Sobit ibn Qays roziyallohu anhu ulug' sahobalardan. Ansorlarning notig'i. Uhud jangi va Rizvon bay'ati qatnashchisi. Onasi: Hind binti Ruhm Toia. Boshqa bir o'rinda: “Kabsha binti Voqid. Mo'mina, oqila ayol bo'lgan”, deyiladi. Ona bir aka-ukalari: Abdulloh ibn Ravoha, Amra binti Ravoha.
Sobit ibn Qays roziyallohu anhu yasribliklar orasida Islomni birinchi qabul qilganlardan. Makkalik o'smir Mus'ab ibn Umayr roziyallohu anhu Qur'oni karimni yoqimli ovozda qiroat qilganda Sobitning qalbi yumshab, Islomga moyil bo'ldi va imon bilan sharaflandi.
Endi u Yasribga asrlar osha kutilgan Payg'ambar alayhissalomning tashrif buyurishlariga intiq bo'la boshladi. Ham ruhan, ham ma'nan tayyorgarlik ko'rdi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida Sobit ibn Qays u zot alayhissalomni mamnuniyat bilan kutib oldi. So'ng: “Ey Allohning Rasuli, sizni o'zimiz va farzandlarimiz kabi himoya qilamiz. Buning evaziga bizga nima beriladi?” deb so'radi. Nabiy alayhissalom: “Jannat”, dedilar. Jannat so'zini eshitgan sahobalar: “Biz rozimiz, biz rozimiz, biz rozimiz!”, deb baralla aytishdi. Shundan keyin Nabiy alayhissalom Sobitni o'z voizlari etib tayinladilar.
Sobit ibn Qays roziyallohu anhuning to'ng'ich farzandi tug'ilganda, uni Nabiy alayhissalom huzurlariga olib keldi. U zot alayhissalom bolaning tanglayini ko'tarib, unga Muhammad, deb ism qo'ydilar. Shu kundan boshlab Sobit “Abu Muhammad” kunyasini oldi.
Zuhriy aytadi: «Bani Tamim qabilasidan elchilar kelib, notiqlari nutq so'zladi va o'z xutbasidan faxrlandi. Shunda Nabiy alayhissalom Sobit ibn Qaysga: “Tur, ularning notig'iga javob qaytar”, dedilar. Sobit roziyallohu anhu Alloh taologa hamd aytib, so'ng ularga Islom da'vatini etkazdi. Uning xutbasidan Nabiy alayhissalom va musulmonlar xursand bo'lishdi».
Sobit ibn Qays sahobalar orasida taqvosi, saxovati, shijoati, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga kuchli muhabbati bilan, shuningdek, Alloh taolo yo'lida infoqehson qilishni yaxshi ko'rishi bilan ajralib turardi. Bir kuni Sobit musulmonlardan birining uch kun uzluksiz ro'za tutayotgani, iftorga biron egulik topolmayotganini bilib qoldi. Hotiniga borib, bu kecha uyga mehmon olib kelishini, unga sezdirmay chiroqni o'chirib qo'yishini aytdi. Mehmon hech bir xijolatsiz taomga to'yib olmaguniga qadar o'zlari taomdan emasliklarini tayinladi. Boisi, uylarida bir yoki ikki kishiga etaretmas taom bor edi.
Kech kirib, mehmon kelganda Sobitning ayoli o'zini go'yoki pilikni to'g'rilayotganday ko'rsatib, uni o'chirib qo'ydi. Mehmon oldida hammalari taomga qo'l uzatishib, o'zlarini taomlanishayotganday ko'rsatishdi. Mehmon to'yib olmaguniga qadar, biror luqma eyishmadi.
Ertasiga Sobit Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga bordi. U zot alayhissalom: “Ey Sobit, mehmoningga qilgan kechagi ishingdan Alloh ajablandi”, dedilar. Shundan so'ng: «Hamda o'zlarida ehtiyoj bo'la turib, (ehson qilishda boshqa muhtojlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o'z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o'shalar (oxiratda) najot topuvchidirlar» (Hashr surasi, 9) oyati karimasi nozil bo'ldi.
Hujurot surasining: “Ey imon keltirganlar! Amallaringiz o'zingiz sezmagan holingizda zoye bo'lib ketmasligi uchun sizlar ovozlaringizni Payg'ambarning ovozidan yuqori ko'tarmangiz va unga bir-birlaringizga baland ovoz (dag'al so'z) qilgandek baland ovoz qilmangiz!” oyati nozil bo'lganida Sobit ibn Qays Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni qattiq yaxshi ko'rishiga qaramasdan huzurlariga bormay qo'ydi. Uyidan faqat jamoat namozlarini ado etish uchun chiqadigan bo'ldi.
Bu orada Nabiy alayhissalom Sobitni surishtirib: “Kim bizga u haqida xabar olib keladi?” dedilar. Ansorlardan biri: “Yo Rasululloh, men bilib kelaman”, deb Sobitning uyiga bordi. Uni boshi egik, xafa holda o'tirganini ko'rdi. Keyin: “Ey Abu Muhammad, ahvoling qanday?” deb so'radi. U: “Yomon”, deb javob qildi. Ansoriy: “Nima uchun?” deb so'radi. Sobit: “Bilasanku, ovozi baland odamman. Ko'p bor ovozimni Rasululloh alayhissalomning ovozlaridan baland ko'targanman. Bu haqda Qur'oni karimda sen bilgan narsa nozil bo'ldi. Endi o'zimni do'zax ahlidan deb hisoblamoqdaman”, dedi.
Ansoriy Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib, ko'rgan va eshitganlarini so'zlab berdi. Payg'ambarimiz alayhissalom ansoriyga: “Sobitning oldiga qaytib bor, unga do'zax emas, balki jannat ahlidan ekanini ayt”, dedilar.
Jannat bashoratini olsada, Sobit ibn Qays roziyallohu anhu ilm, amal va ibodatda peshqadamlikni qo'ldan bermadi. Muhammad ibn Jarir ibn Yazid aytadi: «Payg'ambarimiz alayhissalomga: “Ko'rdingizmi, kecha Qays ibn Sobit ibn Shamosning uyida chiroqlar o'chmadi?” deyishdi. Nabiy alayhissalom: “Shoyad Baqara surasini o'qigan bo'lsa”, dedilar. Bu haqda Sobitdan so'rashganda u: “Baqara surasini o'qigandim”, deb javob berdi».
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va erda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18) oyati Sobit ibn Qaysga qattiq ta'sir etdi va yig'lay boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam undan yig'isi sababini so'raganlarida u bunday javob berdi: “Qavmimdagi eng rangi qora kishi bo'lishimga qaramay, men go'zallikni yaxshi ko'raman”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Sen oyatda zikr qilinganlar toifasiga kirmaysan. Baxtli hayot kechirib, yaxshilik ustida vafot etasan. So'ng Alloh taolo seni jannatga kiritadi”, deb marhamat qildilar. Bu uning ikkinchi bor jannat bashoratini olishi edi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Sobit ibn Qays roziyallohu anhudan rozi holda vafot etdilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifaligi zamonida ridda jangi boshlandi. Bu orada Musaylama Kazzob Yamomada o'zini payg'ambar deb e'lon qildi. Sobit ibn Qays ham boshqalar qatori Yamomaga – soxta payg'ambarga qarshi jang qilish uchun bordi.
Bir vaqtlar Allohning elchisi aytgan bashoratga erishish uchun o'limga tik boqdi. Jangga kirarkan: “Yo Alloh, ular (kazzoblar) qilgan ishlaridan meni uzoq qil”, deb duo qildi. Mardlik va qahramonliklar ko'rsatib, shahid bo'ldi.
Sobit ibn Qays roziyallohu anhu vafotidan so'ng sahobalardan birining tushiga kirib, bir odamda sovuti borligi, uni sotib, pulini kambag'allarga ehson qilishini aytdi. Sahoba tushini Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga aytdi. Halifa tushda aytilgan kishiga odam jo'natdi. Haligi odam sovutni e'tirof etdi. So'ng uni sotishib, pulini ehson qilishdi.
Shunday qilib, Sobit ibn Qays vafotidan keyin vasiyatini aytgan yagona inson sifatida tarixga muhrlandi.
Manbalar asosida Romitan tumanidagi “Mulla Narzi” jome masjidi imom-xatibi
Sunnatulloh FAHRIYeV tayyorladi.
“Islom Nuri” diniy-ma'rifiy gazetasining 2020-yil, 23-sonidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.