Mo'min ermastur, ulki iymondin
Ro'zgorida yuz safo ko'rgay,
Toki qardoshig'a ravo ko'rmas —
Nekim o'z nafsig'a ravo ko'rgay.
Alisher Navoiy
6-7 fevral' kunlari «Hilol-nashr» nashriyotining majlislar zalida she'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag'ishlab tashkil qilingan «Arba'in» tanlovining erkak va ayol-qizlar o'rtasidagi musobaqasi o'tkazildi.
Ushbu tanlov Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash va mutafakkirning qirq hadis to'plami – «Arba'in»ni bilish ko'nikmasiga asoslandi. «Arba'in» – «qirqta» degani bo'lib, iste'molda qirqta saylanma hadisdan iborat hadis kitoblariga aytiladi. Shu uslubda asar yaratish Islom olamida yaxshi bir an'anaga aylangan. Bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari asos va turtki bo'lgan:
«Kim ummatimga din ishlari borasida qirqta hadisni muhofaza qilib bersa, Alloh uni qiyomat kuni faqih qilib tiriltiradi hamda Qiyomat kuni men unga shafoatchi va guvoh bo'laman».
(Imom Bayhaqiy, Daylamiy, Abu Nu'aym va Ibn Javziylar rivoyat qilgan).
Darhaqiqat, Alisher Navoiyning hayoti va ijodi Allohga iymon keltirgan, Qur'oni Karimdagi har bir oyatni muqaddas deb bilgan, naqshbandiya tariqatini qabul qilgan shoir va mutafakkirning hayoti va ijodidir.
Shuningdek, hadislarning deyarli barchasi komil inson axloqiga oid qarashlarni o'zida aks ettirganini ko'rish mumkin. Bu hadislarda insonlar yaxshilik qilishga chorlanadi, yomon illatlardan qaytariladi, umuman olganda, ular insonning hayot va jamiyatdagi vazifasini anglatadi. Masalan, «Insonlarning eng yaxshisi – insonlarga foydasi tegadiganidir» degan hadisni Alisher Navoiy turkiy tilda shunday ifoda etadi:
Halq aro yaxshiroq, deding, kimdur?
Eshitib, ayla shubha raf' andin.
Yaxshiroq bil ani ulus arokim,
Yetsa ko'prak ulusqa naf' andin.
Umuman olganda, «Arba'in» asari insonning ma'naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Islom.uz portali tomonidan tashkil etilgan tanlovni jamoatchilik vakillaridan iborat hakamlar hay'ati baholab bordi.
Tanlov ikki yo'nalishda o'tkazildi.
Birinchi yo'nalish ishtirokchilaridan hadislarning o'zbekcha tarjimasi va Navoiyning to'rtliklarini ifodali yoddan o'qib berish so'raldi.
Ikkinchi yo'nalishda esa hadislarning arabcha matni va o'zbekcha tarjimasini, hadis roviysini aytish hamda to'rtlikni ifodali yoddan o'qib berish so'raldi.
Har ikki yo'nalishda ham ishtirokchilar bilet tanladi va undagi 4 tadan savolga javob berdi.
Ayol-qizlar o'rtasidagi «Arba'in» tanlovi musobaqa g'oliblari:
Hadisning o'zbekcha tarjimasi va arabcha matni hamda uni roviylari, shuningdek, to'rtliklarni ifodali yod olgan holda aytish berish bo'yicha:
Tanlovning eng kichik yoshdagi qatnashchilaridan biri, toshkentlik Tohiraxon Abbosova oliy o'ringa munosib ko'rildi. Ikkinchi o'rinni Go'zaloy Alisherova, faxrli uchinchi o'rin esa Oisha Mirzajonovaga nasib etdi.
Hadislarning o'zbekcha tarjimasi va to'rtliklarni ifodali yoddan aytib berish yo'nalishi bo'yicha:
Birinchi o'rinni Mahliyo Shuhratova, ikkinchi o'rin esa Shabnam G'aniyevaga hamda uchinchi o'rin Mahfuza Mamajonovaga nasib etdi.
Erkaklar o'rtasidagi «Arba'in» tanlovi musobaqa g'oliblari:
1-yo'nalish bo'yicha Habibulloh O'rinboyev birinchi o'rin, Isfandiyor Shokirjonov ikkinchi va Nodir Murodillayev uchinchi o'rinlarni qo'lga kiritdi.
2-yo'nalish bo'yicha Abubakr Baratov oliy o'rin g'olibi, Qurbon Ismatov ikkinchi hamda Dostonbek Sultonov uchinchi o'rinlarga munosib ko'rildi.
Barcha g'olib va sovrindorlarga, shuningdek, ishtirok etganlarga «Hilol-nashr» nashriyoti tomonidan esdalik sovg'alar topshirildi.
Navoiy hazratlari haqida kun.uz saytida «Navoiy – muzey eksponati emas, u biz bilan yashashi kerak» sarlavhali maqola berildi. Ushbu maqolada Navoiy hazratlari haqida dolzarb va muhim bo'lgan ma'lumotlar yoritib berilgan.
Jumladan, Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti, navoiyshunos olim Akrom Malik shunday deydi: «Keyingi paytlarda shunday bir urinishlar bo'ldiki, Navoiyni dunyoga tanitish kerak». — Buni sun'iy urinish deb baholayman, ya'niki shart bo'lmagan bir ish. Chunki biz hali ajdodlarimizni yaxshi tanimaymiz. Nega o'zimiz yaxshi bilmagan holatda dunyoga tanitishimiz kerak. Garchi turkiy tilda ijod qilgan ijodkor bo'lsa-da, ommatan aytaman, mohiyatiga etib borganimiz yo'q. Har yili an'anaga muvofiq hazrat Alisher Navoiyning ijodini o'rganish, asarlarining targ'iboti odatda 9 fevral arafasida boshlanadi. Agar shu targ'ibot yil davomida olib borilsa edi, «O'zbek Navoiyni o'qimay qo'ysa», deb faryod chekmagan bo'lardik. Yoki «Har bir kalla, har bir bosh Navoiyni o'qishi kerak» deya aytilgan gaplar o'z tasdig'ini topgan bo'lardi.
Shuningdek, «Navoiy tashabbusi bilan Qur'oni karimga ikkita tafsir yozilgan», deya ta'kidlaydi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjidi imom-noibi Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid. — Hazrat Navoiy bosh vazir bo'lib turgan paytlarida Qur'oni karimga xizmat qilish borasida katta e'tibor berganlar. U kishining bevosita tashabbusi bilan fors tilida ikkita tafsir yozilgan. Shulardan birini Husayn voiz Koshifiy yozgan. Shuningdek, «Dorul huffoz» deb nomlangan qorixona ham qurdirgan. Qorixonaga o'zlarining bir to'rtligini ildirib qo'ygan ekanlar.
Bu davrda yo'q sen kebi xushxon hofiz,
Huffoz aro sarhalqayi davron hofiz.
Qur'ong'a sen o'lg'an kebi yakson hofiz,
Bo'lsun sanga barcha ishda Qur'on hofiz.
U kishining faoliyatlari Qur'onga, din ilmlariga mana shunday bog'liq bo'lgan, zotan, u davrda din ilmi, boshqa ilm degan ayirmachilik bo'lmagan. Shuning uchun Navoiyning ijodini Qur'on va hadissiz tasavvur qilolmaymiz.
Afsuski, o'rtadagi dinsizlik davrida xalqimiz asl manbalardan uzoqlashishi oqibatida Navoiy ijodini Qur'ondan ayri holatda talqin qilish davr talabi ham bo'lgan. Halqimiz boshqalarning yuzaki qarashlarini qabul qilishga majbur bo'ldi.
Navoiy ijodida Qur'on oyatlari mazmunini har qadamda uchratamiz. Hadis ma'nolarini uchratamiz, islom aqidasini ko'ramiz. Misol uchun, «Hamsa» ishqiy afsonadan iborat emas, balki tasavvufiy mazmunga ega asar hisoblanadi. Nizomiy Ganjaviy Navoiyning ta'kidlashicha 40 chilla o'tirib yozgan. Chilla o'tirish bu tasavvuf ahlining uzlati hisoblanadi. Allohga uzlat qilib yozilgan asar qanaqasiga tasavvufdan ayri oddiy hikoyalar yoki shahvoniy ishq bo'lishi mumkin.
Navoiyning tasavvufi bu – islom tasavvufi. Bu boshqa bir dinlardan ta'sirlanib shakllangan emas, to'la-to'kis Qur'on va hadis hamda tasavvuf ulamolarining fikrlaridan xulosalangan tasavvuf. Shulardan sizib chiqqan o'z falsafiy qarashlarini nazmda va nasrda bayon qilganlar.
Shuning uchun hech ikkilanmay aytishimiz mumkinki, Navoiy ijodi Qur'on va hadisdagi falsafiy qarashlar, tasavvufiy yondashuvlarning nazmdagi in'ikosi, Navoiy tilidagi jarangi. Islom falsafasi, islom e'tiqodi umuminsoniy tushunchalar bilan juda ko'p jihatdan hamohang, shuning uchun ham Navoiy dunyo miqyosidagi mutafakkir va ayni vaqtda islom falsafasini tarannum etgan mutafakkir.
Ulug' bobokalonimizning meroslarini to'la va to'g'ri tushunish hamda shunday talqin qilish, bu oltin merosni haqiqiy, sof holatda keyingi avlodlarga etkazish biz, farzandlarning sharafli burchimizdir. Bunday ulkan vazifani sharaf bilan ado qilish baxtini hozirgi ilm va ma'rifat kishilariga, alalxusus, Alisher Navoiyga o'zini avlod deb bilgan sizu bizlar – barchamizga Alloh taoloning O'zi nasib etsin!
Islom.uz sayti
Odamlardan biri Zunnundan “Kimni do‘st tutay?” – deb so‘radi. U: “Kasal bo‘lsang shifo beradigan, gunohga qo‘l ursang uni kechirib yuboradigan, so‘rasang beradigan va uning yordamiga muhtoj bo‘lsang senga yordam beradigan Zotni do‘st tut!” – dedi.
Alloh taolodan o‘zga do‘st bormi?! Sajdaga borgan paytingiz ishlaringizni maxfiy tarzda Robbingizga ayting. Zero, U Zot maxfiy narsalardan ham xabardordir. Atrofdagilardan uni maxfiy tuting, chunki muhabbat oshkor aytilmaydi. Muhabbatingizni kechalari tahajjudlarda, sahar vaqtlari namozlaringizda izhor eting.
Ayrim odamlar dinni “Buni qil!”, “Buni qilma!” kabi buyruqlar va taqiqlardan yoki halol va harom tushunchalarining jamlanmasi deb bilishadi va barisining ustida Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat turishini unutib qo‘yishadi. Ishning boshi – muhabbatdir. Muhabbat yo‘qolsa, toatu ibodatlarning bari kishini dindor musulmonga aylantira olmaydi.
Agar siz Allohga muhabbat da’vosida bo‘lsangiz, bu muhabbatingizni hayotingiz davomida ko‘rsating. Gap-so‘zingiz, yurish-turishingiz va amallaringizda ham Allohga bo‘lgan muhabbatingiz aks etib tursin.
Rivoyat qilinishicha, bir kishi safarda sohibjamol ayolga yo‘liqib qolibdi. Va unga qarata: “Sen meni butunlay o‘zingga rom etding. Mening butun xayolim sen bilan band”, debdi. Ayol ham: “Agar aytganingiz rost bo‘lsa, borim sizga fido bo‘lsin. Ammo mening bir ofatijon singlim bor. Mendan anchayin chiroyli. U ortingizda turibdi. Agar istasangiz ikkimizdan birimizni tanlashingiz mumkin”, debdi. Kishi darhol ortiga o‘girilibdi. Shunda ayol uning yuziga bir tarsaki tushiribdi va: “Qorangni ko‘rmay! Firibgar, aldoqchi! Meni sevaman deb, boshqasiga ko‘z olaytirasanmi?! Mening oldimga yalinib kelib, oshiqligingni aytding. Seni sinovdan o‘tkazgandim. Uchiga chiqqan yolg‘onchi ekansan!” – debdi. Shunda u ko‘zlariga yosh olib, o‘ziga-o‘zi shunday debdi: “Bir yaratiqning muhabbatini da’vo qilib, undan yuz o‘girganim uchun yuzimga tarsaki tushdi... Necha martalab Yaratgan Zotga oshiqlik da’vosini qilib, undan yuz burdim. Undan boshqasi bilan ovorayu sarson bo‘ldim. Qalbimga urilgan shapaloqni payqamay qolibman... Nahotki, men qalbi qoplanib qoladigan darajaga yetgan bo‘lsam-a?!” degan ekan. Zero, Alloh taolo aytadi: «Yo‘q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o‘zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir»[1].
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Mutoffifun surasi, 14-oyat.