Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Ka'baning buzilib qayta qurilishi

10.02.2021   3329   11 min.
Ka'baning buzilib qayta qurilishi

 

Musulmonlarning qiblasi, hidoyat o'chog'i, erning markazi bo'lmish “Allohning bayti” haqida qanchalik ma'lumotga egasiz? Uni ma'nan ziyorat qilishni istaysizmi? Unda keling shu haqida qisqacha suhbat qilamiz! Allohning bayti, Qur'onda ikki marta “Ka'ba” degan nom bilan zikr qilingan.  “Moida” surasi 95-97-oyatlarda. Ammo boshqa nomlar bilan ko'p marotaba zikr qilingan. masalan: "Al-bayt", “Baytul atiyq”, “Masjidul Harom”, “Baytul Harom”, “Avvalu bayt” va boshqalar.

Bilasizmi? Allohning bayti nega “Ka'ba” deb nomlangan? Unda bilib oling – “Ka'ba” deb nomlanishiga sabab, uning shakli “Kubik”ga o'xshash bo'lganligi uchun shunday nomlangan. Chunki arab tilida “Ka'ba” “Kub” degan ma'noni bildiradi. Ka'ba mo'minlarning ikkinchi va asosiy qiblasi bo'lib, birinchi qiblasi “Masjidul Aqso” bo'lgan. Musulmonlarga namoz farz bo'lganida dastlab 16 oy Masjidul Aqsoga qarab namoz o'qishgan. Keyin qibla Ka'baga qarash bilan o'zgargan. Ka'bani dastlab, Ibrohim alayhis salom, o'g'li Ismoil alayhis salom bilan birgalikda tog'dan tosh olib kelib qurishgan.

Ka'ba hozirga qadar necha marta buzilib, qayta qurilgan? Degan savolga tarixchilar har xil ma'lumotni aytadilar. Ba'zilar to'rt marta buzib, qayta qurilgan desalar, boshqalar 5 marta deganlar.

Tarixchilarning rivoyatiga ko'ra Ka'ba Odam alayhis salomdan to hozirga qadar 8 marta qurilgan

  1. Dastlab Odam alayhis salom zamonida Farishtalar qurgan. Odam alayhis salom, Momo Havvo bilan birga jannatdan erga tushirilganda, Odam alayhis salom Hindistondagi toqqa tushgan bo'lsa, Momo Havvo onamiz Makkadagi “Abu Qubays” tog'iga tushgan. Ular 300 yil Allohga yig'lab tavba qilganlaridan keyin Alloh ularning tavbalarini qabul qildi. Keyin ikkalasi, Makkaga yaqin bo'lgan “Arafa” tog'ida bir birlari bilan topishgan. Unda bu Allohning bayti “Baytul Ma'mur” deb nomlangan. Ammo “Baytul Ma'mur”ni Nuh alayhis salomning to'foni vaqtida, dunyo osmoniga Allohning izni ila Farishtalar ko'targan.
  2. Nuh to'fonida osmonga ko'tarilgan uyning o'rnidan Ibrohim alayhis salom o'g'li Ismoil alayhis salom bilan birga bino qurib, uni “Ka'ba” deb nomlagan. Baytning bir burchagiga, tavof qiluvchilar, tavof ibodatining boshlanish va tugash o'rnini bilishlari uchun belgi qo'yilish lozim edi. Shunda Ibrohim alayhis salom o'g'li Ismoil alayhis salomga tog'dan olib kelayotgan toshlaridan, rangi farq qiladigan bitta alohida tosh keltirishga buyurdi. Ismoil alayhis salom tosh axtarib toqqa chiqib ketgan vaqtida, Jabroil alayhis salom jannatdan “Hajarul Asvad”ni olib keldi. U paytda Hajarul asvad shunday yaltirar ediki, unga qaragan kishining ko'zini qamashtiradigan darajada nurli edi. Ammo keyinchalik odamlar Allohga shirk keltirib, Ka'ba atrofida erkagu ayol yolong'och holda ibodat qilishlari natijasida, Hajarul asvad juda ham qorayib ketdi. Bu haqida Payg'ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Hajarul Asvad oqlikda, qordan oppoq bo'lib, jannatdan tushgandir. (Ammo) ahli shirkning gunohlari uni qoraytirib yubordi” degan.

 Ibrohim alayhis salom bilan Ismoil alayhis salomlar Ka'bani qurayotganida toshlarning oralariga loy qo'ymasdan, toshlarning o'zini ustma-ust qalab qo'yishgan edi. Zamonlar o'tib, sel kelishi oqibatida devorlari quladi.

  1. Jurhum qabilasi qurgan. Bu Jurhum qabilasi Amoliqlardan qolgan avlodlar bo'lib, Ismoil alayhis salom va onasi Hojarning izni bilan ularga qo'shni bo'lib yashash uchun arab sahrosiga ko'chib kelishgan edi. bularning davrida ham sel kelib Ka'bani vayron qilgandan so'ng, ular qayta qurishgan.
  2. “Fil voqeasi” dan taxminan 30 yillar o'tib, Qusay ibn Kilob boshchiligida qayta qurildi. Chunki o'sha paytda Quraysh ayollari Ka'baning ichini xo'shbo'y qilish uchun olov yoqib, xushbo'y tutun hosil qilamiz deganlarida Ka'bada yong'in sodir bo'lib, ichidagi barcha narsalar yonib ketdi. Qurayshliklar Ka'bani qurish uchun ribo aralashmagan, halol pul yig'ishadi. Bu pul etmay qolib, “Hatiym” (Ka'baning yonidagi yarim oy shaklidagi devor) ajratib qo'yildi. Ibrohim alayhis salom qurganda Ka'baning eshigi ikkita edi, Qusay ibn Kilob bu qurilishda bitta eshik qo'ydi va eshikning astonasini erdan zina bilan chiqadigan qilib, 2 metr ko'tarib qo'ydi. Ibrohim va Ismoil alayhis salomlar Ka'baning balandligini 4 metr qilgan edi, Makkaliklar 8,5 metr qilib ko'tarishdi.
  3. Hijriy 65 yili Abdulloh ibn Zubayr (r.a) ham buzib qayta qurdi. Bunga sabab, o'sha yili Abdulloh ibn Zubayr roziyollohu xolasi, mo'minlar onasi Oisha roziyollohu anho bilan birgalikda haj qilish uchun Ka'bani tavof qilar ekan, Oisha roziyollohu anho onamiz jiyaniga qarata: “Ey jiyan! Bilasanmi? Mana shu Ka'bani men Payg'ambarimiz sallollohu alayhi vasallam bilan birga tavof qilayotganimda nima degan edi?” dedi. Shunda jiyani Abdulloh ibn Zubayr (r.a): “Ey Holajon! Rasululloh sallollohu alayhi vasallam nima degandilar?” deb so'radi. Oisha (r.a) onamiz: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam menga qarata: “Ey Oisha! Agar sizning qavmingiz meni bu Makkadan quvib yubormaganida men bu eski uyni xuddi Ibrohim va Ismoil alayhis salomlar qurganlaridek qurgan bo'lar edim” dedi” deb, Ibrohim va Ismoil alayhis salomlar qurganda Ka'baning ikkita eshigi bo'lganligini, ostonasi erdan ko'tarilmaganligini, “Hatiym” ham Ka'baga qo'shilgan, baland devor qilib qurilgan ekanligini aytib berdilar. Shunda Abdulloh ibn Zubayr (r.a): “Ey Holajon! Men Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning orzularini amalga oshirsam bo'lmaydimi?” deb so'radi. Shunda Oisha (r.a) onamiz rozilik bildirdi. Shu sabab, Abdulloh ibn Zubayr Ka'bani butunlay buzib tashlab, xuddi Ibrohim alayhis salom qurgandek qilib, qaytadan ko'tardi.
  4. Hijriy 74 yili Hajjoj ibn Yusuf buzib qayta qurdi. Hajjoj ibn Yusufning qayta qurishiga sabab, uning o'zi hijriy 73 yili Hijozning podshosi Abdulloh ibn Zubayr (r.a) qarshi urush qilib, bir oy muddatcha Makka shahrini qamal qilib turdi. Qamal vaqtida Makkaga qarata Abu Qubays tog'iga o'rnatgan 5 ta manjaniqdan katta – katta toshlarni otdi. Bu otilgan toshlar Ka'baning devorlariga tegib, uni butunlay vayron qilib tashladi. Hajjoj bir oycha muddat Makkani qamal qilgach, qal'ani buzib, ichkariga kirib, Abdulloh ibn Zubayrni qatl qildi. Ka'bani o'zining askarlari otgan toshlar vayron qilib tashlaganini ko'rib, darrov uni qayta tiklashga kirishdi. Endi uni Ibrohim va Ismoil alayhis salomlar qurgandek emas, balki Rasululloh sallollohu alayhi vasallam davrida qanday turgan bo'lsa, xuddi shunday qilib qurib qo'ydi.
  5. Hijriy 319 yili “Qarmatiy”lar jamoasining boshlig'i Abu Tohir al-Qarmatiy Ka'bani buzib, “Hajarul Asvad”ni sindirib, Iroqdagi Huziston shahriga olib ketadi. 22 yildan so'ng, Abbosiy hukmdorlarning 21 chi podshosi xalifa Muttaqiy zamonida, ya'ni hijriy 339 yili Hajarul asvadni kichkina – kichkina sakkiz bo'lak qilib, qaytarib berishadi. Hunarmandlar bu bo'lakchalarni maxsus elim bilan bir – biriga birlashtirib, Ka'baga, o'z o'rniga joylashtirib qo'yishadi.  
  6. Hijriy 1040 yili, Usmoniylarning 17 chi podshosi Sulton Murod 4 ham Ka'bani buzib, qayta qurgan. Bunga sabab, hijriy 1039 yili makkada qattiq yomg'ir yog'ishi natijasida katta sel kelib, Ka'baning devorlarining yarmigacha suv chiqib, devorlari yiqilib tushdi. Hatto bir qancha xojilar vafot etib ketishdi. Shunda sulton Murod 4 uni buzib qayta qurdi.

 Ka'baning rangi qora. Bitta eshigi bor. Uning hozirgi bo'yi 15 metr, xajarul asvaddan xatiymgacha 12m, 84sm. Hatiymning ichidan o'lchaganda 11m, 28sm uzunlikda. Hatiym devorining o'zining balandligi 1m, 32sm. hajarul asvad erdan 1m 50sm balandlikka o'rnatilgan. Hajarul asvadning uzunligi 30 sm cha miqdorda, kattaligi 17 sm cha keladi. Hajarul Asvadning atrofi oppoq kumush qoplama bilan o'rab qo'yilgan bo'lib, unga birinchi bo'lib, kumush bilan qoplagan kishi Abdulloh ibn Zubayr bo'ladi. “Multazam” deb hajarul asvad bilan Ka'baning eshigi oralig'idagi joyga nisbatan aytiladi va multazamning uzunligi 2 metr. Sulton Murod 4 Ka'baning eshigini 166 kg keladigan kumushdan yasagan edi. Hozirda esa Ka'baning eshigi 280 kg lik tillodan yasalgan. Yerdan 2m 22sm ko'tarilgan. Eshigining uzunligi 3m 18sm. Eni esa 1m 71sm.  Buni Saudiy podshohlardan bo'lgan Holid ibn Abdulaziz Suriyalik hunarmandlarga yasattirgan.

Ka'ba xuddi kubikka o'xshash bo'lib, uning to'rt tomonidan to'rtta burchagi bor. Birinchisi “Ruknul Asvad”, ikkinchisi “Ruknush Shomiy”, uchunchisi “Ruknul Yamaniy”, to'rtinchisi “Ruknul Iroqiy” deb nomlanadi. Ka'ba po'shtni birinchi yopgan odam Ismoil (a.s) bo'lgan. Ka'baning eshigining kaliti Usmon ibn Talha (r.a)ning urug'ida bo'lib kelgan. Hozir ham shularning avlodlarida.

Ka'baning kisvasi (yopinchig'i) qora rangda bo'lib, eng oliy navli ipak tolalaridan to'qilgan. Yuqori qismida, zar bilan aylantirib, Allohning oyatlari yozilgan.  Dastlab kisva Misrdan olib borilar edi. Sulton Murod 4 zamonidan boshlab Istanbuldan olib boriladigan bo'ldi. Usmoniy hukmdorlarning tanazzulidan keyin Madinaning o'zida kisva tayyorlanadigan bo'ldi.

Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent islom instituti

Katta o'qituvchisi

Rasuljon Toshpulatov

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"O‘rganadigan ilm" nima degani?

23.12.2024   310   4 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.

Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.

Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.

Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.

Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...

Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Maqolalar