Shu yil 6 fevral' kuni Nukus shahridagi Imom Eshon Muhammad jome masjidi katta majlislar zalida Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o'rta maxsus Islom ta'lim muassasasi talabalari 2020-2021 o'quv yili birinchi semestr natijalari bo'yicha tadbir o'tkazildi.
Tadbir Qur'oni karim tilovoti va xayrli duolar bilan boshlandi. Uni bilim yurtining katta o'qituvchisi J.Iskenderov kirish so'zi bilan ochib berdi. So'ng ta'lim muassasasining o'quv ishlari bo'yicha mudiri o'rinbosari S.Kudaybergenovning 2020-2021 o'quv yili birinchi semestr natijalari bo'yicha hisoboti tinglandi.
Shundan so'ng 2020-2021 o'quv yili birinchi yarim yilida barcha fanlarni “a'lo” baholarga o'zlashtirgan talabalarga bilim yurti rahbariyatining “Faxriy yorliq” va qimmat baho sovg'alari topshirildi.
Har bir ota-ona farzandi qo'lga kiritgan yutuqlar bilan faxrlanadi. Joriy o'quv yili birinchi yarim yilini “a'lo” baholarga yakunlagan talabalarning ota-onalariga bilim yurti rahbariyatining “Tashakkurnoma”lari pochta xizmatlari orqali uylariga jo'natildi.
Tadbir davomida bilim yurti yoshlari tayyorlagan “Ta'limda – ustoz va talaba hamhihatligi” mavzusidagi videorolik tadbir ishtirokchilari e'tiboriga havola etildi. Tadbir mahalliy televideniye orqali tasvirga olindi.
Salamat Kudaybegenov
Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy
o'rta maxsus islom bilim yurti o'quv ishlari bo'yicha
mudir o'rinbosari
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.