Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

Muftiy hazratlari Litva delegatsiyasini qabul qildilar

10.02.2021   1707   3 min.
Muftiy hazratlari Litva delegatsiyasini qabul qildilar

Shu yil 9 fevral' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Litva davlati muftiysi Ramazon hazrat janoblarini qabul qildilar. Mehmonlar tarkibida Litvadagi “Halal Control Lithuania” qo'mitasi bosh direktori Farrux Azimov ham keldi.

Uchrashuv avvalida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so'nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohadagi amalga oshirilayotgan yangilanishlar to'g'risida so'zlab berdilar. Hususan, masjid-madrasalarning obod etilishi, diniy ta'lim olish imkoniyati kengayishi va diniy soha xodimlariga ko'rsatilayotgan e'tibor haqida alohida to'xtaldilar.

Muloqotda xorij mamlakatlaridagi musulmonlar idoralari bilan hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani, halol sertifikat berish bo'yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, ziyorat turizmi yo'nalishidagi hamkorlikni yo'lga qo'yish, masjid va madrasalardagi shart-sharoitlar, hatto olis va chekka hududlarda ham jomelar yangidan qurilayotgani hamda yoshlar ta'lim-tarbiyasi yo'nalishida qilinayotgan ishlar to'g'risida ham fikr-mulohazalar almashildi.

Ramazon hazratlari Litva diniy idorasi tashkil etilishi, tarixi, asosiy faoliyat yo'nalishlari, maqsad va vazifalari haqida gapirib berdi. Litva hududiga musulmonlar Oltin O'rda va Qrim mintaqalaridan borgani, qadimda Litva Yevropaning yirik davlatlaridan biri bo'lgani, qo'shni davlatlardan hujum bo'lgan paytlarda qrim-tatar musulmonlari qarshi kurashda jonbozlik ko'rsatgani, shundan so'ng mo'min-musulmonlarning obro'-e'tibori oshgani, masjidlar qurish uchun er ajratilgani, ibodat qilish uchun keng imkoniyatlar yaratilganiga alohida urg'u qaratdi.

Litvadagi “Halal Control Lithuania” qo'mitasi bosh direktori Farrux Azimov O'zbekistonda mahsulot va xizmatlarga halol sertifikat berish va ziyorat turizm yo'nalishlarida hamkorlik qilish bo'yicha o'zining takliflarini berdi.
Uchrashuv yakunida ikki davlat muftiylari sohadagi o'zaro hamkorlikni mustahkamlash va bu boradagi aloqalarni rivojlantirish haqida kelishib oldilar.

Mehmonlar “Hazrati Imom” majmuasidagi tarixiy obidalar, osori atiqalar va Hazrati Usmon Mushafini ziyorat qildilar.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Farzand zinhor ota-onasi bilan xusumatlashmasligi kerak

6.01.2025   2653   4 min.
Farzand zinhor ota-onasi bilan xusumatlashmasligi kerak

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ مَنْصُورِ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ: أَنَّ عُمَرَ بْنِ عَبْدِ الْعَزِيزِ اخْتَصَمَ إِلَيْهِ رَجُلٌ وَابْنُهُ، فَقَالَ عُمَرُ حِينَ جَلَسَا بَيْنَ يَدَيْهِ: أَمَا لِهَذَا أَحَدٌ؟ أَيْ لِلْاِبْنِ يَجْلِسُ مَعَ أَبِيهِ، فَقَامَ عَمُّهُ فَجَلَسَ مَكَانَ أَبِيهِ، فَخَاصَمَ عَنِ ابْنِهِ. قَالَ الْحُسَيْنُ: تَعْظِيمًا لِأَبِيهِ.

Mansur ibn Abdurrahmondan rivoyat qilinadi:

«Umar ibn Abdulazizning oldiga bir kishi o‘g‘li bilan xusumatlashib keldi. Ikkisi uning huzuriga o‘tirgach, Umar: «Mana buning o‘rniga biror kishi yo‘qmi?» dedi. Ya’ni, o‘g‘ilning o‘rniga otasi bilan o‘tiradigan odam. Shunda amakisi turdi va otasining yoniga o‘tirdi. So‘ng o‘g‘ilning nomidan xusumatlashdi».

Husayn aytadi: «Bu ish otani ulug‘lash uchun qilindi».

Sharh: Umar ibn Abdulaziz beshinchi roshid xalifa ham deyiladi. O‘zlari hijriy 100 sanada xalifa bo‘lganlar. Lekin xalifa bo‘lish muddati qisqa bo‘lsa ham, shu qisqa muddat ichida mashhur choriyor xalifalarning ishini qayta tiklashga, ular kabi adolatli bo‘lishga harakat qilganlar, Islom olamining barcha taraflariga xayr-baraka yoyilishiga sabab bo‘lganlar. U kishi musulmonlarning buyuk xalifasi hisoblanar edilar. Bir kuni Umar ibn Abdulazizning huzurlariga bir odam o‘g‘li bilan xusumatlashib kelibdi. Ya’ni talashib-tortishib, oralarida hukm chiqarishni talab qilib kelishibdi.

Ikkisi xalifaning qarshisiga yonma-yon o‘tirib, mahkamani kuta boshlashibdi. Umar ibn Abdulaziz ulardan savol so‘rab, hukm chiqarishlari kerak. Ammo otaning hurmatidan o‘g‘ilning o‘rniga boshqa bir kishi xusumatlashishini istadilar. Shunda o‘g‘ilning o‘rniga amakisi kelib o‘tirdi va mahkamada uning nomidan ishtirok etdi. Bu narsa otaning ehtiromi uchun, bola u bilan tortishmasin, deya qilindi.

Shuning uchun farzand zinhor ota-onasi bilan xusumatlashmasligi kerak. Mabodo ilojsiz holga tushib qolsa ham, boshqa birovlar orqali odob bilan arzini yetkazishi lozim.

عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: انْتَهَتِ الْقَطِيعَةُ إِلَى أَنْ يُجَالِسَ الرَّجُلُ أَبَاهُ عِنْدَ السُّلْطَانِ.

Hasandan rivoyat qilinadi:

«Qarindoshlik aloqasini uzish shu darajaga yetdiki, hatto bola otasi bilan tortishib, qozining oldiga boradigan bo‘ldi».

Sharh: Ya’ni, ota-bola orasidagi behurmatlik shu darajaga yetdi.

Otasi bilan bir narsa talashib-tortishish, uning ustidan qoziga arz qilish, qozining oldiga sudrab borib, «Mening haqimni olib ber», deyish musulmonlar uchun obro‘ bo‘lmaganligidan, yaxshi emasligidan mana shu gaplar aytilgan ekan.

Shu bilan birga, musulmonlarning dastlabki avlodlarida bu kabi ishlar bo‘lmagani ham ushbu rivoyatdan anglab olinadi. Vaqt o‘tishi bilan, odamlar diniy ta’limotlardan uzoqlashishi oqibatida shu kabi salbiy holatlar paydo bo‘lgan.

عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: انْتَهَتِ الْقَطِيعَةُ إِلَى أَنْ يُجَاثِيَ الرَّجُلُ أَبَاهُ عِنْدَ السُّلْطَانِ.

Hasandan rivoyat qilinadi:

«Qarindoshlik aloqasini uzish shu darajaga yetdiki, hatto bola otasini qozining oldiga olib boradigan bo‘ldi».

Sharh: Bu rivoyat avvalgisining takrori ekan.

Musulmon ummatiga xos bo‘lmagan bu kabi oqpadarlik ishlaridan saqlanishimiz lozim. Buning uchun esa avval ham ta’kidlab o‘tganimizdek, diniy ta’limotlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz, sahobalar avlodining ota-onalariga bo‘lgan hurmat-e’tiboridan yoshlarimizga ta’lim berishimiz kerak.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.