Prezident Shavkat Mirziyoev 11 fevral' kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha loyihalar bilan tanishdi.
Mazkur taqdimot chog'ida islom olamidagi eng muqaddas qadamjolardan biri – Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida ma'lumot berildi. Davlatimiz rahbari ushbu ziyoratgohda olib borilishi rejalashtirilgan loyiha bo'yicha yana bir bor o'z tavsiyalarini bildirib, mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.
13 fevral' kuni Imom Buxoriy majmuasida O'zbekiston musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar mas'ullari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari va oqsoqollar ishtirokida loyihani amalga oshirish oldidan tadbir o'tkazildi.

Qur'oni karim tilovat qilinib, qurbonlik amalga oshirildi.
Loyiha yuzasidan jamoatchilikka batafsil ma'lumot berildi.
Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi ko'rinishi saqlangan holda rekonstruktsiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun etarli sharoit mavjud emas edi. Yangi loyihada qabr atrofini kengaytirib ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish ko'zda tutilgan.
Sakkiz ming o'rinli muhtasham masjid quriladi. Majmua atrofida to'rtta ulkan minora qad rostlaydi. Halqimizga xos turmush tarzidan kelib chiqib, hozirgi ayvonlarga qo'shimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi.
Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga to'la mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiyena shoxobchalari quriladi.
Yana bir e'tiborli tomoni, majmuada qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida bu erdagi tarixiy havuz va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon etkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, o'z holida saqlash uchun barcha zarur choralar ko'riladi.
Majmuada amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari maxsus tashkil etilgan jamg'arma mablag'lari hisobidan tashkil etiladi.
Muloqot chog'ida mazkur muqaddas ziyoratgohni nafaqat xalqimiz, balki dunyo ahli kelib ziyorat qiladigan maskanga aylantirishga Davlatimiz Rahbari doimiy ravishda alohida e'tibor qaratayotganligi ta'kidlandi.
Jamoatchilik vakillari Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu xayrli ish zaminimizdan etishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy-ma'naviy merosidan dunyo ahlini bahramand etish, O'zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishini va bu savobli ishga xalqimiz ham faol ishtirok etishini bildirdilar.
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati