Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Islomda ayollarning ilm olishdagi haqlari

12.02.2021   3665   9 min.
Islomda ayollarning ilm olishdagi haqlari

Ilm va ayol

 

 

Bir kuni huzurimizga ona va qiz kirib keldi. Ona qizining ikki nafar farzandi borligi va oilasi buzilganini aytib, mendan maslahat so'radi.

25 yoshlarda bo'lgan bu ayol bilan suhbatlashdim. Aytishicha, ota-onasi o'z paytida maktabga yubormagan. Shu sababli keyinchalik kollej yoki litseyda ham o'qimagan. 20 yoshda esa turmushga berishgan. Ikki bolaning onasi bo'lganda turmush o'rtog'i bilan kelisholmagani sababli oilasi buzilgan. Endilikda bu ayol farzandlari bilan qizlik uyida yashamoqda. U farzandlarini boqishni, kiyintirishni, ota-onasiga og'irligini tashlamaslikni xohlaydi. Lekin biror o'quv dargohini tamomlamagani va hunari yo'qligi sababli tushkunlikka tushib qolgan. Unga ilm olish va hunar o'rganish uchun hali kech emasligini tushuntirdim.

Yana kunlarning birida bir ayol qo'ng'iroq qilib, bitta xonadonga sovchilikka borgani va u oilada ota qizlarining o'qishi, kasb-hunar o'rganishi uchun ruxsat bermasligi haqida gapirdi. “Kelajakda bu qizlarning taqdiri nima bo'ladi? Islom dinida ayol-qizlarning ilm olishi va hunar o'rganishi uchun ruxsat berilmaydimi?” deb so'radi u ayol. Men: “Aksincha, Islom dini ayol-qizlarni ulug'lab qo'ygan, ular ilm olish va kasb-hunar egallashda etarlicha haq-huquqqa egalar”, deb tushuntirdim.

Ba'zi ota-onalar qizlarini ko'chaga chiqarmay, hech qayerda o'qitmay, joyi chiqsa, tezroq turmushga berish haqida o'ylashadi. Modomiki, Payg'ambarimiz alayhissalomning pokiza ayollari, muborak onalarimiz ayollarga ilm o'rgatish, shariat hukmlarini etkazishda Rasuli akram yonlarida turib, u zotga ko'makdosh va maslakdosh bo'lganlar. U davrlarda ayollar shariatning ba'zi hukmlarini, xususan, er-xotinlik, junublik, nifos, hayz va boshqa shunga o'xshash masalalarni to'g'ridan-to'g'ri so'rashdan uyalganlar. Shuningdek, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bu kabi masalalarni ochiq-ravshan so'zlashdan hayo qilar edilar. Shunday o'rinlarda onalarimiz javob berar edilar.

Oysha roziyallohu anho aytadilar: “Ansoriylarning ayollarini Alloh rahmat qilsin, ularni shariat ahkomlarini bilishdan hayo man qilmadi”. Bu ayollar kechalari Oysha onamiz oldilariga kelib, junublik, hayzu nifos kabi masalalarda shariat hukmini so'rab o'rganar edilar.

Shuningdek, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uylarida qilgan barcha ishlari, muammo-yu yurish-turishlarini naql qilishda u zoti sharifning pokiza ayollarining hissalari ko'p ekanini bilamiz. Nabiy alayhissalomning ayollaridan ko'plari shariat ahkomlarini o'rgatuvchi ustoz, Qur'on yod olgan qoriya, hadislarini etkazuvchi muhaddisa va faqiha bo'lib, o'tkir qobiliyatlari, nodir zakovatlari bilan mashhur bo'lganlar. Hususan, Oysha onamiz meros masalasida matematikani puxta bilganlari bois hattoki ba'zi mashhur sahobalar ham meros taqsimlashda ulardan maslahat so'rar edilar. Islom kelguniga qadar kasr son haqida kishilarda tushuncha bo'lmagan. Qur'oni karimda meros masalasida kelgan hukmlarni esa Oysha onamizdek puxta biladigan va taqsim qilib beradigan faqiha bo'lmagan.

Hozirda ayollar faqat uyda o'tirishlari kerak, ilm olmasalar ham bo'ladi, uy yumushlarini qilib, farzand tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lsin, deydiganlarga qarata Islom mo'minu mo'minalarga barobar ravishda ilm olishni targ'ib qiladi, deb baralla ayta olamiz. Chunki Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ilm olish mo'min va mo'minaga farzdir”, deb marhamat qilganlar.

Shuningdek, ulamolar va faqihlar farzi ayn ilmlarda ayollar ham erkaklar kabi teng huquqli ekanlariga ijmo qilishgan.

Al­loh taolo marhamat qiladi: “Kim, u xoh erkak bo'l­sin, xoh ayol, mo'minlik holida savobli ishlar qil­sa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xur­mo danagining ipicha ham zulm qilinmagay” (Niso, 124); “Albatta, muslim va muslimalar, mo'­min va mo'minalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgo'y erkaklar va rostgo'y ayollar, sabr­li erkaklar va sabrli ayollar, tavozeli (kamtar) erkaklar va tavozeli ayollar, sadaqa qiluvchi er­kak­lar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro'za tutuvchi er­kak­lar va ro'za tutuvchi ayollar, avratlarini (ha­rom­dan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini harom­dan) saqlovchi ayollar, Allohni ko'p zikr etuvchi erkaklar va (Allohni ko'p) zikr etuvchi ayollar – ular uchun Alloh mag'firat va ulug' mukofotni (ya'ni jannatni) tayyorlab qo'ygandir”(Ahzob, 35).

Ayollarning ta'lim olishi farzi aynligiga quyidagi sahih hadislar ham dalil bo'ladi. Imom Termiziy va Abu Dovud (lafzi Abu Dovudniki) rivoyat qiladilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kimning uch qizi yoki uchta yo oltita yoxud ikkita opa-singlisi bo'lsa va ularga odob berib, ularga yaxshilik qilsa hamda ularni turmushga bersa, unga jannat bordir”. Boshqa bir rivoyatda: “Qaysi erkakning cho'risi bo'lsa, u unga ta'lim berib, ta'limini chiroyli qilsa va unga odob berib, odobini chiroyli qilsa, so'ngra uni ozod qilib, o'sha ayolga uylansa, u kishiga ikki ajr bordir”, deyiladi.

Bu haqda Imom Buxoriy va Muslimning sahih to'plamlarida ham hadislar kelgan. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh u zotga o'rgatgan narsalarni ayollarga ham o'rgatish maqsadida alohida kunni xoslab qo'yganlar. Bir kuni bitta ayol: “Yo Rasululloh! Erkaklar sizning oldingizga kelib, so'zingizni olib ketadilar. Biz uchun ham biror kun belgilang, biz huzuringizga kelib, Alloh sizga o'rgatgan narsalarni o'rganamiz”, dedi. Shunda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Falon va falon kuni jamlaninglar”, deb aytdilar. Ular yig'ildilar. Pay­g'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kelib, ularga ta'lim berdilar.

Baloziriyning “Futuhul buldon” kitobida bunday keladi: mo'minlar onasi Hafsa binti Umar roziyallohu anho johiliyatda Shifo ismli bir ayoldan yozishni o'rgangan edilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga uylanganlaridan keyin Shifoni topib, Hafsa onamizga qanday o'rgatgan bo'lsa, boshqalarga ham xuddi shunday chiroyli yozishni o'rgatishini talab qiladilar.

Yuqoridagi oyatu hadislardan xulosa chiqarsak, Islom dini ayol kishini ilmli, ma'rifatli bo'lishga buyuradi. Tarixdan ma'lum, ayollar ham Islom rahna­moligida ilm va madaniyatning eng yuqori darajasiga ko'tarilganlar. Ayollardan mashhur tabiblar etishib chiqqan. Misol uchun turli ko'z kasalliklarini aniqlab, davosini topgan Zaynab va Qozi Abu Ja'far Tof­joliyning qizi Ummul Husno arab dunyosining mashhur tabibalaridan hisoblangan. Yana Karima Utruziya, Say­yida Nafiysa bintu Muhammad kabi ayol muhaddislar ham bo'lgan.

Yuqori ilmiy darajaga erishgan bu xonimlar qatorida Imom Shofe'iy, Imom Buxoriy, Ibn Haldun va Ibn Hibbon kabi mashhur muhaddislar, faqihlar, ulamolar hamda adiblarning muallimalari ham bo'lishgan.

O'z yurtimiz tarixiga ham nazar solsak, Nodira, Uvaysiy, Anbar otin, Bibixonim kabi ham dunyoviy, ham diniy ilmlarda ilg'or bo'lgan ayollarning nomlarini sanab o'tish mumkin.

Yoki samarqandlik olima Fotima binti Muhammad Samarqandiyni olaylik (vafoti taxminan 1186 yil). U ayol faqihalardan biri bo'lgan. Buyuk faqih Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Alouddin Samarqandiyning qizi, “ulamolar podshosi” deb laqab olgan Alouddin Kosoniyning turmush o'rtog'i edi. Olima Turkistonda, Shoshning orqa tomonidagi Koson shahrida tavallud topgan. U otasidan hadis va fiqhdan ta'lim olgan. Otasining mashhur “Tuhfatul fuqaho” (“Faqihlar tuhfasi”) asarini yoddan bilgan.

Olimaning bir qancha asarlar muallifi ekani manbalarda qayd etilgan, ammo fiqh va hadisga tegishli “Majma'ul favoid li jammil avoid sharh tuhfatil muluk” (“Podshohlar tuhfasi sharhida rasm-rusumlarni to'ldirishda qoidalar jamlanmasi”) asarigina ma'lum.

Alouddin Samarqandiyning shogirdi Alouddin Abu Bakr Kosoniy (vafoti 1191 yil) ustozining “Tuhfatul fuqaho” asariga sharh yozib, unga taqdim etgan. Alouddin Samarqandiy sharhdan mamnun bo'lganidan qizini shogirdiga nikohlab bergan.

Mana, azizlar, ayol-qizlarimizning ilm olishda va o'rgatishda haq-huquqlari borligini yuqoridagi bir qancha dalillar orqali bilib oldik. O'ylaymizki, ana shu ilmni ozgina o'rganish bilan yurtdoshlarimiz qizlarining ham bilimli bo'lishi naqadar muhimligini anglardilar. Shunday emasmi?!

 

Maryamxon ABDULLAYeVA

Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   7704   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.