Ochko'zlik ham zehnni zaiflashtiradi, ruh va aqlni parda bilan o'rab tashlaydi. Bu hol nafsni tarbiyalash va uni nuqsonlardan xalos etishga to'sqinlik qiladi. Bu bilan inson odamiylikdan hayvoniylikka yuz tutadi.
Alisher Navoiy asarlarini so'fiylik nuqtai nazaridan tadqiq qilish bu ulug' allomaning o'zi tom ma'noda so'fiy bo'lganligini namoyon etadi. E'tiqodda qoyim, taqvoda shoyim – bir so'z bilan aytganda, shoirning hayoti va ijodiy faoliyati to'la-to'kis dinimiz ravnaqi, el-yurt rivojiga xizmat qilgan.
Navoiy o'z ijodida nafsning o'pqon ekani haqida ko'p dalillar keltiradi. Jumladan, “Lison ut-tayr” dostonida qushlar o'zlarining rahnamosi – Hudhudga shariatga doir savollar berishadi. Hudhud savollarga javob berar ekan, shariat aqidalarini tasavvufiy ruhda talqin qiladi. Masalan, qushlardan biri so'raydi: “La'nati iblis meni doimo vasvasaga solib, nojo'ya xayollarni ko'nglimga keltiradi, undan qutulish chorasi nimada?”. Hudhud o'z javobida aytadi: “Iblis tashqaridagi g'ayritabiiy kuch emas, balki sening nafsing va xulqingdagi illatlarning ifodasidir, chunki sening qalbing kibru g'urur va nuqsonlarga to'lib-toshgan, ularni ko'rib shaytonning o'zi ham qo'rqib, cho'lu biyobonlarga qochgan bo'lur edi”.
Bu - parhezkorlik, ya'ni o'zni tiyish, hazar qilish. Zotan, Rasululloh (s.a.v.) “Kimki dunyodan parhez etsa, uning nuri tajalliyot nuri kiradigan joyga aylanadi” deganlar.
Navoiy unga shunday ta'rif beradi: “Zuhd dunyo orzularidan kechmoqdur va nafs alarning mavto zahrini ichmoqdur va molu joh xayoli rishtasin ko'nguldin uzmoqdur va nangu nomus butlarin ushaturg'a o'zin tuzmoqdur va qabul umidig'a riyozat tariqin tutmoqdur. Va shariat jodasida mardona turmoqdir”.
Hazrat Navoiy ruhiy istaklar ozaygach, moddiy istaklar ko'payadi, deydi. Ayni tarzda ochko'zlik ham zehnni zaiflashtiradi, ruh va aqlni parda bilan o'rab tashlaydi. Bu hol nafsni tarbiyalash va uni nuqsonlardan xalos etishga to'sqinlik qiladi. Bu bilan inson odamiylikdan hayvoniylikka yuz tutadi.
Zuhd – nafs istaklarini kamaytirish, fikrni uning orzulari ila band etmaslik. Kunni chiroyli matohlar va lazzatli ovqatlar haqidagi suhbat va bahslar bilan o'tkazmaslik. Chunki hayvonlar ham deyarli duch kelgan joyda o'tlaydi, doimiy jun libosida yuradi, ko'p-ko'p uxlaydi. Na o'tmishdan ibrat olish, na istiqbol andishasi bor ularda. Shunday holda hayvonlarning baxtli yoxud izzatli bo'lishlari haqida o'ylab ko'rish mumkinmi? Yo'q, albatta. Bu zuhdga mutlaqo muvofiq kelmaydi. Ammo hech kutilmagan va ta'masiz kelgan ne'matlar qabul qilinadi va shukri lozim bo'ladi.
Alqissa, Hazrat Navoiyning hayoti va ijodini pokiza axloq va go'zal tarbiyaning yuksak namunasi sifatida tadqiq qilish darkor. Sufiyona qarashlar bilan sug'orilgan uning asarlari bugungi kunda ham, qolaversa kelajak uchun ham, ayniqsa yosh avlodni tarbiyalashda muhim o'rin tutadi. Botiniy olamni isloh qilish bilan zohiriy olamni ko'rkamlashtirish ilmi, bu – tasavvuf ekan, uning ta'siri atrofda ham ko'rinadi. Adolat, qanoat, matonat, ma'rifat, shijoat kabi ezgu fazilatlar ulug'langan, yoshlarining qalbida shu kabi sifatlar ma'rifiy yo'l bilan singdirilgan jamiyatda zalolat, jaholat, qabohat kabi illatlarga o'rin qolmaydi.
Zayniddin Eshonqulov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov Toshkent islom instituti talaba- yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvni institut rektori Uyg‘un G‘afurov ochib, mazkur tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi muloqotlar barcha diniy ta’lim muassalarida tashkil etilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida o‘tgan Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Zayniddin Eshonqulov yoshlarga o‘zining hayotiy, ilmiy va kasbiy tajribalarini so‘zlab berdi. Ma’ruzada Diniy idora tizimidagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyat yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Zayniddin domla diniy-ma’rifiy faoliyatda ilm va ma’rifatning o‘rni, kadrlarning vatanparvarlik va axloqiy tarbiyasi va turli yot g‘oyalardan ma’naviy immunitetning shakllangani haqida o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Notiq o‘z so‘zi davomida talaba-yoshlarni sabr-toqat va qat’iy intizom bilan ilm olishga da’vat etdi. Shuningdek, ixlosli bo‘lish va ustozlarni ehtirom qilish muvaffaqiyat kaliti ekanini ta’kidladi.
Yetuk imom-xatib bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘zi ustida ishlash hamda bilim va tajribalarini oshirib borishi lozimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Ana shunday tadbirlar yoshlarning ilm olishi va kelgusidagi kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga xizmat qiladi, rahbar xodimlar esa ular uchun hayotiy namuna bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati