Shu yil 9 fevral' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Litva davlati muftiysi Ramazon hazrat janoblarini qabul qildilar. Mehmonlar tarkibida Litvadagi “Halal Control Lithuania” qo'mitasi bosh direktori Farrux Azimov ham keldi.
Uchrashuv avvalida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari so'nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohadagi amalga oshirilayotgan yangilanishlar to'g'risida so'zlab berdilar. Hususan, masjid-madrasalarning obod etilishi, diniy ta'lim olish imkoniyati kengayishi va diniy soha xodimlariga ko'rsatilayotgan e'tibor haqida alohida to'xtaldilar.
Muloqotda xorij mamlakatlaridagi musulmonlar idoralari bilan hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani, halol sertifikat berish bo'yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, ziyorat turizmi yo'nalishidagi hamkorlikni yo'lga qo'yish, masjid va madrasalardagi shart-sharoitlar, hatto olis va chekka hududlarda ham jomelar yangidan qurilayotgani hamda yoshlar ta'lim-tarbiyasi yo'nalishida qilinayotgan ishlar to'g'risida ham fikr-mulohazalar almashildi.
Ramazon hazratlari Litva diniy idorasi tashkil etilishi, tarixi, asosiy faoliyat yo'nalishlari, maqsad va vazifalari haqida gapirib berdi. Litva hududiga musulmonlar Oltin O'rda va Qrim mintaqalaridan borgani, qadimda Litva Yevropaning yirik davlatlaridan biri bo'lgani, qo'shni davlatlardan hujum bo'lgan paytlarda qrim-tatar musulmonlari qarshi kurashda jonbozlik ko'rsatgani, shundan so'ng mo'min-musulmonlarning obro'-e'tibori oshgani, masjidlar qurish uchun er ajratilgani, ibodat qilish uchun keng imkoniyatlar yaratilganiga alohida urg'u qaratdi.
Litvadagi “Halal Control Lithuania” qo'mitasi bosh direktori Farrux Azimov O'zbekistonda mahsulot va xizmatlarga halol sertifikat berish va ziyorat turizm yo'nalishlarida hamkorlik qilish bo'yicha o'zining takliflarini berdi.
Uchrashuv yakunida ikki davlat muftiylari sohadagi o'zaro hamkorlikni mustahkamlash va bu boradagi aloqalarni rivojlantirish haqida kelishib oldilar.
Mehmonlar “Hazrati Imom” majmuasidagi tarixiy obidalar, osori atiqalar va Hazrati Usmon Mushafini ziyorat qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqqiga bunday duo qilganlar: “Allohim, uning yuzini yanada go‘zal qilgin, sochlari va tanasini quvvatli qilgin”. Qatoda roziyallohu anhu 75 yoshida vafot etganida go‘yo o‘n besh yoshli yigitga o‘xshardi.
Shifo oyatlariga quyidagilar kiradi:
وَيَشْفِ صُدُورَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ
“(Alloh) mo‘minlar qavmi qalblariga shifo beradi” (Tavba surasi, 14-oyat).
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“Ey, odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).
يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
“Ularning (asalarilarning) qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 69-oyat).
وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Isro surasi, 82-oyat).
وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ
“Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur” (Shuaro surasi, 80-oyat).
قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ
Ayting: “(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).
Davron NURMUHAMMAD