Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Davriy nashrlarda: Vafotidan so'ng vasiyat qilgan sahoba

07.02.2021   2168   8 min.
Davriy nashrlarda: Vafotidan so'ng vasiyat qilgan sahoba

Sobit ibn Qays roziyallohu anhu ulug' sahobalardan. Ansorlarning notig'i. Uhud jangi va Rizvon bay'ati qatnashchisi. Onasi: Hind binti Ruhm Toia. Boshqa bir o'rinda: “Kabsha binti Voqid. Mo'mina, oqila ayol bo'lgan”, deyiladi. Ona bir aka-ukalari: Abdulloh ibn Ravoha, Amra binti Ravoha. 

Sobit ibn Qays roziyallohu anhu yasribliklar orasida Islomni birinchi qabul qilganlardan. Makkalik o'smir Mus'ab ibn Umayr roziyallohu anhu Qur'oni karimni yoqimli ovozda qiroat qilganda Sobitning qalbi yumshab, Islomga moyil bo'ldi va imon bilan sharaflandi. 

Endi u Yasribga asrlar osha kutilgan Payg'ambar alayhissalomning tashrif buyurishlariga intiq bo'la boshladi. Ham ruhan, ham ma'nan tayyorgarlik ko'rdi. 

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida Sobit ibn Qays u zot alayhissalomni mamnuniyat bilan kutib oldi. So'ng: “Ey Allohning Rasuli, sizni o'zimiz va farzandlarimiz kabi himoya qilamiz. Buning evaziga bizga nima beriladi?” deb so'radi. Nabiy alayhissalom: “Jannat”, dedilar. Jannat so'zini eshitgan sahobalar: “Biz rozimiz, biz rozimiz, biz rozimiz!”, deb baralla aytishdi. Shundan keyin Nabiy alayhissalom Sobitni o'z voizlari etib tayinladilar. 

Sobit ibn Qays roziyallohu anhuning to'ng'ich  farzandi tug'ilganda, uni Nabiy alayhissalom huzurlariga olib keldi. U zot alayhissalom bolaning tanglayini ko'tarib, unga Muhammad, deb ism qo'ydilar. Shu kundan boshlab Sobit “Abu Muhammad” kunyasini oldi. 

Zuhriy aytadi: «Bani Tamim qabilasidan elchilar kelib, notiqlari nutq so'zladi va o'z xutbasidan faxrlandi. Shunda Nabiy alayhissalom Sobit ibn Qaysga: “Tur, ularning notig'iga javob qaytar”, dedilar. Sobit roziyallohu anhu Alloh taologa hamd aytib, so'ng ularga Islom da'vatini etkazdi. Uning xutbasidan Nabiy alayhissalom va musulmonlar xursand bo'lishdi». 

Sobit ibn Qays sahobalar orasida taqvosi, saxovati, shijoati, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga kuchli muhabbati bilan, shuningdek, Alloh taolo yo'lida infoq­ehson qilishni yaxshi ko'rishi bilan ajralib turardi. Bir kuni Sobit musulmonlardan birining uch kun uzluksiz ro'za tutayotgani, iftorga biron egulik topolmayotganini bilib qoldi. Hotiniga borib, bu kecha uyga mehmon olib kelishini, unga sezdirmay chiroqni o'chirib qo'yishini aytdi. Mehmon hech bir xijolatsiz taomga to'yib olmaguniga qadar o'zlari taomdan emasliklarini  tayinladi. Boisi, uylarida bir yoki ikki kishiga etar­etmas taom bor edi. 

Kech kirib, mehmon kelganda Sobitning ayoli o'zini go'yoki pilikni to'g'rilayotganday ko'rsatib, uni o'chirib qo'ydi. Mehmon oldida hammalari taomga qo'l uzatishib, o'zlarini taomlanishayotganday ko'rsatishdi. Mehmon to'yib  olmaguniga qadar, biror luqma eyishmadi. 

Ertasiga Sobit Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga bordi. U zot alayhissalom: “Ey Sobit, mehmoningga qilgan kechagi ishingdan Alloh ajablandi”, dedilar. Shundan so'ng: «Hamda o'zlarida ehtiyoj bo'la turib, (ehson qilishda boshqa muhtojlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o'z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o'shalar (oxiratda) najot topuvchidirlar» (Hashr surasi, 9) oyati karimasi nozil bo'ldi. 

Hujurot surasining: “Ey imon keltirganlar! Amallaringiz o'zingiz sezmagan holingizda zoye bo'lib ketmasligi uchun sizlar ovozlaringizni Payg'ambarning ovozidan yuqori ko'tarmangiz va unga bir-birlaringizga baland ovoz (dag'al so'z) qilgandek baland ovoz qilmangiz!” oyati nozil bo'lganida Sobit ibn Qays Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni qattiq yaxshi ko'rishiga qaramasdan huzurlariga bormay qo'ydi. Uyidan faqat jamoat namozlarini ado etish uchun chiqadigan bo'ldi. 

Bu orada Nabiy alayhissalom Sobitni surishtirib: “Kim bizga u haqida xabar olib keladi?” dedilar. Ansorlardan biri: “Yo Rasululloh, men bilib kelaman”, deb Sobitning uyiga bordi. Uni boshi egik, xafa holda o'tirganini ko'rdi. Keyin: “Ey Abu Muhammad, ahvoling qanday?” deb so'radi. U: “Yomon”, deb javob qildi. Ansoriy: “Nima uchun?” deb so'radi. Sobit: “Bilasan­ku, ovozi baland odamman. Ko'p bor ovozimni Rasululloh alayhissalomning ovozlaridan baland ko'targanman. Bu haqda Qur'oni karimda sen bilgan narsa nozil bo'ldi. Endi o'zimni do'zax ahlidan deb hisoblamoqdaman”, dedi. 

Ansoriy Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib, ko'rgan va eshitganlarini so'zlab berdi. Payg'ambarimiz alayhissalom ansoriyga: “Sobitning oldiga qaytib bor, unga do'zax emas, balki jannat ahlidan ekanini ayt”, dedilar. 

Jannat bashoratini olsa­da, Sobit ibn Qays roziyallohu anhu ilm, amal va ibodatda peshqadamlikni qo'ldan bermadi. Muhammad ibn Jarir ibn Yazid aytadi: «Payg'ambarimiz alayhissalomga: “Ko'rdingizmi, kecha Qays ibn Sobit ibn Shamosning uyida chiroqlar o'chmadi?” deyishdi. Nabiy alayhissalom: “Shoyad Baqara surasini o'qigan bo'lsa”, dedilar. Bu haqda Sobitdan so'rashganda u: “Baqara surasini o'qigandim”, deb javob berdi». 

“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va erda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18) oyati Sobit ibn Qaysga qattiq ta'sir etdi va yig'lay boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam undan yig'isi sababini so'raganlarida u bunday javob berdi: “Qavmimdagi eng rangi qora kishi bo'lishimga qaramay, men go'zallikni yaxshi ko'raman”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Sen oyatda zikr qilinganlar toifasiga kirmaysan. Baxtli hayot kechirib, yaxshilik ustida vafot etasan. So'ng Alloh taolo seni jannatga kiritadi”, deb marhamat qildilar. Bu uning ikkinchi bor jannat bashoratini olishi edi. 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Sobit ibn Qays roziyallohu anhudan rozi holda vafot etdilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifaligi zamonida ridda jangi boshlandi. Bu orada Musaylama Kazzob Yamomada o'zini payg'ambar deb e'lon qildi. Sobit ibn Qays ham boshqalar qatori Yamomaga – soxta payg'ambarga qarshi jang qilish uchun bordi. 

Bir vaqtlar Allohning elchisi aytgan bashoratga erishish uchun o'limga tik boqdi. Jangga kirarkan: “Yo Alloh, ular (kazzoblar) qilgan ishlaridan meni uzoq qil”, deb duo qildi. Mardlik va qahramonliklar ko'rsatib, shahid bo'ldi. 

Sobit ibn Qays roziyallohu anhu vafotidan so'ng sahobalardan birining tushiga kirib, bir odamda sovuti borligi, uni sotib, pulini kambag'allarga ehson qilishini aytdi. Sahoba tushini Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga aytdi. Halifa tushda aytilgan kishiga odam jo'natdi. Haligi odam sovutni e'tirof etdi. So'ng uni sotishib, pulini ehson qilishdi.

Shunday qilib, Sobit ibn Qays vafotidan keyin vasiyatini aytgan yagona inson sifatida tarixga muhrlandi. 

Manbalar asosida Romitan tumanidagi “Mulla Narzi” jome masjidi imom-xatibi
Sunnatulloh FAHRIYeV tayyorladi.
“Islom Nuri” diniy-ma'rifiy gazetasining 2020-yil, 23-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi

17.07.2025   2533   3 min.
Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi

#Sayyor_yig‘ilish

Xabaringiz bor, shu yil haj mavsumida  xurmatli  Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarning hol-ahvollarini so‘radilar.

Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.

Shu tashabbus ayni kunlarda amalga ko‘chib, hojilarimiz mahallalarga kirib, tinchlik va ma’naviyatni targ‘ib etmoqdalar.

Bugun, 16 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.

Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi  raisliklarida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh shakllantirildi.

Abduqahhor domla amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.

Shundan so‘ng tumandagi barcha imom-xatiblar hojilar bilan birgalikda hududdagi 20 ta mahallaga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.

Ajrim yoqasiga kelib qolgan bir oilaga kirilib, ularga hojilar zarur tavsiyalarni berishdi. Oila boshliqlari xato qilganlarini anglab yetdilar.

Tadbir doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan onaxonga maxsus aravacha hadya qilindi. Onaxon ko‘zidagi quvonch yoshlari bilan shu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqab, ularga minnatdorligini izhor qildi.

Ehtiyojmand bir oilaga zamonaviy televizor hamda ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Yosh oilaga adabiy-badiiy kitoblar ulashildi.

Ko‘ngli o‘ksik insonlar holidan xabar olingani tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Bugungi tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashda hojilarimizning xizmati beqiyos ekanini ko‘rsatmoqda.

Aslida imom-xatiblarimiz har kuni shunday xayrli ishlarni amalga oshirmoqdalar. Bugunga kelib bu ish tizimli va keng ko‘lam kasb etib, takomillashib bormoqda.

 

Tadbir ishtirokchilari yana «Mulla Qosim» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.

* * *

Peshin namozidan so‘ng Abduqahhor domla «Mulla Qosim» jome masjidida jamoatga «Shukronalik va tinchlikning qadri» mavzusida mav’iza qilib berdilar.

 

Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish o‘z nihoyasiga yetdi.

* * *

Eslatib o‘tamiz, keyingi shunday tadbir Sergeli tumanida o‘tkaziladi.

Ulashing | @MuslimShosh

Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi
O'zbekiston yangiliklari