Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

Ruhiy istaklar kamaysa, moddiy istaklar ko'payadi

4.02.2021   2223   3 min.
Ruhiy istaklar kamaysa, moddiy istaklar ko'payadi

Ochko'zlik ham zehnni zaiflashtiradi, ruh va aqlni parda bilan o'rab tashlaydi. Bu hol nafsni tarbiyalash va uni nuqsonlardan xalos etishga to'sqinlik qiladi. Bu bilan inson odamiylikdan hayvoniylikka yuz tutadi.

Alisher Navoiy asarlarini so'fiylik nuqtai nazaridan tadqiq qilish bu ulug' allomaning o'zi tom ma'noda so'fiy bo'lganligini namoyon etadi. E'tiqodda qoyim, taqvoda shoyim – bir so'z bilan aytganda, shoirning hayoti va ijodiy faoliyati to'la-to'kis dinimiz ravnaqi, el-yurt rivojiga xizmat qilgan.

Navoiy o'z ijodida nafsning o'pqon ekani haqida ko'p dalillar keltiradi. Jumladan, “Lison ut-tayr” dostonida qushlar o'zlarining rahnamosi –  Hudhudga shariatga doir savollar berishadi. Hudhud savollarga javob berar ekan, shariat aqidalarini tasavvufiy ruhda talqin qiladi. Masalan, qushlardan biri so'raydi: “La'nati iblis meni doimo vasvasaga solib, nojo'ya xayollarni ko'nglimga keltiradi, undan qutulish chorasi nimada?”. Hudhud o'z javobida aytadi: “Iblis tashqaridagi g'ayritabiiy kuch emas, balki sening nafsing va xulqingdagi illatlarning ifodasidir, chunki sening qalbing kibru g'urur va nuqsonlarga to'lib-toshgan, ularni ko'rib shaytonning o'zi ham qo'rqib, cho'lu biyobonlarga qochgan bo'lur edi”. 

Bu - parhezkorlik, ya'ni o'zni tiyish, hazar qilish. Zotan, Rasululloh (s.a.v.) “Kimki dunyodan parhez etsa, uning nuri tajalliyot nuri kiradigan joyga aylanadi” deganlar.

Navoiy unga shunday ta'rif beradi: “Zuhd dunyo orzularidan kechmoqdur va nafs alarning mavto zahrini ichmoqdur va molu joh xayoli rishtasin ko'nguldin uzmoqdur va nangu nomus butlarin ushaturg'a o'zin tuzmoqdur va qabul umidig'a riyozat tariqin tutmoqdur. Va shariat jodasida mardona turmoqdir”.

Hazrat Navoiy ruhiy istaklar ozaygach, moddiy istaklar ko'payadi, deydi. Ayni tarzda ochko'zlik ham zehnni zaiflashtiradi, ruh va aqlni parda bilan o'rab tashlaydi. Bu hol nafsni tarbiyalash va uni nuqsonlardan xalos etishga to'sqinlik qiladi. Bu bilan inson odamiylikdan hayvoniylikka yuz tutadi.

Zuhd – nafs istaklarini kamaytirish, fikrni uning orzulari ila band etmaslik. Kunni chiroyli matohlar va lazzatli ovqatlar haqidagi suhbat va bahslar bilan o'tkazmaslik. Chunki hayvonlar ham deyarli duch kelgan joyda o'tlaydi, doimiy jun libosida yuradi, ko'p-ko'p uxlaydi. Na o'tmishdan ibrat olish, na istiqbol andishasi bor ularda. Shunday holda hayvonlarning baxtli yoxud izzatli bo'lishlari haqida o'ylab ko'rish mumkinmi? Yo'q, albatta. Bu zuhdga mutlaqo muvofiq kelmaydi. Ammo hech kutilmagan va ta'masiz kelgan ne'matlar qabul qilinadi va shukri lozim bo'ladi.

  Alqissa, Hazrat Navoiyning hayoti va ijodini pokiza axloq va go'zal tarbiyaning yuksak namunasi sifatida tadqiq qilish darkor. Sufiyona qarashlar bilan sug'orilgan uning asarlari bugungi kunda ham, qolaversa kelajak uchun ham, ayniqsa yosh avlodni tarbiyalashda muhim o'rin tutadi. Botiniy olamni isloh qilish bilan zohiriy olamni ko'rkamlashtirish ilmi, bu – tasavvuf ekan, uning ta'siri atrofda ham ko'rinadi. Adolat, qanoat, matonat, ma'rifat, shijoat kabi ezgu fazilatlar ulug'langan, yoshlarining qalbida shu kabi sifatlar ma'rifiy yo'l bilan singdirilgan jamiyatda zalolat, jaholat, qabohat kabi illatlarga o'rin qolmaydi.

Zayniddin Eshonqulov,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yurt tinchligiga hissa qo‘shayotgan barcha – Vatan himoyachisi

14.01.2025   3030   1 min.
Yurt tinchligiga hissa qo‘shayotgan barcha – Vatan himoyachisi

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami yurtimizda milliy g‘urur va fidoyilik ramzi sifatida alohida o‘rin tutadi. Bu kun Vatan himoyasi yo‘lida halollik va jasurlik ko‘rsatgan barcha fuqarolarni qadrlash, ularning hissasini e’tirof etish kunidir. 
 

Vatan himoyachilari nafaqat harbiylar, balki mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan barcha insonlardir. Ular sog‘lom, barqaror jamiyat qurish yo‘lida faoliyat olib borayotgan, ertangi kunning tinchligi uchun mehnat qilayotgan va boshqalarga namuna bo‘layotgan kishilardir. 


Har bir kishi vatanparvarlikni o‘z oilasidan, mahallasidan boshlashi lozim. Otinoyilar, ustozlar va ziyolilar yosh avlodga Vatanga bo‘lgan muhabbatni, uni himoya qilish mas’uliyatini yoshlikdan o‘rgatmog‘i kerak. Chunki kelajak avlodning ma’naviyati va irodasi Vatan mustaqilligini yanada mustahkamlaydi. 


Bugungi kunda yoshlar harbiy bilimlar bilan birga axloqiy va ma’naviy tarbiyaga ham katta ahamiyat berishi kerak. Shu yo‘l bilan ular Vatanga fidoyilik bilan xizmat qilishga tayyor, shijoatli va barkamol shaxslar bo‘lib yetishadi. 


14 yanvar kuni nafaqat bayram, balki Vatanga sadoqat va mas’uliyatni eslatuvchi muhim sana bo‘lib, har birimizga milliy iftixor hissini uyg‘otadi. Tinchlikning qadrini bilish, uni asrash va kelajak avlodga sog‘lom yurt qoldirish barchamiz uchun muqaddas burchdir. 


Rizvon Bahramova,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi