, istagan duolarini o'qish foydadan xoli emasdir.

Harom oyni asos qilib qo'yishiga kelsak, buni urush harom qilingan oylar – Zulqa'da, Zulhijja, Muharram va Rajab oylarini yaxshilik asosi qilib qo'yilishi deb tushunish kerak. Bu oylarda johiliyat vaqtida ham urushlar taqqa-taq to'xtagan. Arzimagan narsa uchun o'n yillab urush qiladigan badjahl arab qabilalari ham bu oylar kirishi bilan o'zlarini tiya olar edilar. O'g'il otasining qotilini ko'rib qolsa ham, unga bu oylarda bir og'iz so'z aytmas edi.

Bir yilda to'rt oyni urushsiz oy deb e'lon qilish butun dunyo tinchligini ko'zlab qo'yilgan ajoyib asos edi.

Alloh taolo mazkur oyning harom oylardan biri ekanini Qur'oni Karimda shunday bayon etadi.

«Ey iymon keltirganlar! Allohning dini alomatlarini, harom oyni, atalgan qurbonlikni, osilgan belgilarni va Robbilaridan fazl va rozilik tilab Baytul-Haromni qasd qilib chiqqanlarni o'zingizga halol hisoblamang», degan (Moida surasi, 2-oyat).

Oyatdagi «harom oy»dan murod Rajab, Zulqa'da, Zulhijja va Muharram oylaridir. Bu oylarda urush qilishni Alloh taolo harom qilgan. Mazkur to'rt oyda agar urush qilinsa, Allohning hukmini o'zgartirib, harom narsani halol hisoblash bo'ladi. Binobarin, bu katta gunohdir.

«Hijriy-qamariy taqvim» asosida tayyorlandi

islom.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   50353   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari