Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2025   |   7 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:13
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2025, 7 Rajab, 1446

Eng nodir asar

4.02.2021   1807   12 min.
Eng nodir asar

U zotning to'liq ismlari - Muhammad Abussuud Afandi ibn Muhyiddin Muhammad ibn Muslihiddin Mustafo Imoduddin Imodiy Iskilibiy Hanafiy yoki Abussuud ibn Muhammad Imodiy bo'lib, “Abussuud Afandi” nomi bilan mashhur bo'lgan faqih va qozi hijriy to'qqizinchi asrning oxirlarida Usmoniylar davlatining Iskilib shaharchasida tavallud topganlar.

Abussuud Afandining tug'ilish sanasi haqida ko'pgina rivoyatlar mavjud bo'lib, ko'pchilik uni 19 safar 896 yil/ 1 dekabr' 1491 yilda tug'ilgan desa, ba'zilar 17 safar 896[1]/30 dekabr' 1490 yoki 19 safar 897/22 yanvar' 1491 yilda deyishadi. Ba'zi tarixchilar esa, uning tug'ilish sanasini 896/1490 yoki 1491 yil deya ko'rsatishadi. Boshqa tarixchilar esa, u hijriy 900[2] yilda tug'ilgan desalar-da, u bilan bir zamonda yashagan tarixchi Toshko'pirzoda  hijriy 898/1493 yilni ko'rsatadi[3]. Ali ibn Boliy o'zining hijriy 992 yilda ta'lif qilgan[4] “al-Iqdul manzum fi zikri ulamairrum”[5] nomli kitobida Abussuud Afandining tug'ilgan joyi Istanbul yaqinidagi Iskilib shaharchasi ekanini, shu sababli unga “Iskilibiy” nisbasi berilganini keltiradi. Buni uning shogirdi asli Iskilibdan bo'lgan Oshiq Shibliy ham tasdiqlaydi.

Uning tug'ilgan uyi ilm va fazl bilan tanilgan xonadonlardan bo'lgan. Shu sababdan ba'zilar Abus-Suudning ta'rifida: “U ilmning bag'rida tarbiya topdi va fazlning ko'ksida yayradi, natijada sharafli ilmlar uchun xizmatda qoim bo'ldi, obro'si baland va olamga mashhur bo'ldi”- deganlar.

Dastlab mudarrislik qilganlar, so'ngra qozilik, qoziaskarlik darajasiga ko'tarilganlar. Usmoniylar davlati devonida ishtirok etganlar. So'ngra Usmoniylar poytaxtida muftiy va shayxulislom mansabini egallaganlar. Poytaxt, viloyatlar va asosiy katta shaharlarda fatvo, va'z va xatiblik hay'atini tashkil qilib, unga o'zi rahbarlik qilgan. Istanbul muftiysi mansabida 30 yil ishlagan, bunday uzoq muddatda undan avval ham, keyin ham hech kim faoliyat ko'rsatmagan. Abussuud Afandi hazratlari Sulton Sulaymon Qonuniy tomonidan chiqarilgan amru-farmonlarning deyarli barchasida bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan[6].

Usmoniylar davlatiga hijriy 699/milodiiy 1299 yilda Usmon ibn Ertug'rul tarafidan asos solingan bo'lib, Sulton Sulaymon Qonuniy davrida (926-974/1520-1566)  o'zining yuksalish nuqtasiga chiqqan. Aynan o'sha davr Abussuud Afandi o'z mansabini egallab turgan davr bo'lgan, chunonchi Usmoniylar davlatida din ulamolari katta obro'-e'tiborga ega bo'lgan.  Hossatan, bu davlat tashkil topganidan keyin uning ibtidosida sulton oshkora ravishda shari'at hukmlaridan tashqariga chiqa olmagan, shuning uchun sulton biror muhim siyosiy ishni amalga oshirishdan oldin unga joiz fatvolarni beruvchi shayxulislomga muhtoj bo'lgan. Shuningdek Abussuud Afandi Sulton Sulaymon Qonuniyning o'g'li Salim II ning hukmronlik davrida (974-982/1566-1574) ham yuqori mansabda bo'lgan. Usmoniylar davlatining  yuksalish davri mobaynida shayxulislomlik va Istanbul muftisi lavozimida o'n oltita shayx o'tgan, ularning ichida Abussuud Afandi eng ko'p davlatga xizmat qilgan. U vafotiga qadar ya'ni 30 yil mobaynida Istanbul muftiysi mansabida ishlagan. U yashab o'tgan davr oddiy davr bo'lmagan, shu bilan birga, u Usmoniy sultonlarining  eng yoshi ulug'i va chiqargan qonunlari bilan “Qonuniy” deb nom qozongan Sulton Sulaymon I bilan o'zaro do'stona munosabatda bo'lgan. Shuningdek, Abussuud Afandi Sulaymon Qonuniyning qonunlarini ishlab chiqishda ham muhim rol o'ynagan.

Usmoniylar davrida etishib chiqqan tafsir ulamolarining ko'pi Qur'oni karimni to'laligicha tafsir qilmasdan balki, avval yozilgan tafsir kitoblariga hoshiya va ta'liqlar yozish bilan kifoyalanishgan. Abussuud Afandi esa, Qur'oni karimni to'liq tafsir etganligidan unga “Sultonul mufassirin, xatibul mufassirin, xotimatul mufassirin” kabi unvonlar berilgan. Abussuud Afandi bu tafsir kitobini arab tilida yozgan bo'lib, uni Qonuniy Sulton Sulaymonga tuhfa qilgan. “Irshodul aqlis salim ila mazayal Kitabil karim” nomli bu kitobida Qur'oni Karim va hadisi shariflarga katta ahamiyat qaratgan, nuzul sabablari, mansux, qissalar, fiqhiy va kalomga oid masalalar, til, qiroat, isroiliyot, muhkam va mutashobih kabi masalalarni keng ochib bergan. She'riy usulni qo'llab, balog'at va ijoz, oyatlar orasidagi munosabatlar kabi tafsir ilmining nozik jihatlaridan mohirona foydalangan. Tafsirida ahli sunna val jamoa aqidasiga mahkam bog'langan holda aqliy zakovatidan to'la foydalanganligidan va oyatlar orasidagi mutanosiblikni mukammal izohlab berganligidan ba'zilar uning bu asarini Zamaxshariyning “Kashshof”, Bayzoviyning “Anvorut tanzil” nomli tafsirlaridan ham ustun ekanligini e'tirof etganlar. Abussuud Afandining o'zi ham Zamaxshariy va Bayzoviyning tafsirlaridan hamda Roziyning “Mafotihul g'oyb”, Nasafiyning “Madorik” nomli tafsirlaridan keng foydalangan.

Haqiqatan ham mazkur tafsir shirin tili, go'zal iborasi bilan boshqa tafsirlardan ajralib turadi. Muallif Qur'onning balog'iy tushunchalarini hech kim qilmagan uslub bilan ochib bergan.

Bu tafsirning fazilati haqida “Al-aqdul manzum fi zikri afozilir – Rum” kitobi muallifi shunday yozadi: “Bu tafsirda hech bir zamonda misli ko'rilmagan va quloqlar eshitmagan narsalar bayon etilgan.

“Al-favoidul baxiyya fi tarojimil-hanafiyya” kitobining muallifi shunday deydi: “Men u tafsirni mutolaa qildim. Undan ko'p foyda oldim. Kitobxonni zeriktiradigan darajada uzun, tushunmovchilik paydo qiladigan darajada qisqa emas, latifa va nuqtalar bilan bezatilgan, foyda va ishoralarni o'zida mujassam qilgan kitobdir”.

“Kashfuz-zununda” aytilishicha, bu tafsirning nusxalari butun olamga tarqalgan, ulamolar huzurida yaxshi qabul qilingan, tili engil. Shu sababdan ulamolar tafsir muallifini (Abus-suudni) “mufassirlarning xatibi” deb nomlaganlar. Qur'on oyatlarining ma'nolarini tushuntirishda juda oson yo'lni tanlagani uchun, biror oyatning tafsirida mujmallik va maxfiylik yo'qdir, o'z navbatida hoshiyaga ham ehtiyoj yo'q.

Ammo “Kashfuz-zununda” aytilishicha, Abus-suudning tafsiriga ikki kishi: ash-Shayx Ahmad ar-Rumiy al-Oq Hisoriy (vafoti 1041) “Ar-Rum” surasidan “Ad-duxon” surasigacha, ash-Shayx Raziyuddin ibn Yusuf al-Quddusiy tafsirning salkam yarmiga ta'liq-ilova yozgan.

Abus-suud o'z tafsirining muqaddimasida, “az-Zamaxshariy va al-Bayzoviy tafsirlariga qattiq ehtimom va e'tiqod qo'ygan, ularni qayta-qayta mutolaa qilgan, ulardan ilhomlanib tafsir yozishga kirishganini aytadi.

Shuning uchun ham u tafsirlardagidek, har bir suraning oxirida keltirilgan, ulamolar tomonidan bil-ittifoq yolg'on va mavzuligiga qaror qilingan hadislarni Abus-suud Afandi ham rivoyat qilgan.

Lekin muallif tafsir uslubida mazkur ikki tafsirni asos qilib olgan bo'lsa-da, az-Zamaxshariyning tafsiridagi mo''taziliy fikrlardan juda uzoq bo'lgan, undan kitobxonni ham tahzir qilgan va tafsirini to'laligicha “ahli sunna” e'tiqodida yakunlagan.

Har bir oyatning tafsirini boshlashdan avval oyatlarning bog'lanishi va o'zaro munosabatlarining bayoniga to'xtaladi. Ahyon-ahyonda munosabatdan avval qiroatlar haqida ham gapirilgan.

Tafsirda isroiliyotlarning ko'p emasligi ham e'tiborga molik. Isroiliy rivoyat keltirilganda ham jazm va qat'iylik bilan emas, zarurat tug'ilganda uning zaifligiga ishora qilib: “rivoyat kilinishicha”, “aytilishicha”-degan so'zlar bilan boshlangan.

Abus-suudning tafsiridagi yana bir kamchilik, u ham bo'lsa, ulamolar bil-ittifok «kazzob» deb xukm kilgan Al-Kalbiy va Abu Solixdan xadis rivoyat kilishidir. Masalan “Saba'” surasining 15-oyati:

لَقَدْ كَانَ لِسَبَإٍ فِي مَسْكَنِهِمْ آَيَةٌ جَنَّتَانِ عَنْ يَمِينٍ وَشِمَالٍ...

“Saba' (aholisi) uchun o'z maskanlarida (Allohning fazliga doir) bir alomat bor edi – o'ng tomon ham, so'l tomon ham bog'-rog' bo'lib...”[7]- oyati tafsirida, oyat mazmunidagi qissani keltirib shunday deydi: “Al-Kalbiy Abu Solihdan rivoyat qilishicha, ularning asli qissalari shunday bo'lgan edi: Amr ibn Omir Saba' avlodlaridan edi. Ikkovining orasida o'n ikki avlod o'tgan. Saba'ning nomi Maziqiyyo ibn Mous-samo' edi. Unga kohinlar Ma'rab qo'rg'onining xarob bo'lishi va Eram seli ikki tarafi jannat misol bo'lgan erni g'arq qilishini xabar qilgan edi”,- deb u qissani va boshqa rivoyatlarni bemalol keltiravergan.

Holbuki, Al-Kalbiyning kazzobligi barchaga ma'lum. As-Suyutiy o'zining “Ad-dyppyl-mancyp” tafsiri xotimasida shunday yozadi: “Ulamolar Al-Kalbiyni yolg'onchi sanaganlar. U kasal bo'lganda: “Men Abu Solih nomidan keltirgan hadislarimning barchasi yolg'ondir”,-deb e'tirof etgan.

Lekin Abus-Sa'ud mazkur va boshqa hadislarning so'nggida (“Alloh taolo biluvchiroq” deb qo'yishi o'sha hadisning sahihligi yoki zaifligida shubha qilishining alomatidir. Abus-Suud fiqhiy masalalarda oyatning ma'nosidan chiqadigan hukmlarda mazhablarning yo'nalishini, xususan hanafiy va shofiiy mazhab fikrlarini shunchaki keltirish bilan kifoyalanadi.

Shuningdek, nahviy masalalarda ham unchalik chuqur ketmagan. Agar bir oyat bir necha e'robiy ko'rinishlarga ega bo'lsa, muallif ulardan birini tarjih qiladi va tarjihiga dalil keltiradi.

Shunday qilib, Abus-Suudning ushbu tafsiri g'oyat nozik did bilan, behuda gap aralashtirmasdan, lo'nda va ochiq, iboralar bilan yozilgan asar bo'lib, keyingi mufassirlarning ko'pchiligi ham unga murojaat qiladilar.

Abussuud Afandi 982 yil jumadul-avval oyining beshinchi kuni 23 avgust 1574 da vafot etadi. Aydarusiy uning vafoti tarixini 952 yil jumadul axir oyi deb ko'rsatadi. Uning janozasiga ulamolar, vazirlar va Devon sohiblari hozir bo'ladi, Sinon Mahshiy “Sulton Muhammadxon” jomeasida uning janozasini  o'qiydi. Sahoba Abu Ayyub al Ansoriy roziyallohu anhu qabristoniga dafn qilinadi. Uning vafoti xabari Masjidul haromda e'lon qilinadi va g'oibona janoza namozi o'qiladi. Istanbul ko'chalaridan biriga uning nomi berilgan.

 

 

 

Manbalar asosida

Muhammadali KATTABOYeV,

“Hidoya” o'rta maxsus islom bilim yurti ARM mudiri,

Toshkent islom instituti Maxsus sirtqi bo'lim 3-bosqich talabasi

 

[1] “Taadiy ilal a'la li zaylish shaqaiq”. -B. 129.  

[2] Abdulqodir Ahmad Ato. “Tafsir Abissuud”. -B. 125.

[3] Abul Abbas Ahmad ibn Muhammad ibn Abilafiya. “Kitabu durratil hijal fi asmair rijal”. -B. 306.

[4] “Taadiy ilal a'la li kitabi shayxislam Abussuud Afandi”. -B. 266.

[5] Ali ibn Lali Bali. “Maxtuta kitabil iqdil manzum fi zikri ulamair rum”. -B. 70.

[6] Muhammad Isom Ali Abdulhafiz Udvon, “Shayxulislam Abussuud Afandi” . (898-982 h/1493-1574m.) -B. 264-265.

[7] “Qur'oni karim ma'nolarining o'zbekcha tarjima va tafsiri”. Shayx Abdulaziz Mansur. Toshkent: 2007 yil 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

7.01.2025   47   2 min.
Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!

Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

Maqolalar