O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Ankara universiteti Ilohiyot fakul'teti vakillari ishtirokida onlayn-muloqot o'tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Anjuman mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi ko'magida tashkil etildi.
Tadbirda buyuk mutafakkir ajdodimiz, moturidiylik ta'limoti asoschisi imom Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur o'rganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qo'shgan bebaho hissasini tadqiq etish bo'yicha hamkorlik istiqbollari xususida so'z yuritildi. Shuningdek, yosh avlodni ezgu umuminsoniy g'oyalar ruhida tarbiyalash, ularda ma'naviy va ma'rifiy qarashlarimizga yot bo'lgan zararli ta'sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma'rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo'nalishlarini ilmiy asosda o'rganish va keng afkor ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka etkazish borasida hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi.
Tadbirda ikki muassasa o'zaro hamkorligiga oid bayonnoma imzolandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov