Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Tafsir va ta'vil so'zlarining mazmun mohiyati

08.02.2021   2178   2 min.
Tafsir va ta'vil so'zlarining mazmun mohiyati

Tafsir so'zi lug'atda: “izohlash” va “bayon” degan ma'nolarni anglatadi. Ushbu ma'no Qur'oni karimning “Furqon” surasida ham kelgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ular senga biror masal keltirsalar, Biz, albatta, senga haqni va go'zal sharhini keltiramiz”(Furqon surasi, 33-oyat).

Istilohda esa, ulamolar tafsirga turlicha ta'rif berganlar. Shulardan biri Imom Suyutiy bunday ta'rif bergan: “U oyatlarning nozil bo'lishi, qissalari, nozil bo'lish sabablarini bilish. So'ngra, Makkiy va Madaniy oyatlar tartibi, muhkam va mutashobeh bayoni, nosix va mansuxi, xos va ommasi, mujmal va mufassari, halol va haromi, va'da va va'iydi, buyruq va qaytariqlari va shu kabilarni bilishdir”.

Ta'vil lug'atda: “Qaytish” degan ma'noni bildiradi. Ya'ni, so'zni ehtimoli bor ma'noga qaytarish deyiladi. Istilohda esa, salaf ulamolari ta'vilni ikki xil ma'nosi bor deganlar. Birinchisi: bir kalomning tafsiri va uning ma'nosining bayoni. Mana shu ta'rifga binoan tafsir va ta'vil so'zlari o'zaro ma'nodosh (sinonim) hisoblanadi.

Ikkinchisi: kalomdan iroda qilingan narsaning ayni o'zidir. Ya'ni, kalom agar, bir narsani talabi haqida bo'lsa, uning ta'vili: talab qilinganning o'zi hisoblanadi. Agar, kalom xabariy bo'lsa, uning ta'vili: xabar berilgan narsaning ayni o'zi bo'ladi.

Tafsir ulamolari tafsir va ta'vil orasidagi farq borasida turlicha yo'lni tutganlar. Ba'zi olimlar tafsir va ta'vilning ikkisi ham bir ma'noda deganlar. Ayrim olimlar esa, ikkisining orasini farqlaganlar. Shulardan biri Rog'ib Asfahoniy rahimahulloh bunday deydilar: “Tafsir: ta'vilga nisbatan omroq. Ko'pincha tafsir lafzlarda, ta'vil esa, ma'nolarda ishlatiladi. Va yana ta'vil ko'pincha ilohiy kitoblarda ishlatildi. Tafsir esa, ilohiy kitoblarda ham, boshqalarda ham ishlatiladi.

 

Muhammad Yunus Muhammad Muso o'g'li,

Mir Arab Oliy madrasasi talabasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

16.07.2025   1023   2 min.
Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.

Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.

Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.