Ilm va ayol
Bir kuni huzurimizga ona va qiz kirib keldi. Ona qizining ikki nafar farzandi borligi va oilasi buzilganini aytib, mendan maslahat so'radi.
25 yoshlarda bo'lgan bu ayol bilan suhbatlashdim. Aytishicha, ota-onasi o'z paytida maktabga yubormagan. Shu sababli keyinchalik kollej yoki litseyda ham o'qimagan. 20 yoshda esa turmushga berishgan. Ikki bolaning onasi bo'lganda turmush o'rtog'i bilan kelisholmagani sababli oilasi buzilgan. Endilikda bu ayol farzandlari bilan qizlik uyida yashamoqda. U farzandlarini boqishni, kiyintirishni, ota-onasiga og'irligini tashlamaslikni xohlaydi. Lekin biror o'quv dargohini tamomlamagani va hunari yo'qligi sababli tushkunlikka tushib qolgan. Unga ilm olish va hunar o'rganish uchun hali kech emasligini tushuntirdim.
Yana kunlarning birida bir ayol qo'ng'iroq qilib, bitta xonadonga sovchilikka borgani va u oilada ota qizlarining o'qishi, kasb-hunar o'rganishi uchun ruxsat bermasligi haqida gapirdi. “Kelajakda bu qizlarning taqdiri nima bo'ladi? Islom dinida ayol-qizlarning ilm olishi va hunar o'rganishi uchun ruxsat berilmaydimi?” deb so'radi u ayol. Men: “Aksincha, Islom dini ayol-qizlarni ulug'lab qo'ygan, ular ilm olish va kasb-hunar egallashda etarlicha haq-huquqqa egalar”, deb tushuntirdim.
Ba'zi ota-onalar qizlarini ko'chaga chiqarmay, hech qayerda o'qitmay, joyi chiqsa, tezroq turmushga berish haqida o'ylashadi. Modomiki, Payg'ambarimiz alayhissalomning pokiza ayollari, muborak onalarimiz ayollarga ilm o'rgatish, shariat hukmlarini etkazishda Rasuli akram yonlarida turib, u zotga ko'makdosh va maslakdosh bo'lganlar. U davrlarda ayollar shariatning ba'zi hukmlarini, xususan, er-xotinlik, junublik, nifos, hayz va boshqa shunga o'xshash masalalarni to'g'ridan-to'g'ri so'rashdan uyalganlar. Shuningdek, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bu kabi masalalarni ochiq-ravshan so'zlashdan hayo qilar edilar. Shunday o'rinlarda onalarimiz javob berar edilar.
Oysha roziyallohu anho aytadilar: “Ansoriylarning ayollarini Alloh rahmat qilsin, ularni shariat ahkomlarini bilishdan hayo man qilmadi”. Bu ayollar kechalari Oysha onamiz oldilariga kelib, junublik, hayzu nifos kabi masalalarda shariat hukmini so'rab o'rganar edilar.
Shuningdek, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uylarida qilgan barcha ishlari, muammo-yu yurish-turishlarini naql qilishda u zoti sharifning pokiza ayollarining hissalari ko'p ekanini bilamiz. Nabiy alayhissalomning ayollaridan ko'plari shariat ahkomlarini o'rgatuvchi ustoz, Qur'on yod olgan qoriya, hadislarini etkazuvchi muhaddisa va faqiha bo'lib, o'tkir qobiliyatlari, nodir zakovatlari bilan mashhur bo'lganlar. Hususan, Oysha onamiz meros masalasida matematikani puxta bilganlari bois hattoki ba'zi mashhur sahobalar ham meros taqsimlashda ulardan maslahat so'rar edilar. Islom kelguniga qadar kasr son haqida kishilarda tushuncha bo'lmagan. Qur'oni karimda meros masalasida kelgan hukmlarni esa Oysha onamizdek puxta biladigan va taqsim qilib beradigan faqiha bo'lmagan.
Hozirda ayollar faqat uyda o'tirishlari kerak, ilm olmasalar ham bo'ladi, uy yumushlarini qilib, farzand tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lsin, deydiganlarga qarata Islom mo'minu mo'minalarga barobar ravishda ilm olishni targ'ib qiladi, deb baralla ayta olamiz. Chunki Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ilm olish mo'min va mo'minaga farzdir”, deb marhamat qilganlar.
Shuningdek, ulamolar va faqihlar farzi ayn ilmlarda ayollar ham erkaklar kabi teng huquqli ekanlariga ijmo qilishgan.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Kim, u xoh erkak bo'lsin, xoh ayol, mo'minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmo danagining ipicha ham zulm qilinmagay” (Niso, 124); “Albatta, muslim va muslimalar, mo'min va mo'minalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgo'y erkaklar va rostgo'y ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozeli (kamtar) erkaklar va tavozeli ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro'za tutuvchi erkaklar va ro'za tutuvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlovchi ayollar, Allohni ko'p zikr etuvchi erkaklar va (Allohni ko'p) zikr etuvchi ayollar – ular uchun Alloh mag'firat va ulug' mukofotni (ya'ni jannatni) tayyorlab qo'ygandir”(Ahzob, 35).
Ayollarning ta'lim olishi farzi aynligiga quyidagi sahih hadislar ham dalil bo'ladi. Imom Termiziy va Abu Dovud (lafzi Abu Dovudniki) rivoyat qiladilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kimning uch qizi yoki uchta yo oltita yoxud ikkita opa-singlisi bo'lsa va ularga odob berib, ularga yaxshilik qilsa hamda ularni turmushga bersa, unga jannat bordir”. Boshqa bir rivoyatda: “Qaysi erkakning cho'risi bo'lsa, u unga ta'lim berib, ta'limini chiroyli qilsa va unga odob berib, odobini chiroyli qilsa, so'ngra uni ozod qilib, o'sha ayolga uylansa, u kishiga ikki ajr bordir”, deyiladi.
Bu haqda Imom Buxoriy va Muslimning sahih to'plamlarida ham hadislar kelgan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh u zotga o'rgatgan narsalarni ayollarga ham o'rgatish maqsadida alohida kunni xoslab qo'yganlar. Bir kuni bitta ayol: “Yo Rasululloh! Erkaklar sizning oldingizga kelib, so'zingizni olib ketadilar. Biz uchun ham biror kun belgilang, biz huzuringizga kelib, Alloh sizga o'rgatgan narsalarni o'rganamiz”, dedi. Shunda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Falon va falon kuni jamlaninglar”, deb aytdilar. Ular yig'ildilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kelib, ularga ta'lim berdilar.
Baloziriyning “Futuhul buldon” kitobida bunday keladi: mo'minlar onasi Hafsa binti Umar roziyallohu anho johiliyatda Shifo ismli bir ayoldan yozishni o'rgangan edilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga uylanganlaridan keyin Shifoni topib, Hafsa onamizga qanday o'rgatgan bo'lsa, boshqalarga ham xuddi shunday chiroyli yozishni o'rgatishini talab qiladilar.
Yuqoridagi oyatu hadislardan xulosa chiqarsak, Islom dini ayol kishini ilmli, ma'rifatli bo'lishga buyuradi. Tarixdan ma'lum, ayollar ham Islom rahnamoligida ilm va madaniyatning eng yuqori darajasiga ko'tarilganlar. Ayollardan mashhur tabiblar etishib chiqqan. Misol uchun turli ko'z kasalliklarini aniqlab, davosini topgan Zaynab va Qozi Abu Ja'far Tofjoliyning qizi Ummul Husno arab dunyosining mashhur tabibalaridan hisoblangan. Yana Karima Utruziya, Sayyida Nafiysa bintu Muhammad kabi ayol muhaddislar ham bo'lgan.
Yuqori ilmiy darajaga erishgan bu xonimlar qatorida Imom Shofe'iy, Imom Buxoriy, Ibn Haldun va Ibn Hibbon kabi mashhur muhaddislar, faqihlar, ulamolar hamda adiblarning muallimalari ham bo'lishgan.
O'z yurtimiz tarixiga ham nazar solsak, Nodira, Uvaysiy, Anbar otin, Bibixonim kabi ham dunyoviy, ham diniy ilmlarda ilg'or bo'lgan ayollarning nomlarini sanab o'tish mumkin.
Yoki samarqandlik olima Fotima binti Muhammad Samarqandiyni olaylik (vafoti taxminan 1186 yil). U ayol faqihalardan biri bo'lgan. Buyuk faqih Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Alouddin Samarqandiyning qizi, “ulamolar podshosi” deb laqab olgan Alouddin Kosoniyning turmush o'rtog'i edi. Olima Turkistonda, Shoshning orqa tomonidagi Koson shahrida tavallud topgan. U otasidan hadis va fiqhdan ta'lim olgan. Otasining mashhur “Tuhfatul fuqaho” (“Faqihlar tuhfasi”) asarini yoddan bilgan.
Olimaning bir qancha asarlar muallifi ekani manbalarda qayd etilgan, ammo fiqh va hadisga tegishli “Majma'ul favoid li jammil avoid sharh tuhfatil muluk” (“Podshohlar tuhfasi sharhida rasm-rusumlarni to'ldirishda qoidalar jamlanmasi”) asarigina ma'lum.
Alouddin Samarqandiyning shogirdi Alouddin Abu Bakr Kosoniy (vafoti 1191 yil) ustozining “Tuhfatul fuqaho” asariga sharh yozib, unga taqdim etgan. Alouddin Samarqandiy sharhdan mamnun bo'lganidan qizini shogirdiga nikohlab bergan.
Mana, azizlar, ayol-qizlarimizning ilm olishda va o'rgatishda haq-huquqlari borligini yuqoridagi bir qancha dalillar orqali bilib oldik. O'ylaymizki, ana shu ilmni ozgina o'rganish bilan yurtdoshlarimiz qizlarining ham bilimli bo'lishi naqadar muhimligini anglardilar. Shunday emasmi?!
Maryamxon ABDULLAYeVA
Maxluqotlar ichida eng mukarram zot qilib yaratilgan insonning eng go‘zal xulqlaridan biri isrofdan saqlanish, Alloh o‘ziga rizq qilib bergan bergan ne’matlarni o‘rinsiz, behuda sarflamaslikdir. Bu fazilat har birimizning ezgu odatlarimizdan biriga aylansa, shubhasiz, hayotimizdagi juda ko‘p muammolarning eng maqbul yechimini topgan bo‘lar edik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining yaqindagina e’lon qilingan murojaatini o‘qib, bunga yana bir karra amin bo‘ldim va beixtiyor bunda roppa rosa bir yuz o‘n yil muqaddam, ya’ni 1915 yilda taniqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “To‘y” she’rini esladim. Unda, jumladan, quyidagi misralar bor:
Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,
Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.
Bir-biridan oshurdilar to‘yni,
Topdi ravnaq g‘ayrat ila boyon to‘y.
Besh kun o‘tmay to‘yni so‘ngidin
Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y.
Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab,
Etdi sarf toki tandagi jon to‘y...
Ming taassuflar bo‘lsinki, bu holatlar bugungi kunimizda ham davom etmoqda. Eng achinarlisi, yildan yilga to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar turi yanada ko‘payib, sarf-xarajati oshsa-oshyaptiki, kamaymayapti. Abdulla Qodiriy bobomiz ta’kidlaganlaridek, “Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab, Etdi sarf toki tandagi jon to‘y” bo‘lmoqda. Ko‘pincha, bor-budini sarflab, to‘y qilgan kishidan shu kungacha nechta kitob o‘qib chiqqanligi yoki farzandlariga qaysi kitoblarni olib berganligini so‘rasang, javob bera olmaydi. Uyida farzandlari kitob o‘qishi, vazifa tayyorlashi uchun sharoit ham yaratib berilmagan. Ayrimlar bilan suhbatlashsangiz, maktab uchun zarur bo‘lgan daftar-qalam kabilarning narxi oshib ketganidan, kitoblar qimmatligidan noliydi, lekin qizining bir kunlik to‘y libosiga, o‘nlab mashinalar saf tortgan nikoh kortejiga, dabdabali to‘y bazmiga g‘ing demay millionlarni sarflab yuborishga tayyor.
Yillar davomida, ko‘pincha, xorijda ishlab topganini ana shunday behuda, bu dunyo uchun ham, oxirat uchun ham hech qanday manfaat keltirmaydigan ishlarga sarflab yuboradi-da, qarzlarini uzish uchun yana chetga otlanadi yoki umuman o‘sha yerdan turib, to‘yni “moliyalashtiradi”, ming orzu-havaslar bilan qilgan to‘yida o‘zi ishtirok etmaydi. To‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchiliklar zamiridagi eng katta muammolardan yana biri ayrim oilada farzandlar voyaga yetishi bilan ularni o‘qitib olim qilish uchun emas, balki pul topish uchun xorijga jo‘natishdir.
Bugun bunday yoshlarimizning ko‘pchiligi biror sohani tanlab, chuqur va har taraflama bilim olish uchun o‘qish o‘rniga xorijda kasbsiz-hunarsiz kimlarningdir qo‘liga qaram bo‘lib qolayotgani hech kimga sir emas. Murojaatda “...bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda” deya ta’kidlanishdan maqsad to‘y-ma’rakalarimizning xuddi ana shu jihatlariga e’tibor qaratishdir.
Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat diqqatimni o‘ziga tortdi: “Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh!” – deyiladi unda.
Darhaqiqat, bu muammolarni hal etish bir-ikki kishining qo‘lidan keladigan ish emas. Unga barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir tan, bir jon bo‘lib kirishishimiz, yoshlarimizga bugungi xatti-harakatlari, kuch-g‘ayratlari, bilimlarini bir-ikki kunlik to‘y-tomosha uchun mablag‘ topish, so‘ng hammaning “havasini keltiradigan” to‘y uchun emas, balki kelajakda o‘zining birovga muhtoj bo‘lib qolmasligi uchun intilishga qaratishlari zarurligini uqtirishimiz kerak.
Shu o‘rinda Hazrat Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Hotami Toy” haqidagi hikoyati esga tushadi. Unda aytilishicha, o‘zining o‘ta saxiyligi bilan dong taratgan Hotami Toydan: “Siz o‘zingizdan ham himmatliroq kishini ko‘rganmisiz?” – deb so‘rashibdi. Shunda u bir kuni yuz tuya va hisobsiz qo‘y-qo‘zilarni so‘yib, elni chorlab, juda katta ziyofat uyushtirganini, orada biroz nafas rostlash uchun ko‘chaga chiqqanini va yelkasida bir bog‘ o‘tin, qo‘lida hassa bilan har qadamda bir nafas rostlab kelayotgan qariyani ko‘rganini aytadi. O‘zining unga: “O‘zingni buncha qiynab nima qilasan. Eshitmadingmi, bugun Hotami Toy juda katta bazm uyushtirib, butun elni chorlab, ziyofat bermoqda. Tashla o‘tiningni, kir, sen ham bu ziyofatdan bahramand bo‘l!” – deganini aytadi. Shunda qariyaning javobini tinglang:
...K-ey solibon hirs ayog‘ingg‘a band,
Ozu tama’ bo‘ynuga bog‘lab kamand.
Vodiyi g‘ayratg‘a qadam urmag‘on,
Kunguri himmatg‘a alam urmag‘on.
Sen dog‘i chekkil bu tikan mehnatin,
Tortmag‘il Hotami Toy minnatin.
Bir diram olmoq chekibon dast ranj,
Yaxshiroq andinki birov bersa ganj...
Demak, haqiqiy himmat kimgadir qaram bo‘lish, kimlardandir nimaningdir ilinjida yashash emas, balki o‘z kuchi, g‘ayrati, bilimi bilan hayotdagi orzu-maqsadlariga erishishdir. Shu o‘rinda orzu-maqsadlarning ham qanday bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, to‘y-tomosha, turli tadbir va ma’rakalarni el ko‘ziga, “odamlar nima deydi” uchun tashkil qilish emas, balki, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz, dabdabalarsiz o‘tkazish, ortib qolgan mablag‘ni o‘zining, farzandlarining ilm olishlari uchun sarflashni maqsad qilish ayni muddao bo‘lar edi. Chunki Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi...» dedilar».
Demak, biz nimani niyat qilib, ishga kirishsak, shubhasiz, o‘sha maqsadimiz amalga oshadi. Hotami Toy birovlarning minnatli taomidan ko‘ra, o‘z mehnati bilan topgan bir dirhamni afzal ko‘rgan ana shu o‘tinchi cholni o‘zidan ko‘ra himmatliroq hisoblagan ekan. Albatta, har bir jamiyatda bo‘lgani kabi bizning oramizda ham u yoki bu sabab tufayli sog‘lom kishilar bilan birga imkoniyati cheklangan kishilar borligi ayni haqiqat. Biroq ko‘rib turibmizki, bunday kishilarning hammasi ham kimlargadir muhtoj bo‘lib yashashni emas, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bilim olish, kasb-hunarga ega bo‘lish va o‘z ehtiyojlarini o‘zi qondirishni afzal ko‘rmoqdalar. Aksincha, ba’zida to‘rt muchasi sog‘lom kishilar kambag‘allikni o‘ziga “imtiyoz” sanab, tinimsiz ravishda turli idoralarga “shikoyatlar” yog‘dirmoqdalar. Murojaatda ta’kidlangan xayru saxovatni amalga oshirishda bunday “imtiyoz” egalari emas, haqiqatan ham shunga muhtoj oilalarni izlab topish va “otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish” zarur. Ha, ayni ko‘maklashish, ya’ni ularni xayru saxovatga o‘rgatib, kimlarningdir yelkasiga yuklab qo‘yish emas, balki kelajakda to‘g‘ri yo‘l topib olishlari uchun moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kerak.
Albatta, har bir hududda o‘ziga to‘q, boy-badavlat kishilar bor. Allohga hamdlar bo‘lsinki, yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida bunday oilalarning soni oshib bormoqda. Ularning ko‘pchiligi xayru saxovatli insonlar ekanligi ham hech kimga sir emas. Murojaatdan ko‘zlangan yana bir xayrli maqsad shuki, imom-xatiblarimiz o‘z hududlaridagi ana shunday saxovatpesha insonlarni yaxshi tanishadi va bilishadi. Shuning uchun ularni o‘z hisoblaridan yoshlarimizning ilm olishlariga ko‘maklashish, buning uchun maktablarimizni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shishga chaqirish ham savobdi ishlardan biridir.
Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat biz imom-xatiblar uchun juda muhim ekanligini e’tirof etish kerak deb, o‘ylayman. Unda “imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish” belgilab qo‘yilgan. Bu vazifani amalga oshirishda, avvalo, har bir imom-xatibning o‘zi shaxsiy namuna ko‘rsatishi, o‘zlari qilayotgan, shuningdek, masjidlar hududida o‘zlari ishtirok etayotgan to‘y-marosimlarini ortiqcha dabdabalarsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazilishiga erishishi kerak. Shundan keyin targ‘ibot olib borilsa, ko‘ngildagidek bo‘ladi. Aks holda xalq orasida turli mish-mishlar, fitnalar avj olishi va natijada qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishi ham hech gap emas.
So‘zimga yakun yasar ekanman, Adiy ibn Hotam roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisni eslashni lozim topdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yarimta xurmo (ni infoq qilib) bo‘lsa ham, do‘zaxdan saqlaninglar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Alloh har birimizni xayru saxovatli bandalaridan qilsin!
Alisher domla NAIMOV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari