Rajab, Sha'bon, Ramazon – yangi bir
ma'naviy yuksalish davri
اعوذ بالله من اشيطان الرجيم
بسم الله الرحمن الرحيم
وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعاً أَيُّهَا الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
«Hamma-hammangiz birlikda Allohga tavba qilingizlar, ey mo'minlar, toki najot topgaysizlar» (24/Nur surasi, 31-oyat).
Hijriy 1442 yilgi Rajab oyining birinchi kuni bu gal milodiy 2021 yilning 13 fevral', shanba kuniga to'g'ri keldi; rajabning ettinchi kuni bu muborak oyning ilk jum'asidir. «Uch qutlug' oy» (rajab, sha'bon, ramazon) deb ataladigan bir nurli davr, ma'naviy xayr va baraka, fayz va fazilat mavsumi boshlandi.
Atoqli Naqshbaniya shayxi, marhum doktor, professor Mahmud As'ad Jo'shon hazratlari uy oylar kirib kelishi bilan bara insonlarni ogohlantirib, bu xushxabarni olamga yoyib, quytdagi so'zlarni aytar edilar:
“Biz bu yangi davrda o'zimizga qaytadan jilo berishimiz; kundan-kunga poklanib, yuksala-yuksala sha'bondan ramazonga komillik bilan o'tishimiz kerak; shunda – ham moddiy, ham ma'naviy-ruhiy jihatdan haqiqiy bayramga – iydi ramazonga erishamiz.
Ulug' orif zotlardan bo'mish hazrati Abdulqodir Giyloniy quddisa sirruhu (vafotlari hijriy 561, milodiy 1166) «Kunyatut-tolibiyn» nomli asarida yozadilar: «Rajab – tavba oyi; sha'bon – muhabbat oyi; ramazon esa qurbat va vuslat, ya'ni Haq taologa yaqinlik hosil qilish va etishish oyidir» .
Rajab gunoh ishlarni, zulm va jabrni tark etish; sha'bon solih amallar qilib, Alloh taologa sadoqatini ko'rsatish; ramazon esa haqiqat va huzur-halovatga erishish oyidir.
Rajab oyida sidqidildan qilingan tavba va solih amallar qabul bo'ladi; sha'bon oyida esa eski gunohlar avfu mag'firat qilinadi; ramazon oyida bandaga ilohiy ehson va ikromlar beriladi.
Shuning uchun ham, boshimizning toji, ko'zimizning nuri va ko'nglimizning sururi bo'lmish svevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu uch oy haqida: «Rajab Allohning oyi, Sha'bon mening oyim, ramazon esa ummatimning oyidir» deb marhamat qilganlar. Hamma oylar ham Allohning oyidir. Lekin “Allohning oyi, mening oyim” deyilishi bu oylarning fazilati va qadr-qimmati yuksakligini bildirish uchundir.
Uluh vqaliylardan bo'lmish haxrati Zunnuni Misriy rahmatullohi alayh (vafoti hijriy 245, milodiy 859) aytadilarki: «Rajab urug' qadash oyi, sha'bon ungan ekinni sug'orish va parvarishlash oyi, ramazon esa o'rim-terim va hosilni yig'ishtirib olish oyidir».
Yilni bir daraxtga qiyoslaydigan bo'lsak, rajab o'sha daraxtning kurtak-yaproq chiqarishi; sha'bon gulga kirib, meva tugishi; ramazon esa pishib etilgan hosilning yig'ishtirib olinishidir.
Hulosa qilib aytganda, gunohkor, osiy, mujrim, g'ofil bandalarning egri yo'lni tark etib, to'g'ri yo'lga, botilni tark etib, haqiqatga, yomonlikni tark etib, yaxshilikka yuzlanishi, ya'ni tavbai nasuh qilishidir; ...Bandai ojizligini anglab, o'ylab ish qilishi, mas'uliyatni his etishi, aziz va jalil bo'lmish Rabbimiz Allohga mahbub va maqbul banda bo'lishga harakat qilishi... ...Namunai imtisolimiz, rahbarimiz Rasululloh janobimizga (sollallohu alayhi va sallam) xos xolis ummat bo'lishga intilishidir...
... Bu uch oy har yili takrorlanadigan buyuk bir imkon, bebaho fursat, eng maqbul onlar, oltin damlardir.
Bu muborak oyning har biri fazilatli kechalar bilan ziynatlangan: rajab oyining 26-kunidan 27-ga o'tar kechasi Me'roj kechasi, Sha'bonning 14-kunidan 15-ga o'tar kechasi Barot kechasi, muborak ramazonning 26-dan 27-ga o'tar kechasi Qadr kechasidir.
Ey aziz birodar, bu buyuk lutf, marhamatning qadriga eting! Tavba-tazarru mavsumini behuda o'tkazmang. Fursatni boy bermay, tanballik va g'aflatni quvib, g'ayratli bo'ling, Haq taologa yuzlaning. Uning keng marhamatiga talabgor, yo'lida qoim, zikrida bardavom bo'ling, chunki jami'i najot shundadir”.
Mirzo Kenjabek
Ota-onalar o‘g‘illariga Muhammad deb ism qo‘yishni afzal ko‘radilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari sahobalar davridan boshlab hozirgacha U zot alayhissalomga muhabbat yuzasidan farzandlarga qo‘yib kelinadi. Qolaversa, bir qancha hadisi shariflarda, ulamolarning so‘zlarida bu muborak ismni farzandlarga qo‘yish tavsiya qilingan va maqtalgan. Jumladan Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismimni qo‘yinglar, ammo kunyam bilan kunyalanmanglar”, deganlar.
Imom Molik raziyallohu anhu aytadilar: “Madina ahli shunday der edi: “Muhammad ismli kishisi bor hech bir oila yo‘qki, unga ko‘plab yaxshiliklar berilmagan bo‘lsa”.
Ammo, “qasamki, kimki sening isming Muhammad bilan atalsa, hech qachon do‘zax o‘ti unga tegmaydi”, “Qiyomat kuni, ey ismi Muhammad bo‘lgan banda, jannatga kirish uchun o‘rningda tur, deb nido qilinadi” kabi uydirma hadislar ko‘plab uchraydi. Mazkur muborak ismga oid bir qancha uydirma hadislar kitoblarga kirib qolganini ulamolar aniqlagan va musulmonlarni ogoh etish uchun uydirma hadislarga oid yozgan kitoblariga kiritganlar.
Muhammad ismi do‘zaxdan asrashi, qiyomatda foyda berishi kabi fazilatlar bayon qilingan yuqorida zikr etilgan hadislar haqida Imom Shomiy asarida bunday degan: “Muhammad ismi bandaga foyda keltirishi haqida bironta sahih hadis yo‘q”.
Bakr Abu Zayd aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Muhammad yoki Ahmad ismli kishini maqtagani yoki birovni bu ikki ism bilan chaqirishni man qilgani haqidagi har qanday hadis sahih emas” (“Tasmiyatul mavlud”, 17-bet).
Yana bir muhim jihat, bu ism sharafli ismlardan, ammo ism insonga odamlar orasida afzallik bermaydi. Agar bu ismni biror insonga qo‘yilsa, o‘sha insonning ismi hisoblanadi. Bu insonni chaqirilsa yoki ismi aytilsa, unga salovat aytish kabi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga oid hukmlar qilinmaydi.
Asosiy va muhim jihat Muhammad deb nomlanish emas, balki U zotga ergashish ekanligini ulamolar ta’kidlaganlar. Insonga solih amallari va Allohdan qo‘rqishi dunyo va oxiratda foyda beradi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.