Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Islom.uz portalida «Arba'in» hadis musobaqasi o'tkazildi

10.02.2021   1627   11 min.
Islom.uz portalida «Arba'in» hadis musobaqasi o'tkazildi

Mo'min ermastur, ulki iymondin

Ro'zgorida yuz safo ko'rgay,

Toki qardoshig'a ravo ko'rmas —

Nekim o'z nafsig'a ravo ko'rgay.

Alisher Navoiy

 

6-7 fevral' kunlari «Hilol-nashr» nashriyotining majlislar zalida she'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag'ishlab tashkil qilingan «Arba'in» tanlovining erkak va ayol-qizlar o'rtasidagi musobaqasi o'tkazildi.

Ushbu tanlov Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash va mutafakkirning qirq hadis to'plami – «Arba'in»ni bilish ko'nikmasiga asoslandi. «Arba'in» – «qirqta» degani bo'lib, iste'molda qirqta saylanma hadisdan iborat hadis kitoblariga aytiladi. Shu uslubda asar yaratish Islom olamida yaxshi bir an'anaga aylangan. Bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari asos va turtki bo'lgan:

«Kim ummatimga din ishlari borasida qirqta hadisni muhofaza qilib bersa, Alloh uni qiyomat kuni faqih qilib tiriltiradi hamda Qiyomat kuni men unga shafoatchi va guvoh bo'laman».

(Imom Bayhaqiy, Daylamiy, Abu Nu'aym va Ibn Javziylar rivoyat qilgan).

Darhaqiqat, Alisher Navoiyning hayoti va ijodi Allohga iymon keltirgan, Qur'oni Karimdagi har bir oyatni muqaddas deb bilgan, naqshbandiya tariqatini qabul qilgan shoir va mutafakkirning hayoti va ijodidir.

Shuningdek, hadislarning deyarli barchasi komil inson axloqiga oid qarashlarni o'zida aks ettirganini ko'rish mumkin. Bu hadislarda insonlar yaxshilik qilishga chorlanadi, yomon illatlardan qaytariladi, umuman olganda, ular insonning hayot va jamiyatdagi vazifasini anglatadi. Masalan, «Insonlarning eng yaxshisi – insonlarga foydasi tegadiganidir» degan hadisni Alisher Navoiy turkiy tilda shunday ifoda etadi:

Halq aro yaxshiroq, deding, kimdur?

Eshitib, ayla shubha raf' andin.

Yaxshiroq bil ani ulus arokim,

Yetsa ko'prak ulusqa naf' andin.

Umuman olganda, «Arba'in» asari insonning ma'naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Islom.uz portali tomonidan tashkil etilgan tanlovni jamoatchilik vakillaridan iborat hakamlar hay'ati baholab bordi.

Tanlov ikki yo'nalishda o'tkazildi.

Birinchi yo'nalish ishtirokchilaridan hadislarning o'zbekcha tarjimasi va Navoiyning to'rtliklarini ifodali yoddan o'qib berish so'raldi.

Ikkinchi yo'nalishda esa hadislarning arabcha matni va o'zbekcha tarjimasini, hadis roviysini aytish hamda to'rtlikni ifodali yoddan o'qib berish so'raldi.

Har ikki yo'nalishda ham ishtirokchilar bilet tanladi va undagi 4 tadan savolga javob berdi.

Ayol-qizlar o'rtasidagi «Arba'in» tanlovi musobaqa g'oliblari:

Hadisning o'zbekcha tarjimasi va arabcha matni hamda uni roviylari, shuningdek, to'rtliklarni ifodali yod olgan holda aytish berish bo'yicha:

Tanlovning eng kichik yoshdagi qatnashchilaridan biri, toshkentlik Tohiraxon Abbosova oliy o'ringa munosib ko'rildi. Ikkinchi o'rinni Go'zaloy Alisherova, faxrli uchinchi o'rin esa Oisha Mirzajonovaga nasib etdi.

Hadislarning o'zbekcha tarjimasi va to'rtliklarni ifodali yoddan aytib berish yo'nalishi bo'yicha:

Birinchi o'rinni Mahliyo Shuhratova, ikkinchi o'rin esa Shabnam G'aniyevaga hamda uchinchi o'rin Mahfuza Mamajonovaga nasib etdi.

Erkaklar o'rtasidagi «Arba'in» tanlovi musobaqa g'oliblari:

1-yo'nalish bo'yicha Habibulloh O'rinboyev birinchi o'rin, Isfandiyor Shokirjonov ikkinchi va Nodir Murodillayev uchinchi o'rinlarni qo'lga kiritdi.

2-yo'nalish bo'yicha Abubakr Baratov oliy o'rin g'olibi, Qurbon Ismatov ikkinchi hamda Dostonbek Sultonov uchinchi o'rinlarga munosib ko'rildi.

Barcha g'olib va sovrindorlarga, shuningdek, ishtirok etganlarga «Hilol-nashr» nashriyoti tomonidan esdalik sovg'alar topshirildi.

Navoiy hazratlari haqida kun.uz saytida «Navoiy – muzey eksponati emas, u biz bilan yashashi kerak» sarlavhali maqola berildi. Ushbu maqolada Navoiy hazratlari haqida dolzarb va muhim bo'lgan ma'lumotlar yoritib berilgan.

Jumladan, Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti, navoiyshunos olim Akrom Malik shunday deydi: «Keyingi paytlarda shunday bir urinishlar bo'ldiki, Navoiyni dunyoga tanitish kerak». — Buni sun'iy urinish deb baholayman, ya'niki shart bo'lmagan bir ish. Chunki biz hali ajdodlarimizni yaxshi tanimaymiz. Nega o'zimiz yaxshi bilmagan holatda dunyoga tanitishimiz kerak. Garchi turkiy tilda ijod qilgan ijodkor bo'lsa-da, ommatan aytaman, mohiyatiga etib borganimiz yo'q. Har yili an'anaga muvofiq hazrat Alisher Navoiyning ijodini o'rganish, asarlarining targ'iboti odatda 9 fevral arafasida boshlanadi. Agar shu targ'ibot yil davomida olib borilsa edi, «O'zbek Navoiyni o'qimay qo'ysa», deb faryod chekmagan bo'lardik. Yoki «Har bir kalla, har bir bosh Navoiyni o'qishi kerak» deya aytilgan gaplar o'z tasdig'ini topgan bo'lardi.

Shuningdek, «Navoiy tashabbusi bilan Qur'oni karimga ikkita tafsir yozilgan», deya ta'kidlaydi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjidi imom-noibi Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid. — Hazrat Navoiy bosh vazir bo'lib turgan paytlarida Qur'oni karimga xizmat qilish borasida katta e'tibor berganlar. U kishining bevosita tashabbusi bilan fors tilida ikkita tafsir yozilgan. Shulardan birini Husayn voiz Koshifiy yozgan. Shuningdek, «Dorul huffoz» deb nomlangan qorixona ham qurdirgan. Qorixonaga o'zlarining bir to'rtligini ildirib qo'ygan ekanlar.

Bu davrda yo'q sen kebi xushxon hofiz,

Huffoz aro sarhalqayi davron hofiz.

Qur'ong'a sen o'lg'an kebi yakson hofiz,

Bo'lsun sanga barcha ishda Qur'on hofiz.

U kishining faoliyatlari Qur'onga, din ilmlariga mana shunday bog'liq bo'lgan, zotan, u davrda din ilmi, boshqa ilm degan ayirmachilik bo'lmagan. Shuning uchun Navoiyning ijodini Qur'on va hadissiz tasavvur qilolmaymiz.

Afsuski, o'rtadagi dinsizlik davrida xalqimiz asl manbalardan uzoqlashishi oqibatida Navoiy ijodini Qur'ondan ayri holatda talqin qilish davr talabi ham bo'lgan. Halqimiz boshqalarning yuzaki qarashlarini qabul qilishga majbur bo'ldi.

Navoiy ijodida Qur'on oyatlari mazmunini har qadamda uchratamiz. Hadis ma'nolarini uchratamiz, islom aqidasini ko'ramiz. Misol uchun, «Hamsa» ishqiy afsonadan iborat emas, balki tasavvufiy mazmunga ega asar hisoblanadi. Nizomiy Ganjaviy Navoiyning ta'kidlashicha 40 chilla o'tirib yozgan. Chilla o'tirish bu tasavvuf ahlining uzlati hisoblanadi. Allohga uzlat qilib yozilgan asar qanaqasiga tasavvufdan ayri oddiy hikoyalar yoki shahvoniy ishq bo'lishi mumkin.

Navoiyning tasavvufi bu – islom tasavvufi. Bu boshqa bir dinlardan ta'sirlanib shakllangan emas, to'la-to'kis Qur'on va hadis hamda tasavvuf ulamolarining fikrlaridan xulosalangan tasavvuf. Shulardan sizib chiqqan o'z falsafiy qarashlarini nazmda va nasrda bayon qilganlar.

Shuning uchun hech ikkilanmay aytishimiz mumkinki, Navoiy ijodi Qur'on va hadisdagi falsafiy qarashlar, tasavvufiy yondashuvlarning nazmdagi in'ikosi, Navoiy tilidagi jarangi. Islom falsafasi, islom e'tiqodi umuminsoniy tushunchalar bilan juda ko'p jihatdan hamohang, shuning uchun ham Navoiy dunyo miqyosidagi mutafakkir va ayni vaqtda islom falsafasini tarannum etgan mutafakkir.

Ulug' bobokalonimizning meroslarini to'la va to'g'ri tushunish hamda shunday talqin qilish, bu oltin merosni haqiqiy, sof holatda keyingi avlodlarga etkazish biz, farzandlarning sharafli burchimizdir. Bunday ulkan vazifani sharaf bilan ado qilish baxtini hozirgi ilm va ma'rifat kishilariga, alalxusus, Alisher Navoiyga o'zini avlod deb bilgan sizu bizlar – barchamizga Alloh taoloning O'zi nasib etsin!

Islom.uz sayti

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

13.06.2025   5043   4 min.
Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

Qur’oni karimda “ONA” so‘zi ulug‘vor va mo‘tabar narsalarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Shuningdek, Alloh taolo ularga hech kimga nasib qilmagan buyuk maqomni in’om etgan. Bu haqda Alloh taolo Luqmon surasida: “Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir” degan (14-oyat).


Mufassir Ibn Atiyya rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida: “Alloh taolo bu oyatda onaning xizmatini alohida ta’kidlab o‘tgani, onalarning darajasi yuqori ekaniga ishora qiladi”, degan.

O‘z havoi nafslaridan biror so‘z aytmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish kerakligi so‘ralganda uch bora “onangga yaxshilik qil” deb javob berganlar.


Onaning vazifasi – farzandni dunyoga keltirish, boqish va uni tarbiyalab voyaga yetkazish bilan cheklanadimi yoki ularning bundanda boshqa muhim hamda kattaroq mas’uliyatlari bormi?


Bu savolga zamonaviy ilm-fan bizga javob beradi...

Keling, savolga javobni ona qornida rivojlanadigan va ona tanasining ajralmas qismi hisoblangan homiladan boshlaylik. Onaning jismoniy holati va uning ovqatlanishi homilaga ta’sir qilganidek, onaning hissiy holati ham ta’sir qiladi.

2013 yilda Granada (Ispaniya) universiteti olimlari 5 yil davomida tadqiqot o‘tkazishdi. 17 ming nafar onalar va 18 ming chaqaloqlar qamrab olgan tadqiqotda sog‘lom ovqatlanish va emizishning farzand salomatligiga ta’sirini kuzatdilar.

Unga ko‘ra, homiladorlik vaqtida onalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va diyeta qilishi – farzandning sog‘lom tug‘ilishi va rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi aniqlangan. Tadqiqotda onaning aqliy salohiyatining yuqori bo‘lishi farzandga katta ta’sir etishi isbotlangan.

Shuningdek, onaning ruhiy holati homilaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi kuzatilgan. Ruhiy tushkunlik, depressiya, qayg‘u va tashvish ichki stress, xususan, kortizol gormonini keltirib chiqaradi.

Ona tushkunlikka tushganda kortizol farzand miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada bola miya qismidagi o‘zgarishlar sababli bezovtanaladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kortizol gormoni qondagi kislorod miqdoriga, natijada bolaning nafaqat tug‘ma nuqsonlar bilan yoki erta tug‘ilishi, hatto uning butun kelajakdagi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.

Stressni boshdan kechirgan homilador ayollardan dunyo kelgan farzandlarda ruhiy kasalliklar, semirish, qand kasalligi, saraton va asab tizimi kasalliklari ehtimoli ham ularda yuqori bo‘lgan.

Xavotirli yeri shuki, bu alomatlar kelgusi avlodga ham o‘tgan. Ha, uning asorati nafaqat farzandlari, balki nabiralarining hayotlariga ta’sir o‘tkazgan.

 

Onaning bolasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va mehri farzandning maktabdagi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishni, ayniqsa, matematika va chet tillari kabi fanlarni puxta o‘rganish qobiliyatini hamda o‘qish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, bolaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omillardan biri bu – ona-bola o‘rtasidagi iliq munosabatlar sanaladi. Onaning stress holati esa, farzandning miyasiga jiddiy ta’sir qiladi.

Miyaning tubiga kirib borishga imkon beruvchi so‘nggi texnologiyalar onaning mehr-muhabbati bola miyasining gippokampus deb ataladigan qismiga ta’sir qilishi aniqlangan. U xotira hujayralarining yangilanishi, yodlab qolish qobiliyati va stressga javob berish vazifalarini bajaradi.


Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, gippokampus ko‘rsatkichi onasidan mehr ko‘rganlarda mehr ko‘rmagan bolalarga qaraganda yuqori ekani kuzatilgan.

Ruminiyada yoshligidan stressda, beparvo munosabatda ulg‘aygan bolalar ustida olib borilgan tadqiqot natijalarida ularning miya qismida qora tuynuklar borligi aniqlangan.

Gerhard Suyu o‘zining “Muhabbat qanday ta’sir qiladi?” nomli kitobida “Farzandga qilingan har qanday munosabat uning miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Agar farzandga doimiy ravishda qattiqqo‘llik, do‘q-po‘pisa qilinsa, u asabiy, qo‘rqoq, o‘z fikrini erkin bayon eta olmaydigan bo‘lib voyaga yetadi”.

AQSHda 3 mingga yaqin shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ona va bola o‘rtasida sog‘lom hissiy munosabatlar mavjud bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga ijobiy ta’siri 74 yil davom etishi mumkinligini aniqlangan.

Demak, farzandning nafaqat sog‘lom, balki salohiyatli bo‘lishida ham Onalarning o‘rni va mas’uliyati shunchalik yuqori ekan.

 

Davron NURMUHAMMAD