Shu yil 9 fevral' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Litva davlati muftiysi Ramazon hazrat janoblarini qabul qildilar. Mehmonlar tarkibida Litvadagi “Halal Control Lithuania” qo'mitasi bosh direktori Farrux Azimov ham keldi.
Uchrashuv avvalida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so'nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohadagi amalga oshirilayotgan yangilanishlar to'g'risida so'zlab berdilar. Hususan, masjid-madrasalarning obod etilishi, diniy ta'lim olish imkoniyati kengayishi va diniy soha xodimlariga ko'rsatilayotgan e'tibor haqida alohida to'xtaldilar.
Muloqotda xorij mamlakatlaridagi musulmonlar idoralari bilan hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani, halol sertifikat berish bo'yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, ziyorat turizmi yo'nalishidagi hamkorlikni yo'lga qo'yish, masjid va madrasalardagi shart-sharoitlar, hatto olis va chekka hududlarda ham jomelar yangidan qurilayotgani hamda yoshlar ta'lim-tarbiyasi yo'nalishida qilinayotgan ishlar to'g'risida ham fikr-mulohazalar almashildi.
Ramazon hazratlari Litva diniy idorasi tashkil etilishi, tarixi, asosiy faoliyat yo'nalishlari, maqsad va vazifalari haqida gapirib berdi. Litva hududiga musulmonlar Oltin O'rda va Qrim mintaqalaridan borgani, qadimda Litva Yevropaning yirik davlatlaridan biri bo'lgani, qo'shni davlatlardan hujum bo'lgan paytlarda qrim-tatar musulmonlari qarshi kurashda jonbozlik ko'rsatgani, shundan so'ng mo'min-musulmonlarning obro'-e'tibori oshgani, masjidlar qurish uchun er ajratilgani, ibodat qilish uchun keng imkoniyatlar yaratilganiga alohida urg'u qaratdi.
Litvadagi “Halal Control Lithuania” qo'mitasi bosh direktori Farrux Azimov O'zbekistonda mahsulot va xizmatlarga halol sertifikat berish va ziyorat turizm yo'nalishlarida hamkorlik qilish bo'yicha o'zining takliflarini berdi.
Uchrashuv yakunida ikki davlat muftiylari sohadagi o'zaro hamkorlikni mustahkamlash va bu boradagi aloqalarni rivojlantirish haqida kelishib oldilar.
Mehmonlar “Hazrati Imom” majmuasidagi tarixiy obidalar, osori atiqalar va Hazrati Usmon Mushafini ziyorat qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hikmat egalarining og‘zidan chiqqan eng go‘zal gaplar:
- Otlar ichgan yerdan suv iching, chunki otlar hech qachon iflos suvni ichmaydi.
- Yotog‘ingizni mushuk uxlaydigan joyga soling, chunki mushuk xotirjam joyda uxlaydi.
- Qurt tushgan, lekin teshib chiqmagan mevani yeng, chunki qurt doimo mevaning pishganini tanlaydi.
- Daraxtni yumronqoziq kavlagan yerga o‘tqazing, chunki o‘sha yer hosildor bo‘ladi.
- Uyni ilon isinib yotgan joyga quring, chunki o‘sha joy mustahkam va cho‘kmaydigan bo‘ladi.
- Qushlar issiq kunda panaga qochgan yerni qazisangiz suv chiqadi, chunki qushlar suv bor yerni biladi.
- Qushlar bilan bir vaqtda uxlab, ular bilan bir vaqtda uyg‘oning - zero bu muvaffaqiyat yo‘ldir.
- Ko‘proq sabzavot iste’mol qiling, shunda o‘rmon hayvonlari kabi oyoqlaringiz kuchli va yuragingiz baquvvat bo‘ladi.
- Imkon topganingizda suvda suzing, shunda yerda o‘zingizni huddi suvdagi baliqdek yengil his qilasiz.
- Imkon qadar osmonga ko‘proq qarang, shunda fikrlaringiz ravshan va tiniqlashadi.
- O‘zingizni xotirjam va sokin tutishga odatlaning, shunda qalbingizga sakinat kirib, ruhingiz orom topadi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV