Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
G'usl ham tahoratga o'xshash inson jismini poklash va ziynatlash vositasidir. U ham xuddi tahoratga o'xshab gohida farz, gohida vojib, gohida mastahab bo'ladi.
G'uslning shariatga kiritilishi hikmatlari ko'p. Avvalo, u ibodat, Allohga qurbat hosil qilish uchun zarur narsadir. Ikkinchidan, poklik, ozodalik va sog'lik uchun o'ta muhim omil sanaladi. Qolaversa, g'uslni vojib qiluvchi narsalar tufayli inson vujudida paydo bo'ladigan ba'zi nopokliklarni ketkazish, maniy ketishi ila jism yo'qotgan narsalarni qayta tiklashdir. Jinsiy yaqinlik va ehtilomdan keyin g'usl qilgan odamda qon yurishi yaxshilanadi va tetiklik tiklanadi. Shuningdek, niyat bilan qilingan g'usl tufayli gunohlar ham yuviladi.
Alloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:
وَإِن كُنتُمْ جُنُبًا فَاطَّهَّرُواْ
«Agar junub bo'lsangiz, bas, poklaninglar» (6-oyat).
G'usl quyidagi holatlarda farz bo'ladi:
– Shahvat bilan otilib keladigan maniy tushganida.
– Jinsiy aloqa qilganda.
– Uyg'ongan kishi o'zida maniy yoki maziyni ko'rganida.
– Ayollarda hayz va nifos to'xtaganida.
– jum'a, ikki iyd namozi, ehrom va Arafa uchun esa g'usl qilish sunnatdir.
Barcha hujjat-dalillarni sinchiklab o'rganib chiqqan fuqaholarimiz g'uslni avvalidan-oxirigacha quyidagi tarzda bayon qiladilar:
Dastlab, g'usl qiluvchi shaxs tasmiya aytadi va niyat qiladi. Keyin ikki qo'lini yuvadi. Keyin orqa, old farjini yuvadi. Badanida najosat bo'lsa, o'shani yuvib ketkazadi. Keyin xuddi namozga qilgandek tahorat oladi. Albatta, bunda og'iz-burunni mubolag'a bilan (maromiga etkazib) chayqash zarur. Agar turgan joyida suv jamlanadigan bo'lsa, oyoqlarini yuvishni keyinga suradi. So'ngra boshiga suv quyib, ishqab yuvadi. Badaniga uch marta, o'ng elkasidan boshlab suv quyadi, keyin chap elkasiga quyadi. Qo'li bilan badanini ishqaydi. Ikki qulog'i, kindigi, qo'ltiq osti kabi suv etishi qiyin joylariga alohida e'tibor beradi. Fuslning oxirida boshqa tarafga o'tib oyoqlarini yuvadi. Suv to'planmaydigan joy bo'lsa, oyoqlarini o'sha erda yuvib olaveradi.
«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadilar: “Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsalarda, tetik, hatto tishlari ham soppa-sog‘, ko‘zlari ravshan edi. Qiziqib buning sababini so‘raganimizda: “Yoshligimizda a’zolarimizni gunohlardan asragandik, qariganimizda Alloh taolo ularning xizmatidan bizni mahrum etmadi”, deb javob berdilar”.
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham kemadan quruqlikka sakrab tushardilar. Yoshlar taajjublanib: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganda, u zot: “Biz a’zolarimzni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedilar.
Tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh yoshlari 90 dan oshgan bo‘lsada dalada ishlardilar. Buni ko‘rgan odamlar: “Yoshligingni qanday saqlab qolding?” deb so‘rashdi. Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD