Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2025   |   30 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:12
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:20
Bismillah
25 Iyul, 2025, 30 Muharram, 1447

Davriy nashrlarda: Imom Abu Yusuf rahimahulloh

12.02.2021   1908   6 min.
Davriy nashrlarda: Imom Abu Yusuf rahimahulloh

To'liq ismi – Abu Yusuf Ya'qub ibn Ibrohim ibn Habib Ansoriy, hijriy 113 yilda tug'ilgan. U zot faqih, tafsir ilmlari, g'azotlar va arablar tarixi bilimdoni edi.

Abbosiylar xalifasi Horun Rashid u zotni nihoyatda hurmat qilar, izzat­ikrom ko'rsatardi. U o'z zamonasida mag'ribu mashriqqa “Qozul quzot (bosh qozi)” etib tayinlangan edi. Usulul fiqh bo'yicha birinchi kitob yozgan va fiqhiy masalalarni imlo qildirgan zotdir. Ibn Samoa aytadi: “Abu Yusuf qozilikka tayinlangach, har kuni yuz rakat namoz o'qirdi”. Abu Yusuf dastlab, Ibn Abu Laylo rahimahullohga shogird tushgan. So'ng Abu Hanifa rahimahullohdan fiqhni o'rgangan. Abu Hanifa vafotiga qadar u zot etagini mahkam tutgan. Bu haqda uning o'zi bunday degan: “Men ilm o'rganish uchun Ibn Abu Laylo huzuriga borardim. U kishi meni hurmat qilardi. U biror masalada hukm chiqarishga qiynalsa, Abu Hanifaning so'zini olar edi. Men Abu Hanifa rahimahullohning halqasiga borishni juda istardim. Biroq Ibn Abu Laylodan hayo qilganimdan bora olmasdim. Bir kuni u bilan o'rtamizda ko'ngilsiz voqea sodir bo'ldi. Bu Ibn Abu Layloga og'ir botdi. Men esa, vaziyatdan foydalanib, Abu Hanifa rahimahullohning oldiga borib, u zot etagidan mahkam tutdim. Men Abu Hanifaga o'n etti yil shogird bo'ldim. Hatto Ramazon va Qurbon hayitlarida ham undan hecham ajramadim. Faqat kasalligim sababli birga bo'lolmagan ba'zi vaqtlarim bundan mustasno”. Shuningdek, Abu Yusuf rahimahulloh darslardagi munoqasha qilingan masalalarni yozib borar, so'ng ustoziga ko'rsatar edi.

Imom Abu Hanifa rahimahulloh Abu Yusufning fazli va ilmini e'tirof qilar erdi. U og'ir kasal bo'lganida: “Mabodo, bu yigit vafot etsa, er yuzidagi eng ilmli inson vafot etgan bo'ladi”, degan ekan. Yana bunday degan: “Meni hech kim Abu Yusufchalik mahkam tutgan emas”, “U shogirdlarim orasida barcha ilmlarni o'zida jam qilganidir”. Abu Yusuf rahimahulloh aytadi: “A'mash mendan bir nechta masala haqida
so'radi. Uning savollariga javob berdim.

Keyin: “Bu javoblarni qayerdan olding?” dedi. “Siz menga rivoyat qilib bergan hadisdan oldim”, deb o'sha hadisni eslatdim. U: “Ey Ya'qub, men bu hadisni ota­-onang turmush qurmasdan oldin yod olgandim, lekin hozirgacha uning ta'vilini bilmas edim”, dedi. Abu Yusufdan ikki buyuk imom – Muhammad ibn Hasan va Ahmad ibn Hanbal rahimahumalloh ham ilm o'rganishgan.

Imom Ahmad aytadi: “Dastlab, hadis talabida Abu Yusuf huzuriga borganman”. Abu Yusuf rahimahulloh hijriy 182 yili Bag'dodda vafot etgan. U zot uch abbosiy xalifa – Mahdiy, Hodiy va Horun Rashid davrlarida bosh qozi bo'lgan. Rivoyat qilinishicha, vafot etayotganida, bunday degan: “Men umrim bo'yi bergan fatvolarimning hammasidan qaytdim. Faqat Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga muvofiq keladigani bundan mustasno”.

Abu Yusuf rahimahulloh hanafiy mazhabini rivojlantirish borasida uch bosqichda faoliyat olib borgan.

1. Tadris. Hanafiy mazhabning yoyilishiga dars berishning ta'siri kuchli bo'lgan. Shu bois ustoz vafotidan so'ng shogirdlar uning ilmiy faoliyatini davom ettirishdi. Abu Yusuf rahimahulloh ustozining hayotlik chog'idayoq yuksak ilmiy salohiyatga erishgan. U masalalar munoqashasida ishtirok etib, usul qoidalarini yozib borardi. Ustozi vafotidan keyin uning Muhammad ibn Hasan, Hasan ibn Ziyod kabi shogirdlariga fiqhdan dars berdi. So'ngra barchalari ko'plab yurtlarda bu mazhabni yoya boshlashdi.

2. Qozilik. Abu Yusuf rahimahulloh to vafotiga qadar abbosiylar davlatida uzoq muddat bosh qozi bo'lib faoliyat yuritgan. Mashriqu mag'ribdagi har bir qozi uning maslahati bilan tayinlanar, mazhabni yoyish va uning nufuzi yo'lida hanafiy ulamolardan istaganini qozi etib tayinlar edi. Muhammad ibn Hasan rahimahullohni ham Raqqa shahriga qozilikka tavsiya qilgan. Zero, u zot Abu Hanifa fiqhini qozilik orqali yoyishda boshqalardan ko'ra Imom Muhammadni afzal bilgan.

3. Tadvin. Abu Yusuf rahimahulloh “Kitobul osor”, “Ixtilofu Abu Hanifata va Ibn Abi Laylo”, “Al­Haroj” va “Ar­Raddu ala siyaril Avzoiy” kabi asarlarni yozib qoldirdi. U ilk bor hanafiy mazhabi bo'yicha kitob yozib, masalalarni imlo qilgan va Abu Hanifa rahimahulloh ilmini dunyoga tarqatgan kishi sifatida e'tirof etiladi. Bundan tashqari, Abu Yusuf rahimahulloh muhaddis bo'lgani uchun hanafiy fiqhini hadis bilan quvvatladi. Jarh va ta'dil imomi Yahyo ibn Main rahimahulloh Abu Yusuf to'g'risida bunday degan: “Ashobur ra'y ichida Abu Yusufdan ko'ra hadis ilmida sobitliroq, hifzi kuchliroq, rivoyati sahihroq biror kishini ko'rmadim”.

Muhammad ibn Shayboniy rahimahulloh Abu Yusufdan rivoyat qiladi: “Biz Abu Hanifa bilan ba'zi masalalarda suhbatlashardik. Qachon u bir so'z aytsa va shogirdlari ham unga qo'shilsa, uni qo'llab quvvatlaydigan hadis yo osor bormikin, deb Kufa shayxlarining oldiga borardim. Ko'pincha bu borada ikkita yoki uchta hadis topib, ularni Abu Hanifaga aytsam, ba'zilarini qabul qilib, ba'zilarini “Bu sahih emas, bu ma'ruf emas”, deb rad etardi. Haqiqatda, o'sha hadislarning hukmi u zotning aytganiday bo'lib chiqardi. “Buni qayerdan bilasiz?” deb so'raganimda: “Men Kufa ahlining ilmini bilaman”, deb javob bergan.

“Hanafiy fiqhi tarixi, manbalari va istilohlari” kitobi asosida tayyorlandi.

“Islom Nuri” diniy-ma'rifiy gazetasining 2020-yil, 23-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hazrati inson bo‘ling!..

22.07.2025   5447   2 min.
Hazrati inson bo‘ling!..

Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.


– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.


– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...


Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.


Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:

– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi(Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...


Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.


Akbarshoh Rasulov