Diyorimizda 130 dan ortiq millat va elat tinch-totuv, o'zaro hurmat-ehtirom bilan yashab kelmoqda. Ammo diniy qadriyatlarni erkinligidan g'arazli maqsadda foydalanuvchilar ham bor.
Missioner so'zi lotin tilidagi “mission” so'zidan olingan bo'lib, “yuborish”, “vazifa topshirish”, missioner esa “vazifasini bajaruvchi” degan ma'noni bildiradi. “World Book” (Jahon kitobi) entsiklopediyasida esa “Missioner – biror diniy guruh tomonidan boshqalarni o'z diniga targ'ib qilish va kiritish uchun yuborilgan kishi”, degan fikr qayd etilgan. Bu ma'lumotlardan kelib chiqib xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, missionerlik – bir dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ'ib qilishni anglatadi.
Nasroniylik (xristianlik)da turli sektalar borligi butun dunyoda katta muammoga aylangan. Ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan asrning oxirlarida rivojlangan mamlakatlarda mazkur dinning 1500 dan 5000 gacha turli yo'nalishlari bo'lgan. Lekin aholi ularni qabul qilmaganliklari uchun ko'p yo'nalishlari yo'qolib hozirda ayrim mamlakatlarida 170 ga yaqin sekta va ularning 800 ta shaxobchasi mavjud ekan.
Aslida Hristian dinida Pravoslavlik (ruscha-chin e'tiqod) -1054 yilda xristianlikning bo'linishi natijasida tashkil topgan.
Katoliklik (yunoncha-butun jahon) -1054 yilda xristianlikning bo'linishi natijasida tashkil topgan.
Protestantlik (lotincha-norozi bo'lish, kelishmaslik) o'rta asrlarda katoliklikdan ajralib tashkil topgach, uning o'zida turli oqimlar ko'paydi.
Ba'zi kishilar sektalar va ularga da'vat qilayotgan “Missioner”larning nima zarari bor, deyishlari mumkin. Shu jihatga e'tibor berish lozim.
Birinchidan, missionerlik bilan ma'lum bir din kirib keladi. U bilan birga o'zgacha dunyo qarash, urf – odat ham yoyila boshlaydi. Bu esa odamlar o'rtasida diniy, e'tiqodiy, g'oyaviy, fikriy bo'linish va qarama – qarshiliklarni vujudga keltiradi.
Ikkinchidan, “da'vat”lari bilan bir dinni ikkinchi dindan ustun qo'yish, o'z dindoshlariga yaxshi munosabatu, boshqa dindagilarga yomon munosabat paydo bo'ladi. Bu esa oila, qavm – qarindoshchilik hamda jamiyat birdamligiga salbiy ta'sir ko'rsatib, odamlarning oilasida, jamiyatdagi muammolarni hal qilishda, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohalarda ham mojarolar bo'lishiga olib keladi.
Uchinchidan, missionerlarni makriga tushib ularning 'zolariga aylanib qolishlari, ularning buyruqlari, ko'rsatmalariga so'zsiz itoat qilishlari natijasida qabih ishlarga ham qo'l uriladi. Umuman olganda, bu uslub egalari o'z muammolari bilan kishilarni mashg'ul qildirib, mamlakatning boshqa muhim vazifalaridan aholini chalg'itishni maqsad qilib qo'ygan.
Missionerlar mamlakatimizga til, komp'yuter o'rgatish, turli – tuman o'quv markazlari yoki har xil xayriya ishlari olib boruvchi nodavlat tashkilotlari qiyofasida kirib kelishga intiladi.
Sanab o'tilgan omillarning o'ziyoq bunday sektalar va ularning da'vatchilari jamiyat va davlatga katta xavf va zarar keltirayotganini ma'lum qiladi.
Missionerlar o'z da'vatlarida o'z dini bilan ularning dini o'rtasidagi o'xshashliklarga to'xtaladi. Masalan, Iso payg'ambar Islomda ham payg'ambar sifatida tan olinadi, deydi. So'ng Iso alayhissalomning buyukligi, Qur'onning bir nechta oyatlarida zikr etilganligini aytib, Injildagi misollar bilan boyitadi. Bundan tashqari missionerlar o'zlarini kitoblarida ayrim Qur'oni karim oyatlarini ham keltirib, maqsadlari yo'lida xizmat qildirmoqchi bo'ladi. Bu holatni o'zbek tilida chop qilingan kitoblarda ham kuzatish mumkin. Missionerlarni bu qilmishlari ikki yuzlamachi ekanliklarini ko'rsatadi.
Qur'onning bir – necha oyatini xaq deb bilishsa, nega islomni qabul qilishmaydi yoki unga hujum qilishdan o'zlarini tiyishmaydi? Holbuki ular Qur'onni inkor etadilar. Unda nega Qur'onga suyanadilar, degan savol tug'iladi. Va bunga javob bitta – bu ularning qilmishlari makrdan boshqa narsa emasligi, ya'ni zohiriy amallari bilan asl maqsadlari bir emasligiga dalolatdir.
Ularning xarakatlari tagida ertangi kunga mo'ljallangan katta siyosiy nayranglar yotibdi. Bu nayranglar ortida qanday qora maqsadlar yashiringan? Mamlakatimizning asosiy aholisi islom diniga mansub bo'lib, deyarli 1500 yildan beri ajdodlarimiz musulmon bo'lib kelgan. Bugungi avlod ham butun hayoti davomida shu dinga e'tiqod qiladi. Urf – odati, ma'naviy tarixi bir xil xalqimizning yuragini parchalash, zaiflashtirish, parokanda qilish, mamlakatni doimiy nizo maydoniga aylantirib, uni hal qilishda o'zlariga muhtoj qilib qo'yish – mana ular ko'zlagan asl maqsad! Sekta da'vatchilarning ortlarida turganlar ularni mablag' bilan ta'minlash, bu diyorlarni madaniy va ma'naviy istilo qilish va o'zlari mustahkam o'rnashib olish uchun o'z makrlariga ilinganlardan foydalanadi.
Bunga tarix va tajriba guvoh. Missionerlar ayrim hududlarga alohida ahamiyat berib, u erlarda o'zlariga ergashganlar sonini ko'paytiradilar. Natijada u erlarda xalq orasida notinchliklar paydo bo'ladi. Homiylar ularni qo'llab-quvvatlashadi, oqibatda mamlakatni parchalashgacha olib boradi. Bunga misol: Sharqiy Timor o'lkasi aholisini “xristian”lashtirgandan keyin bu o'lkalarda to'polonlar paydo bo'ldi, butun g'arb olami oyoqqa turdi va Sharqiy Timorni Indoneziyadan ajratib oldi.
Missionerlarning makriga tushib qolish oson, ammo ulardan xalos bo'lish nihoyatda qiyin. Bugungi g'oyalar kurashi davrida doimo hushyor bo'lish zamonning talabidir. Shuning uchun har bir ota-ona, murabbiy, xususan imom xatiblar qolaversa, vatanga muhabbati bo'lgan fuqaro ham eng avvalo o'zi, so'ng farzandi va yoshlarni missionerlarni makri va nayrangidan ogoh qilib, ularning zararli oqibatlaridan saqlashi lozimdir.
Murabbiy yosh avlodga tarbiya berayotganida missionerlarning da'vatini qabul qilgan musulmon kofirga aylanib qolishligini alohida tushuntirishi shartdir. Bundan tashqari yoshlarni missionerlarning arzimagan yordamlariga, jumladan ishlatilgan liboslar va muddati o'tgan dorilar hamda bo'tqa va supdan iborat bo'lgan eguliklarga imonini sotmaslikni tushuntirish kerak. Aks holda, Alloh saqlasin, imonini sotgan kishi vatanini ham sotadi.
Bir kishining noto'g'ri yo'ldan qaytarib, to'g'ri yo'lni topishga sabab bo'lish bizga dunyo va undagi barcha narsalaridan yaxshi ekanligini esdan chiqarmaylik.
Aminjon Ismoilov,
Sirdaryo tumani bosh imomi
Marosim O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta konferens-zalida o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga «Jahon jamoatchiligining Islom sivilizatsiyasi markaziga nigohi» maxsus filmi namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi maslahatchisi Muzaffar Komilovning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Rahmatulla Arziyev o‘qib eshittirdi.
Forum ishtirokchilariga yo‘llangan qutlov so‘zlarida xorijiy mehmonlar va media hamjamiyati vakillariga minnatdorlik bildirildi. Forumning professional muloqot, xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini ilgari surish maydoni sifatidagi ahamiyati ta’kidlandi.
Marosimning asosiy voqealaridan biri Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtrunsning «Yangi yaqinlik: madaniyat, media va g‘oyalar orqali Yevropa va Markaziy Osiyoni birlashtirish — Islom sivilizatsiyasi markazi global axborot makonida» mavzusidagi maxsus ma’ruzasi bo‘ldi.
Shtruns islom sivilizatsiyasining tarixiy, ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini zamonaviy media formatlar orqali jahon auditoriyasiga yetkazish, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, media vositalari turli mamlakatlar va jamiyatlar o‘rtasida nafaqat axborot almashinuvini ta’minlashi, balki muloqot uchun ko‘priklar ham qurishi kerak.
«Media vositalari fikrlar va yangiliklar almashinuvi uchun ko‘priklar qurishi mumkin va qurishi shart. Axir media kommunikatsiyasining mohiyati ham aynan shunda — ko‘priklar qurishda. Bugun bu yerda, qadimiy Ipak yo‘lida, kelajagimiz uchun aynan shu jarayon sodir bo‘lmoqda», — dedi Klaus Shtruns.
Euronews rahbari Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi axborot makonini yanada yaqinlashtirishni tarixiy Ipak yo‘li an’analari bilan qiyosladi. Uning ta’kidlashicha, mintaqalar o‘rtasidagi zamonaviy media aloqalar iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ham ochishi mumkin.
«Ipak yo‘lida axborot oqimi qanday kechgan bo‘lsa, bir-birimiz bilan muloqot qilish, bir-birimizning tilimizni tushunish ham shunday bo‘lsin. Bu oddiy texnik jarayondan ko‘ra kengroq tushuncha. Bu haqiqiy hamkorlikning yangi ko‘rinishi, kelajakdagi butun iqtisodiy taraqqiyot uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘ladigan yangi axborot makonidir», — dedi u.
Klaus Shtruns, shuningdek, O‘zbekistonda yosh avlodning katta ulushga ega ekanini alohida qayd etib, bu mamlakatning kelajagi uchun ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. U turli mamlakatlar yoshlarini birlashtiruvchi media va madaniy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
Uning fikricha, turli sohalar — sport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat vakillaridan iborat yoshlarni bir joyga to‘plab, ularning tajriba almashinuvi, hujjatli filmlar suratga olishi va qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish mumkin. Bunday tashabbuslar orqali mamlakatlar va mintaqalar yoshlari o‘rtasida yangi aloqalarni shakllantirish mumkin.
«Bu faqat chiroyli nutqlarda emas, balki aniq va amaliy loyihalarda o‘z ifodasini topishi kerak», — dedi Euronews bosh direktori.
Shtruns media sohasidagi innovatsiyalar ham aynan shu maqsad — o‘tmish merosini asrab, kelajakni birgalikda yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
«Eng muhimi, media doimo innovatsiyalarni harakatga keltiruvchi kuch bo‘lishi kerak. Ammo bu innovatsiyalar bugun men eshitgan ajoyib maqsadga xizmat qilishi lozim: media sohasida innovatsiyalarni ilgari surish, qalbimizda o‘tmishni asrab, kelajakni yaratish», — dedi u.
Euronews rahbari forumda ishtirok etishni media sohasining jamiyat oldidagi mas’uliyati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, jurnalistika va media faoliyati faqat biznes yoki kasb emas, balki turli jamiyatlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan muhim vazifadir.
«Ushbu noodatiy tadbirda media hamkor sifatida ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz. Biz uchun bu shunchaki biznes emas, oddiy kasb ham emas. Bu — o‘z burchimiz va da’vatimizdir», — dedi Klaus Shtruns.
Shu tariqa, forumning ochilish marosimida media sohasining zamonaviy vazifalari, xalqaro axborot hamkorligini rivojlantirish, madaniy merosni yangi formatlarda jahon auditoriyasiga taqdim etish va turli mintaqalar o‘rtasida yangi axborot ko‘priklarini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU Boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy media platforma» mavzusida maxsus ma’ruza qildi.
Abduxoliqov Markaz konsepsiyasini tarixiy meros, ilm-fan, muzey ishi va yangi medialarni birlashtiruvchi zamonaviy xalqaro maydon sifatida taqdim etdi. U islom sivilizatsiyasi merosi hujjatli filmlar, televizion loyihalar, raqamli rekonstruksiyalar, multimedia va immersiv ekspozitsiyalar, shuningdek, nashriyot tashabbuslarida qanday yangi talqin kasb etayotgani haqida ma’lumot berdi. Markazning xalqaro media loyihalari, dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi, shuningdek, tarixiy merosni o‘rganish va ommalashtirishda sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Marosim ishtirokchilariga, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi haqida prezentatsion rolik namoyish etildi.
Xalqaro mediaforumda 50 ta davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili ishtirok etmoqda. Ular orasida xalqaro telekanallar va axborot agentliklari rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar, noshirlar, kinematografistlar, olimlar, tadqiqotchilar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari bor.
iccu.uz