26-bob
Faqih rahimahulloh aytadilarki: Ba'zilar dam solish va davolanishni yomon ko'rishdi, ammo bunga ulamolarning ommasi ijozat berdi.
Bu ishni yomon ko'rganlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ushbu hadisni hujjat keltirishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ummatimdan etmish mingtasi hisob-kitobsiz jannatga kiradi», dedilar. Ukkosha ibn Muhsin turib: «Ey Rasululloh, Allohga men uchun duo qiling, meni ulardan qilsin», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u uchun duo qildilar. Boshqa bir kishi turib: «Men uchun ham duo qiling», dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ukkosha sendan ildamlik qildi», dedilar. Aytilishicha, ikkinchi kishi munofiq edi, shu sababli unga duo qilmadilar va bu bilan mo'minni yuqori qo'ydilar. So'ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylariga kirib ketdilar. Odamlar jannatga hisobsiz kiradigan kishilar kimligi haqida gaplasha boshladi. Ba'zilar: «Ular Islomda tug'ilib, Islomda o'lganlar va gunoh ish qilmaganlar», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqdilar, so'ng bu haqda u zotdan so'rashdi. «Ular dam soldirmaydilar, irim-sirimlarga ishonmaydilar, yaralariga tamg'a qilib bosmaydilar va Rabbilariga tavakkul qiladilar», dedilar Nabiy.
Imron ibn Hasin: «Men nurni ko'rardim va maloikalarning so'zlarini eshitardim, dam soldirgan edim, bu narsa mendan yo'qoldi», deydilar.
A'mash Abu Zabbondan, u Huzayfa ibn Yamondan rivoyat qiladi. U zot bayram qilayotgan odamning oldiga kirib, qo'lini uning biqiniga qo'ydilar. «Nima bu?» deb so'radilar. Haligi kishi: «Tumorim», dedi. Uni olib bo'lib tashladilar va: «Agar o'lganingda senga janoza o'qimasdim», dedilar.
Said ibn Jubayr aytadilar: «Chayon qo'limni chaqib oldi, so'ng onam dam soldirishimga qasam ichtirdi va men folbinga chayon chaqmagan qo'limni berdim».
Abdullohning ayoli Zaynab aytadilar: «Bir kuni Abdulloh bo'ynimdagi ipni ko'rib: «Bu nima?» dedi. «Tumorim», dedim. Uni olib bo'lib tashladi va: «Abdullohning oilasi shirkdan behojat», dedi».
Hasan Basriy aytadilar: «Alloh Halilaj va Balilajni bilmaydigan qavmni rahmat qilsin. Chunki u bilan gumon qilinadi, shifosi bilinmaydi». Ibn Umardan rivoyat qilingan ushbu so'zni ko'rmaysanmi? U: «Kasalni ishtaha tortgan narsadan qaytarmanglar, ehtimol, Alloh uning shifosini ishtahasi tortgan narsasida qilgandir», deganlar».
Dam solish va davolanishni muboh deganlar Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan qilingan rivoyatni hujjat qilib keltirishadi: «Alloh taolo kasalliklarni davosi bilan ham tushirdi. Faqat qarilik va o'limning da'vosi yo'q, bas, sigir sutini ko'p ichinglar. Chunki unga hamma o'tlardan aralashgan».
Boshqa rivoyatda: «u hamma o'tlardan boqilgan», deyiladi.
Sufyon ibn Uyayna Ziyod ibn Aloqadan, u Usama ibn Sharikdan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamni Makkada ko'rdim, arablar: «Biz bir-birimizni davolashimizda bizga gunoh bormi?» deb so'rashardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning bandalarini davolanglar, chunki Alloh har qanday dard uchun shifoni yaratdi», dedilar». Hajjoj ibn Artot Atodan dam solish haqida so'radi, shunda u: «Ey Iroq ahli, bu ishning yomonligini faqat sizdan eshitdik, chunki ibodat badan bilan qoyim bo'ladi, bas, bizga ibodatni to'g'ri qilish uchun hukmlarni ta'lim olish vojib bo'lgani kabi, tib ilmi, badanni davolash ilmi ham vojibdir. Ibodatni isloh qilish uchun uni ta'lim olish yoki unga amal qilishning ziyoni yo'q, chunki hukmlardagi so'z garchi hujjatni va yaqiynsiz ham, ray bilan joiz bo'ladi. Shuningdek, tabobatdagi so'z ham agar ray va tajribalar bilan bo'lsa, undan foydalanish mumkin.
Dam solishdan qaytarganlik haqida vorid bo'lgan xabarlar mansuxdir.
Jobir roziyallohu anhu qilgan rivoyatda aytiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dam solishdan qaytargan edilar. Amr ibn Hazmning oilasida chayonga qarshi dam solishardi, shunda ular Nabiyga sollallohu alayhi vasallam aytib: «Siz dam solishdan qaytargan edingiz», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men bunda biror ziyonni ko'rmayapman, bu ishni birodariga manfaat berishga qodir bo'lgan kishi qilsin», dedilar.
Ehtimol, shifoni davodan deb e'tiqod qilishdan qaytarilgandir. Ammo shifo Alloh taolodan va davoni bir sabab deb bilsa, buning ziyoni yo'q.
Darhaqiqat, dam solish va davolanishning mubohligi haqida ham asarlar kelganin. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud kunida jarohatlanganlarida yaralarini davolaganlar. Rivoyat qilinadiki Ansorlardan bir kishi o'z Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga yarasiga qizigan narsa bosishni buyurdilar.
Yana naql qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mu'avvizatayn (Falaq va Nos suralari) bilan dam solar edilar. Bu to'g'ridagi xabarlar behisobdir .
«Bo'stonul Orifiyn» kitobidan