Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti olimi, professor Shorustam Shomusarov Butunjahon arab tili ittifoqi Markaziy kengashi a'zoligiga Markaziy Osiyo mintaqasidan saylandi. Bu haqda O'zAga universitet matbuot xizmati ma'lum qildi.
O'zbek olimi Sh.Shomusarov Butunjahon arab tili ittifoqining Markaziy kengashi a'zoligiga Markaziy Osiyo mintaqasidan saylanishi va dunyoning eng kuchli 24 arabshunosi ro'yxatida turishi Toshkent sharqshunoslik maktabiga bo'lgan katta e'tirofdir.
Livan poytaxti Bayrut shahrida joylashgan Butunjahon arab tili ittifoqi 1988 yilda dunyodagi barcha mamlakatlar arab tili mutaxassislarini arab tilini barqaror rivojlantirish maqsadida Arab davlatlari ligasi tomonidan tashkil etilgan.
2020 yil 1 dekabrda Livanning Bayrut shahrida Ittifoqning 3-davra saylovlari bo'lib o'tdi. Dunyoning turli mintaqalaridan yangi a'zolar, shu jumladan, Markaziy kengashning yangi 24 a'zosi qatorida o'zbekistonlik olim Shorustam Shomusarov ham saylandi.
Ma'lumot o'rnida, O'zbekistonda arab va turk xalqlari og'zaki ijodini korporavistik o'rganish bo'yicha yangi maktab yaratayotgan olim, filologiya fanlari doktori, professor Sh.Shomusarov Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining arab filologiyasi kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning monografiyalari va maqolalari Marokash, Misr, Saudiya Arabistoni, Qatar, Suriya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog'iston va boshqa davlatlarda nashr etilgan.
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami yurtimizda milliy g‘urur va fidoyilik ramzi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu kun Vatan himoyasi yo‘lida halollik va jasurlik ko‘rsatgan barcha fuqarolarni qadrlash, ularning hissasini e’tirof etish kunidir.
Vatan himoyachilari nafaqat harbiylar, balki mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan barcha insonlardir. Ular sog‘lom, barqaror jamiyat qurish yo‘lida faoliyat olib borayotgan, ertangi kunning tinchligi uchun mehnat qilayotgan va boshqalarga namuna bo‘layotgan kishilardir.
Har bir kishi vatanparvarlikni o‘z oilasidan, mahallasidan boshlashi lozim. Otinoyilar, ustozlar va ziyolilar yosh avlodga Vatanga bo‘lgan muhabbatni, uni himoya qilish mas’uliyatini yoshlikdan o‘rgatmog‘i kerak. Chunki kelajak avlodning ma’naviyati va irodasi Vatan mustaqilligini yanada mustahkamlaydi.
Bugungi kunda yoshlar harbiy bilimlar bilan birga axloqiy va ma’naviy tarbiyaga ham katta ahamiyat berishi kerak. Shu yo‘l bilan ular Vatanga fidoyilik bilan xizmat qilishga tayyor, shijoatli va barkamol shaxslar bo‘lib yetishadi.
14 yanvar kuni nafaqat bayram, balki Vatanga sadoqat va mas’uliyatni eslatuvchi muhim sana bo‘lib, har birimizga milliy iftixor hissini uyg‘otadi. Tinchlikning qadrini bilish, uni asrash va kelajak avlodga sog‘lom yurt qoldirish barchamiz uchun muqaddas burchdir.
Rizvon Bahramova,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi