Saudiya Arabistoni rassomlari jamoasi Makka ko'chalarini o'ziga xos chiroyli qilish uchun birlashdilar. 14 kundan ortiq vaqt ichida 15 nafar mutaxassis Makkani Toif Al-Hada bilan bog'laydigan Al-Avaliy ko'prigini bezab turgan 33 metrlik freskani yaratdi. Kartina arab hattotligining zamonaviy san'atidan foydalanish bilan ishlab chiqildi. Sunbuli hattotligi 1900-yillarning boshlarida turk hattoti Orif Hikmat tomonidan yaratilgan va Devoniy hattotlik uslubidan kelib chiqqan. Devoniy shrifti qachonlardir Usmonli imperiyasining sultonlari tomonidan ishlatilgan, uning harflari silliq va uyg'un ko'rinishga ega edi. Sunbuli yozuvlarga aniq o'tkir qirralarning berish uchun kichik o'zgarishlarni kiritadi.
Islam.ru ma'lumotlariga ko'ra, Makka munitsipalitetidagi obodonlashtirish va insonparvarlashtirish boshqarmasi boshlig'i Musa bin Sulaymon Al-Sohibiyning aytishicha, yaqin kelajakda bunday kartinalar shahardagi ko'plab ob'ektlarni bezab turadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Mashhur ishbilarmon bilan bo‘lgan suhbatda undan hayotidagi esda qolarli voqea haqida so‘rashdi. U bunday hikoya qilib berdi:
«Bir kuni o‘zimda ikkilanish, taraddudni his qilib, ochiq havoda sayr qildim. Eshigi ochiq turgan bir masjid yonidan o‘tarkanman, o‘zimga-o‘zim: “Kirib ikki rakat namoz o‘qiy”, deya masjidga burildim. Unda bir kishi qiblaga yuzlanib, qo‘llarini ko‘targancha yolvorib duo qilayotgan ekan. Bildimki, biror muammosi bor. U duo qilib bo‘lgach, sekin oldiga bordim:
– Biror muammo bormi?
– Bo‘ynimda qarzim bor, – dedi u. – Shu meni bezovta qilyapti.
– Qancha?
– To‘rt ming.
Saxiyligim tutdi. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, unga to‘rt ming berdim. U juda xursand bo‘lib ketdi va menga rahmat aytib, haqqimga duo qildi. Men tashrif qog‘ozimni berib: “Biror ehtiyojingiz bo‘lsa qo‘ng‘iroq qiling yoki ishxonamga keling”, dedim. Bu taklifdan yanada xursand bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Biroq uning javobi meni hayratda qoldirdi! U aytdiki: “Yo‘q, birodar! Alloh sizni mukofotlasin, bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Men biror ehtiyojim bo‘lsa, ikki rakat namoz o‘qib, qo‘limni duoga ochib, hojatimni Allohdan so‘rayman. Alloh tez orada hojatimni ravo qiladi. Xuddi hozir sizni bu yerga boshlab kelib, vosita qilganidek!..”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimga keldi: “Agar Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, Alloh xuddi qushlarga rizq berib qo‘yganidek rizqingizni yetkazadi. Ular tongda hech vaqosiz chiqib ketib, kech bo‘lganda qorinlarini to‘yg‘azib qaytgani kabi”.
Masjiddan Alloh taoloning quyidagi oyatini takrorlab chiqdim: “Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o‘ta xabardor bo‘lishda Uning O‘zi kifoyadir” (Furqon surasi, 58-oyat)».